Najmiddin Komilov (1937-2012)

Najmiddin Komilov (1937.5.10, Panjikent tumani, Tojikiston – 2012, Toshkent) — adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori (1975), professor (1991).

SamDUning filologiya fakultetini tugatgan (1965). O‘zbek sovet entsiklopediyasi Bosh tahririyatida katta muharrir (1970—71), ToshDUda katta o‘qituvchi (1971—75), Toshkent sharqshunoslik instituti kafedra mudiri (1991—94; 2001 yildan), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant (1994—95), Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi prorektori (1995—99), O‘zbekiston Respublikasi markaziy saylov komissiyasi raisi (1999-2001) bo‘lib ishlagan.

Najmiddin Komilov dastlab tarjima va qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjima tarixining nazariy masalalari bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. Matnshunoslik va adabiy janrlar taraqqiyoti bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi. Keyingi yillarda uning ilmiy faoliyati tasavvuf tarixi, asosiy yo‘nalishlari, tariqat, shariat, haqiqat tushunchalariga qaratildi. Shu yo‘nalishda u Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Ibn Arabiy, Nasafiy, Bahouddin Naqshband ta’limotlari mohiyatini ochib berdi.

Farididdin Attorning «Ilohiynoma», S. Valadning «Maorif», A. Nasafiyning «Zubaydat ul-haqoyiq» va Husayn Voiz Koshifiyning «Futuvvatnomai sultoniy» asarlarini tarjima qildi.