Napoleon I

Napoleon I, Napoleon Bonapart (1769.15.8, Ayachcho shahri, Korsika oroli — 1821.5.5, Muqaddas Yelena oroli) — Fransuz davlat arbobi va sarkardasi, Frantsiya Respublikasining birinchi konsuli (1799-1804), Frantsiya imperatori (1804-14 va 1815). 10 yoshida Frantsiyaning Oten kollejiga kirgan, so’ng o’sha 1779 yilda Brienn harbiy o’quv yurtiga ko’chirilgan. 1784 yil mazkur o’quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlab, Parij harbiy maktabiga (1784-85) o’tgan. 1785 yil podporuchik unvonida armiya xizmatini boshlagan. Maxsus, umumiy ilmiy, falsafiy, siyosiy, badiiy adabiyotni o’qib o’rgangan. Ilg’or frantsuz ma’rifatparvarlari ruhida tarbiyalangan Napoleon I 1789 yil Buyuk frantsuz inqilobini iliq kutib olgan. 1792 yil Yakobinchilar klubiga a’zo bo’lgan. U Parij shahri garnizoni qo’mondoni va 1796 yilda Italiyada harakat qilayotgan frantsuz armiyasining bosh qo’mondoni etib tayinlangan. Italiya kompaniyasida Napoleon I o’zini buyuk sarkarda ekanligini namoyon qilgan. G’olib sifatida Parijga kirib kelgan Napoleon I Misrga harbiy yurish qilish haqidagi qarorini direktoriyadan o’tkazgan. Lekin, o’z xohishi bilan u Misrni tashlab, 1799 yil oktabrda Parijga qaytib kelgan va 9-10 noyabrda davlat to’ntarishi o’tkazib, konsullkk rejimini joriy etgan va amalda butun hokimiyatni o’z qo’liga olgan. U inqilob qo’lga kiritgan demokratik yutuqlarni bekorga chiqargan. Ammo, iqtisodiy sohada inqilob samaralarini, shu jumladan, mulkni qayta taqsimlash tadbirini himoya qilgan, sanoat va savdoning rivojlanishiga katta e’tibor bergan. 1800 yil frantsuz bankiga asos solgan. 1802 yil Napoleon I o’zini umrbod konsul etib tayinlanishiga erishgan. 1804 yilda esa imperator deb e’lon qilingan. Yangi burjua monarxiyasini mustahkamlash maqsadida Napoleon I 1-xotini Jozefina bilan nikohni buzgan va 1810 yil Avstriya imperatori Frans I ning qizi Mariya Luizaga uylangan. Buyuk davlatlar Ittifoqiga qarshi olib borgan zafarli urushlari, Marengo (1800), Austerlis (1805), Iena (1806)dagi ajoyib g’alabalari, imperiya hududini tez sur’atda kengayishi, Napoleon I ni amalda butun G’arbda (Angliyadan tashqari) va Markaziy Yevropada hukmdorga aylanishi uning shon-shuhratini yanada oshirgan. 1812 yilda Rossiyaga qarshi yurishidagi mag’lubiyatidan so’ng Napoleon I o’zini o’nglay olmadi, uning «buyuk armiyasi» tor-mor qilindi, Yevropada Napoleon I zulmiga qarshi xalq-ozodlik harakatlari ko’tarildi. Napoleon I ga qarshi ittifoqchilarning harbiy uyushmalari vujudga keldi. So’nggi urushlarda Napoleon I ning mag’lubiyatga uchrashi, ittifoqchi qo’shinlarning Parijga kirib kelishi (1814 yil 31 mart), uni taxtdan voz kechishga majbur qildi (1814 yil 31 mart). G’olib ittifoqchilar Napoleon I ning imperator unvonini saqlab qolib, Elba orolini uning ixtiyoriga berdilar. Napoleon I ning Frantsiyaga qaytadan kirib kelishi (1815 yil 1 mart) va «yuz kun» deb atalmish davrda (1815 yil 20 mart — 22 iyun) uni 2-marotaba taxtni boshqarishi mamlakatda Napoleon I ni qo’llab-quvvatlaydigan ijtimoiy kuchlar hali ham mavjudligidan darak berardi. Ammo Vaterloo jangida u ittifoqchilar armiyasi tomonidan tor-mor qilindi va 1815 yil 22 iyunda batamom taxtdan voz kechdi. Muqaddas Yelena oroliga surgun qilingan Napoleon I 6 yildan so’ng inglizlar asirligida vafot etgan. 1840 yil uning xoki Parijga Nogironlar uyiga kuchirib keltirilgan. Napoleon.I harbiy qo’shinlarni kasbiy (professional) armiyaga aylantirdi. Yevropada eng ilg’or hisoblangan Fransuz qurolli kuchlarini yaratish, ularni harbiy san’atga o’rgatishga, strategiya va taktikani takomillashtirishga zamin yaratdi. U dushmanni tor-mor etishning asosiy yo’li unga qarshi qat’iy jang qilishdan iborat deb hisoblardi. Napoleon I strategik tashabbusning roli va ahamiyatiga alohida urg’u bergan. Napoleon I ning sarkardalik mahorati jahon harbiy san’atiga chuqur ta’sir ko’rsatgan. Ad.: Manfred A. Z., Napoleon Bonapart, M., 1971; Tarle E., Nashestvie Napoleona na Rossiyu. 1812 god, M., 1938; Tarle E. V., Napoleon, M., 1957; Levis- kiy N. A., Polkovodcheskoe iskusstvo Napoleona, M, 1938. Temur G’iyosov.