Najmiddin Kubro maqbarasi

Najmiddin Kubro maqbarasi — ko’hna Urganchdagn me’moriy yodgorlik (14-asr 20-30-yillari). Sufiylikdagi kubraviylik oqimining asoschisi, shoir, olim va Shayx Najmiddin Kubro nomi bilan bog’liq. Maqbara 3 xona (Najmiddin Kubro sag’anasi joylashgan katta xona, bir necha qabrlari bo’lgan kichik xona va ziyoratxona)dan iborat. Miyonsaroy va xonalar gumbaz tomli, o’zaro bir-biri bilan bog’langan. Bosh tarzi chuqur ravoqli, peshtoq-gumbazli, koshinkori naqsh bilan hoshiyalangan, yozuvlarida qurilgan yili saqlangan, peshtoq yuqorisi muqarnasli sharafa bilan yakunlangan. Peshtoq devorlari va sag’ana oq, ko’k, havo rang va jigarrang koshin bilan qoplangan. Yog’och o’ymakorligida ishlangan eshigiga islimiy naqsh tushirilgan. Katta xonaning ichki gumbaz osti bag’ali qalqonsimon, 16 qirrali, 4 burchagi toqu ravoqli, ganchkori muqarnaslar bilan bezatilgan. Xona o’rtasidagi sag’ana o’ziga xos milliy uslubda ishlangan. Bu keyinchalik Xorazm me’moriy yodgorliklarida namuna sifatida keng qo’llanilgan. Najmiddin Kubro maqbarasida Xorazm me’morligida musavvir va koshinpazlar tomonidan erishilgan barcha yutuqlar namoyon bo’lgan.