Naqsh

Naqsh (Arabcha — tasvir, gul) — qism (taqsim)lari muayyan tartibda bir maromda takrorlanishidan hosil bo’ladigan handasiy shakllar, o’simlik, qush, hayvon va b.ning uslublashtirilgan tasvirlaridan tarkib topgan bezak (gul). Turli narsalar (ashyolar, qurol, mato, mebel, kitob va hokazolar), me’moriy inshootlar (ham ichki, ham tashqi bezaklar), nafis san’at (asosan, amaliy san’at) asarlarida keng qo’llanadi, ayrim xalqlarda, shuningdek, odam tanasini bezash (tatuirovka, bezash)ga mo’ljallanadi. Narsaning sirtini bezayotgan Naqsh uning tuzilishini yuzaga chiqaradi va uning badiiy sifatini oshiradi. Naqsh yo mavhum shakllardan tuziladi, yo aniq mavzulardan uslublashtiriladi. Ishlanayotgan xom ashyosiga ko’ra, Naqsh ishlashning turli-tuman uslub va usullari mavjud: o’yma (ganch, yog’och, mis, tosh, marmar va boshqalar), bo’yama (qog’oz, mato, ganch, yog’och, sopol va boshqalar), chok yordamida tikma (kashtado’zlik, zardo’zlik va boshqalar), zarb qilib, quyib (zargarlik, miskarlik va boshqalar), to’qima (gilamchilik, to’qimachilik va boshqalar), qadama (inkrustasiya, panjarasozlik va boshqalar) va boshqalar. Naqshning paydo bo’lishi haqida aniq ma’lumotlar yo’q. Naqsh tarixi insoniyatning badiiy madaniyati kabi qadimiydir. Arxeologik materiallar Naqshning jahondagi barcha xalqlarda qadimdan mavjud bo’lganligini ko’rsatadi. Metall, sopol buyum, idish, qurollar paleolit, neolit davrlarida oddiy handasiy shakllar qatorida o’simliksimon Naqshlar bilan ham bezatilgan. Naqsh turli o’lkalar, turli xalqlarda geografik muhit, o’simlik va hayvonot dunyosi, madaniyati ta’sirida turlicha rivoj topgan. Masalan, Shimol o’lkalari Naqshlarida archa, chorvadorlarda mol shoxi, dexdonlarda uzum bargi va g’ujumi, o’troq aholida gul, anor, bodom, qalampir tasvirlari ko’p uchraydi. Yevropada turli davrlarda hukmron bo’lgan badiiy uslublar (Barokko, gotika, klassisizm va boshqalar) Naqshga ham o’z ta’sirini ko’rsatgan. Uyg’onish davrida, ayniqsa, yuksak jozibadorlikka erishgan. 19-asrning oxiridan boshlab shu davrda vujudga kelgan turli oqimlar Naqshni atayin kam ishlatdi, xatto undan butunlay voz kechishgacha bordi. Naqsh san’ati O’rta Osiyo madaniyati tarixida juda qadimgi bo’lib, o’ziga xos namunalari bilan ajralib turadi. Arxeologik topilmalar Naqshning xilma-xil va rang-barang namunalaridan darak beradi. Me’moriy yodgorliklarda Naqshning ancha mukammal, o’ziga xos va yuksak san’atkorlik bilan yaratilgan nusxalarini uchratish mumkin. Xalq amaliy san’atining har bir turida (xususan, kashtado’zlik, gilamchilik, o’ymakorlik, ganchkorlik, naqqoshlik kabi) Naqshning shakliy imkoniyatlari naqadar keng va boy ekanligi yaqqol kuzatiladi. O’rta Osiyoda Naqshlar keng tarqalgan bo’lib, ular, asosan, 2 turga bo’linadi: handasiy shakl va chiziqlardan iborat eng murakkab Naqsh turi — girih, keng tarqalgan o’simliksimon Naqsh — islimiy. Har bir Naqshning o’z qonun-qoidalari bor: taqsim va bo’laklar aniq o’lchamda, uyg’un bo’lishi, ranglar did bilan tanlangan, o’zaro mutanosib bo’lishi lozim. Bu naqqosh ustadan katta mahorat, malaka talab qiladi. O’rta Osiyoda eng qadimgi Naqsh namunalar, asosan, me’moriy inshootlarda saqlangan; Naqshning ajoyib namunalari ganch, yog’och va toshni o’yib, ba’zan bo’yab ishlangan. Naqsh hisobiga keng taraqqiy etdi, naqqoshlik jadal rivojlandi. Bino, buyum, idish, kiyim, qurollar aksariyat Naqsh bilan bezatildi; masjid, madrasa, maqbaralarni xashamdor qilishda Naqsh muhim o’rin egalladi. Shu davrda me’morlikda g’ishtni turlicha qalab Naqsh hosil qilish san’ati yuksak darajaga ko’tarildi. Binolarning yog’in tushmaydigan joylari ganch va yog’och o’ymakorligi, bo’yama Naqshlar bilan bezatildi. Jumladan, me’moriy yodgorliklardan O’zgandagi maqbaralar (interer, devor, peshtoq, ravoqlar) g’ishtin nafis naqshlangan. 14-15-asrlarda koshinkoriy Naqshlar yaratildi (ko’hna Urganchdagi To’rabekxonim ko’shki, Samarqanddagi Shohizinda ansambli, Dilkusho ko’shki — Ishratxona va boshqalar). Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklari davrida xalq ustalari san’ati ayniqsa shaharlarda o’sdi, Naqsh, naqqoshlik ham yanada rivojlandi. Xudoyorxon o’rdasi (Xiva), Sitorai Mohi Xosa (Buxoro), Toshhovli (Xiva) va boshqa binolar mohir ustalar tomonidan nafis Naqshlar bilan bezatildi. Bu esa O’rta Osiyoda Naqshning o’ziga xos uslublari vujudga kelganligini ko’rsatadi. Buxoro Naqshi eng murakkab, mukammal va jozibador bo’lib, ko’p asrlik ijodiy mehnat an’analari samarasidir; Naqsh bezak bo’lish bilan birga binokorlikning ajralmas qismiga aylangan. Juda murakkab girihlar puxta o’lcham bilan ishlangan, gul Naqshlari o’ziga xosligi bilan (gul Naqshda vaza, kosa, guldonlar uslublashtirilib, ularda gul butalari aks ettirilgan, yaproq, mevalar tasvirlari bir maromda berilishiga alohida e’tibori bilan) ajralib turadi. Xiva Naqshi (yulduzlar hosil qiluvchi girihlar orasida o’simliksimon gullarni mahorat bilan joylashtirilishi, barg shaklidagi bezaklarning ko’pligi, o’simliksimon tasvirlar zich, ko’p va turli-tumanligi bilan mashhur. Farg’ona Naqshi Marg’ilon, Xo’jand, Qo’qon, Fargona, Namangan va boshqa shaharlarda vujudga kelgan uslublardan iborat. Me’moriy yodgorliklar (Qo’qondagi Modarixon daxmasi va Daxmai Shohon), 19-asrda yaratilgan Naqshlarda sodda rang-baranglik (sariq, qizil, yashil, qora, oq, ko’k, pushtirang), Naqsh qismlarining ancha jo’nligi ko’zga tashlanadi. Farg’ona Naqshining o’ziga xos jihatlari: bino devorlariga mehrobi namoyonlar ishlanib, ular hoshiya Naqsh bilan bir-biridan ajratiladi, hoshiyalar orasiga girih, qolgan qismlarga o’simliksimon gullar ishlanadi. Ularda Buxoro, Xiva Naqshlarining ta’siri seziladi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridagi Naqshlarda Yevropa Naqshlarining ham ta’siri bor. O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekiston hududida yaratilgan ro’zg’or buyumlari, asbob va qurollar, uy va inshootlarni Naqsh (bezak)siz tasavvur qilish qiyin. O’rta Osiyoda ishlangan bezakli buyumlar, matolar xalqaro bozorlarda ham qadrlangan. Turli o’lkalar bilan madaniy-iqtisodiy aloqalar Naqshning rivojiga ham sezilarli ta’sir ko’rsatgan. 20-asr boshqa sohalar qatorida amaliy san’at an’analarining yangi rivojlanish davri bo’ldi. 30-yillardan yirik jamoat va ma’muriy binolar qurilishi rivojlandi, badiiy buyumlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Alisher Navoiy teatri, Muqimiy teatri, O’zbekiston tarixi muzeyi, xalqlar do’stligi saroyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, «xotira» maydoni, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Oliy Majlis, O’zbek milliy drama teatri, O’zbekiston konservatoriyasi binolarining turli texnika, usullar bilan ishlangan Naqshlar hisobiga kurkam qilingani qadimgi an’analarning tiklanganligi, yangi mazmun bilan boyib borayotganligiga yorqin dalildir. Xalq ustalari usta Shirin, Yu. Musayev, T. Arslonkulov, Q. Jalilov, Sh. G’afurov, S. Xo’jaev, N. Ibrohimov, M. Qosimov, U. Zufarov, Q. Haydarov, U. Ahmedov, O. Polvonov, T. To’xtaxo’jaev, O. Qosimjonov, J. Hakimov, Yo. Ranaqsh bilan bezatilgan quticha (20-asr o’rtalari, Toshkent). ufov, A. Boltaev, aka-uka J. va B. Jalilovlar, S. Xudoyberganov, H. Rahimov va boshqalar yaratgan asarlar 20-asr o’zbek milliy naqqoshligining yorqin namunalariga aylandi. Kulollik, zardo’zlik, kashtado’zlik, gilamchilik, zargarlik, kandakorlik va boshqa sohalarda Naqsh bilan bezatilgan badiiy buyumlar turmushga Fayz kiritadi. Ustalar yangi usullarni qo’llab, yangi mazmun bilan boyitilayotgan Naqshlar yaratmoqda. Bu jarayonda naqqoshlardan M. To’raev, A. Ilhomov, S Mahmudov, Q. Shoislomov, H. Nuraliev, A. Asqarov, O. Fayzullayev, S. Shukurov va boshqa yirik ustalar shogirdlari bilan qatnashdilar. Ular yaratgan bezaklarda «kundal», «mehrobi», «bodom», «buta», «chorgul», «shobarg», «Oygul», «zanjira» Naqsh turlari ko’p uchraydi. Ushbulardan ko’rinadiki, O’zbekiston mustaqilligidan keyin barcha san’atlar qatorida amaliy san’at turlari, shulardan Naqsh, naqqoshlik, yog’och va ganch o’ymakorligi ham jadal rivojlanmoqda, ularda qadimgi unutilayotgan an’analar qayta tiklanayotgani, Naqsh turlari kengayotgani va islimiy Naqshning bir necha turlari uyg’unlashayotgani kuzatiladi. Naqqoshlar ham 1995 yildan Toshkent shahrida YUNESKO tashkil etgan xalq hunarmandligi yarmarkasi, Parij shahrida o’tkazilgan Amir Temurning 660 yilligi tantanalari ko’rgazmasi va boshqalarda qatnashib kasbiy mahoratlarini namoyish etdilar. Ad.: Narodnoe dekorativnoe iskusstvo Uzbekistana, albom, M., 1955; Rempel L. I., Arxitekturniy Ornament Uzbekistana, T., 1967; Raufov Yo. Naqqoshlik, T., 1973; Zohidov P., Me’mor olami, T., 1996; O’zbekiston san’ati, T., 2001. Po’lat Zohidov.