Nafas, nafas olish

Nafas, nafas olish — organizmga kislorod kirib, undan karbonat angidrid (SO2) chiqib ketishi, shuningdek, hujayra va to’qimalarda kislorod yordamida kechadigan organik moddalarning oksidlanish-qaytarilish reaktsiyalari natijasida organizm hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan energiya ajralib chiqishidan iborat jarayonlar majmui. Bir hujayrali jonivorlar va tuban o’simliklar Nafas olishidagi gaz almashinuvi hujayralar sirti orqali, yuksak o’simliklarda butun tanadagi hujayralararo qobiq orqali diffuziya yo’li bilan sodir bo’ladi. Tuzilishining murakkablashishi va tana hajmining kattalashib borishi bilan Nafas olish vazifalarini o’tovchi maxsus tuzilma yoki a’zolar hamda qon aylanish sistemasi rivojlana boradi, bu sistemada O2 va SO2 ni bog’lash va tashish xususiyatiga ega bo’lgan qon va limfa aylanib yuradi. Hasharotlarda havo naychalari — traxeyalar, baliklarda — jabralar Nafas a’zolari hisoblanadi. Quruqlik va suvda yashaydigan hayvonlar o’pka bilan birga teri orqali ham nafas oladi. Umurtqali hayvonlar va odamda tashqi Nafas mahsus nafas a’zolarida, to’qima nafasi esa to’qima va hujayralardagi oksidlanish-qaytarilish reaktsiyalarida amalga oshadi. Baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilarda og’iz tubi muskullarining harakati tufayli jabra va o’pkaga havo kiradi. Qushlar, sut emizuvchilar va odamda nerv sistemasini uyg’unlashtiradigan Nafas muskullari (asosan, diafragma va qovurg’alararo muskullar)ning bir tekis qisqarishi tashqi Nafasni ta’minlaydi. Bu muskullar qisqarganda ko’krak qafasining hajmi kattalashib, o’pka kengayadi, bunda atmosfera bosimi o’pka ichidagi bosimdan farq qiladi va o’pkaga havo kiradi (nafas olish — inspiratsiya). Nafas chiqarish (eskpirasiya) passiv (nafas olish fazasida cho’zilgan ko’krak qafasining puchayishi hisobiga) va faol (ba’zi muskullarning qisqarishi yo’li bilan) amalga oshiriladi. Bir gal nafas olishda o’pkaga kiradigan havo miqdori Nafas hajmi deb ataladi. Sut emizuvchilar va odamda gaz almashinuvi, asosan, o’pka alveolalarida sodir bo’ladi va qonga O2 ning faqat 2%i teri orqali tushadi. O’pka orqali bir daqiqada o’tuvchi havo miqdori — minutlik nafas hajmi (MNH) deb yuritiladi. Odam tinch turganda bu ko’rsatkich 5-8 l/ min, jismoniy ish qilganda esa 100 l/ min va undan ortiqroq chiqishi mumkin. Alveolyar havo va venoz qon (o’pka kapillyarlaridagi) orasidagi gaz almashinuvi O2 (60-70 mm simob ust.) va SO2 (7 mm simob ust.) parsial bosimlarning har xilligi tufayli alveola-kapillyar membrana (odamda membrananing umumiy yuzasi qariyb 90 m2) orqali amalga oshadi, O2 qonda gemoglobin mole-kulasiga bog’lanib tashiladi. Yetib borgan joyida O2 to’qimaga o’tadi, bu jarayon arterial qon (100 mm simob ust.) va to’qimalardagi (0-40 mm simob ust.) nomutanosib partsial bosim hisobiga yuz beradi. SO2 ham to’qimadagi qonga va qondan Alveolalarga parsial bosimning o’zgarishlari hisobiga utadi: to’qimalarda 60 mm atrofida, venozdagi qonda — 47 mm, alveolalarda 25 mm simob ust. SO2ning 80%i qonga ishqoriy metallar (bikarbonat), kam qismi esa gemoglobin bilan birikkan holda (karbgemolobin) bo’ladi. Gaz almashinuvining jadalligi Nafas koeffisienti biln ta’riflanadi. Hayvonlar va odamlarda bosh miya po’stlog’i, buyrak, yurak to’qimalarining O2 ga ehtiyoji katta. Nafas Markaziy nerv sistemasi tomonidan idora etiladi. Nafas olish muskullarining reflektor qisqarishini ta’minlovchi harakat nervlarining yadrolari orqa miya kulrang moddasining oldingi shoxlarida joylashgan. Nafas olish va chiqirishning birtekis ishlashini, uzunchoq miyada joylashgan Nafas markazi (nm) ta’minlaydi. Miyaning «Varoli ko’prigi»da pnevmotoksik markaz mavjud bo’lib, u nm bilan birga Nafas jarayonini boshqaradi. Nafas nazoratida qondagi SO2 miqdorining ahamiyati katta, bu miqdorning oshishi muskullar qisqarishini kuchaytiradi va MNHni oshiradi, natijada organizmdan ortiqcha SO2 chiqariladi. Uyqu arteriyalarida reseptorlar mavjud bo’lib, ular qonning kimyoviy tarkibini nazorat qilib boradi va nmga qondagi O2 hamda SO2 miqdorining o’zgarishi to’g’risida axborot beradi. Uzunchoq miyaning sirtqi qismida joylashgan xemoreseptorlar orqa miya suyuqligidagi SO2 miqdorining o’zgarishini sezadi. Nafas nazorati nafaqat O2 va SO2 parsial bosimini me’yorda ushlab turishga, balki bu ko’rsatkichlar uzgarishining oldini olishga ham qaratilgan. O’simliklarning hamma a’zo, to’qima va hujayralari Nafas oladi. Nafas olish jadalligi o’simlikning turli qismida turlicha. Eng yuqori Nafas yosh, tez o’suvchan a’zo va to’qimalarga xos. Butun o’simlikda eng avval reproduktiv a’zolari, keyin barglari, poyasi va ildizlari Nafas oladi. Yorug’likni sezuvchi tog’ o’simliklarida Nafas olish jarayoni yuqori, soyabondoshlilarda esa aksincha. tashqi muhit harorati oshishi bilan Nafas olish kuchayib boradi, harorat har 10°ga oshganda 2-3 marotaba ko’payadi. Ammo ma’lum bir eng yuqori nuqtaga yetgach, Nafas susayib, 45— 50°da to’xtaydi. Past haroratda o’simliklarning Nafas olishi keskin kamayadi, Lekin qishlaydigan o’simlik a’zolarida Nafas qisman saqlanib qoladi. O’simliklarga mexanik va kimyoviy omillar bilan ta’sir ko’rsatilishi natijasida ham Nafas kuchayadi. O’simliklar o’sgan sari Nafas olish jadalligi o’zgarib boradi. Quruq uruglar juda past Nafas oladi, urug’lar unib chiqqach va keyinchalik Nihol o’sishi davomida ularning Nafas olishi bir necha ming marotabagacha oshadi. O’simliklarning faol o’sish bosqichi tugashi bilan to’qimalarining Nafas olishi susayadi, bu hujayra protoplazmasidagi qarish jarayonlari bilan bog’liq. Urug’lar va mevalar pishishi bilan Nafas tezligi kamayadi.