Museyon nima?

Aleksandr Makedonskiyning ulug’ ishlari orasida — ellinistik Misrning poytaxtiga aylanmog’i lozim bo’lgan Aleksandriya shahriga asos solinishi ham bor. Buyuk lashkarboshining vafotidan keyin uning qo’l ostidagi harbiy boshliqlar o’rtasida ulkan imperiyani bo’lib olish va qaytadan bo’lib olish uchun ayovsiz janglar boshlanadi. Aleksandrning Misrda qo’nim topgan izdoshlaridan biri, Ptolemeylar sulolasiga asos solgan Ptolemey I Soter ularda ishtirok etmaydi. Saltanat talashish o’rniga tinch ishlar bilan shug’ullandi: poytaxt Aleksandriya qurilishini adog’iga yetkazdi, Misrda o’z hokimiyatini mustahkamladi. Shak-shubhasiz, Museyonning bunyod etilishi uning hayotidagi eng ajoyib ish bo’ldi. Bu nomni yunonchadan «muzalar dargohi» sifatida tarjima qilish mumkin. Yunon Panteoni-shohsupasida to’qqiz nafar muza bo’lgan. Ulardan ikkitasi fanlar bilan shug’ullanardi. Klio — tarix bilan, Uraniya – astronomiya bilan. Qolganlari kishilarga san’atlarni in’om etdi: Melpomena — tragediyani, Taliya — komediyani, Trepsixora — raqsni, Erato — ishqiy qo’shiqlarni, Kalliopa — epik she’riyatni, Poligimniya — diniy munojotlar kuylashni, Evterpa — lirik she’riyatni. Albatta, muzalarning o’zlari Museyonda yashamagan, muzalar dargohi ehtimol, dunyodagi birinchi ilmiy-tadqiqot instituti bo’lgan. Bu yerda olimlar yashashar va izlanishar edilar. Museyon dunyoning to’rt tarafidan olimlarni, hozirgi paytlarda tilimizga oson ko’chadiganidek ta’birlaydigan bo’lsak, nafaqat baland ish haqi, qolaversa dong’i ketgan kutubxonasi bilan ham jalb etgan edi. Bundan ajablanadigan joyi yo’q, shuning uchun ham Museyonda ko’plab allomalar ijod qilishar edi: yer kurrasining diametrini o’sha zamonlardagi o’ta aniqlikda atigi 75 kilometr yanglish bilan hisoblab chiqqan Eratosfen; 13 jilddan iborat geometriya-handasa ilmi «Ibtido» sining muallifi Evklid; Kopernikdan deyarli 2 000 yil muqaddam Yer Quyosh tevaragidan aylanuvchi shar ekanligini aniqlagan astronom Aristarx Samosskiy; avtomatika asoschisi geronni ular orasida uchratamiz. Museyon Yer yuzida odamzot murdasini yorib ko’rishga qaror qilish imkoniyati bo’lgan yagona dargoh edi. Anatomiya bilan shug’ullangan tabib Gerofil bosh miya, birinchidan, butun asab tizimining markazi, ikkinchidan, fikrlash a’zosidir degan to’xtamga keladi.