Naxichevan

Naxichevan, Naxichevan Muxtor Respublikasi — Ozarbayjon Respublikasi tarkibidagi Muxtor respublika. Zakavkazening Janubida joylashgan. Arake daryosi bo’ylab Turkiya, Eron bilan chegaradosh. Maydoni 5,5 ming km2. Aholisi 306 ming kishi. Poytaxti — Naxichevan shahri. Ma’muriy jihatdan 6 tuman, 4 shahar va 6 shaharchaga bo’linadi. Davlat tuzumi. Naxichevan — Muxtor Respublika. Qonun chiqaruvchi hokimiyati Oliy Majlis (parlament), ijrochi hokimiyatni Vazirlar kengashi (hukumat) amalga oshiradi. Tabiati. Naxichevan Zakavkaze tog’ligining Janubiy-Sharqiy qismini egallaydi. Shimolda Daralagez tizmasi, sharkda Zangezur tizmasi (eng baland joyi — kapitjik tog’i, 3904 metr). Arake daryosi bo’ylab Janub va Janubiy-g’arbiy qismi tekislik. Foydali qizilmalari: molibden va polimetall rudalari, toshtuz, qurilish materiallari va boshqalar. Mineral suvli buloqlar bor. Iqlimi keskin kontinental, quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 3-14°, iyulniki 25— 28° (tog’ cho’qqilarida 5°). Yillik yog’in 190-600 mm va undan ortiq. Arake daryosi va uning irmoqlari sug’orishda katta ahamiyatga ega. Tuproqlari kulrang, o’tloqi kulrang, sho’rtob, sho’r, kulrang- qo’ng’ir va boshqalar. Hayvonot dunyosi xilma-xil: muflon, qoplon, ayiq, to’ng’iz, tulki, malla tovushkrn va turli qushlar bor. Bodomli kurorti, Dardog’, Go’mir, Vayxir, Batabat shifobaxsh buloqlari, Nagajir oromgohi bor. Aholisi, asosan, ozarbayjonlar; ruslar, kurdlar va boshqalar ham yashaydi. Shaharliklar 33,2%. Asosiy shaharlari: Naxichevan, Ordubad, Julfa. Tarixi. Hozirgi Naxichevan hududida yashagan qadimgi qabilalardan neolit davriga oid moddiy madaniyat yodgorliklari saqlangan. Naxichevan miloddan avvalgi 8-7-asrlarda mana va Midiya davlatlari, miloddan avvalgi 6-asrdan Axomaniylar davlati, keyinchalik atropatena davlati tarkibida bo’lgan. Milodiy boshlarida Naxichevan G’arb bilan Sharq o’rtasida muhim savdo manzili hisoblangan. 3-asrda Eron, 7-asrda arablar istilo kilgan, 9-10-asrlarda sojiylar va saloriylar, 11 -asrda Saljuqiylar qo’l ostida bo’lgan. 13— 14-asrlarda mo’g’ullar va Amir Temur qo’shinlari Naxichevanni zabt etgan. 15-asrda Qora qo’yunli va oq qo’yunli davlatlari, 16-17-asrlarda Safaviylar davlati tarkibida. 16-18-asrlarda Turkiya va Eron bosqinidan ancha vayron bo’lgan. 18-asr oxirida mustaqil Naxichevan xonligi vujudga keldi. 1828 yilgi Turkmanchay sulxiga binoan, Naxichevan xonligi Rossiya tarkibiga kiritilgan. 20-asr boshlarida o’lkada dehqonlarning zulmga qarshi harakati avj oldi. 1917-19 yillarda turklar, inglizlar, musovotchilar hukmronlik qildi. 1920 yil 28 iyulda sho’ro hokimiyati o’rnatildi. 1923 yil Fevralda Ozarbayjon tarkibida Naxichevan Muxtor o’lkasi tashkil etildi. 1924 yil 9 Fevraldan Naxichevan Muxtor sho’ro Respublikasi, 1990 yil noyabrdan Naxichevan Muxtor Respublikasi deb ataladi. Xo’jaligi yengil va oziq-ovqat sanoatiga, texnika ekinlari yetishtirishga, uzumchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Konchilik sanoati (Paragachay molibden, Gumushli qo’rg’oshin-rux, Naxichevan tuz konlari) rivojlangan. Mashinasozlik va metall ishlash (Naxichevan Elektrotexnika zavodi, Shaxbuz avtoremont zavodi va boshqalar), yog’ochsozlik, binokorlik materiallari korxonalari bor. Ordubad pillakashlik va shoyi to’qish sanoat majmuasi, Naxichevan tikuv fabrikasi, trikotaj, poyabzal, mebel korxonalari yengil sanoatning asosidir. Oziq-ovqat sanoatining vino, mineral suv, konserva va sut mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqdari rivojlangan. Qishloq xo’jaligi sug’oriladigan dehqonchilikka asoslangan. Donli ekinlar, paxta, tamaki, uzum, sabzavot-poliz ekinlari, pilla yetishtiriladi. Bog’dorchilik rivojlangan. Chorvachiligida qoramol, qo’y, echki boqiladi. Yirik va mahsuldor balbas qo’y zoti shu yerda ko’paytiriladi. Madaniyati. Naxichevandagi umumiy ta’lim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlari uchun o’qituvchilar Naxichevan shahridagi Pedagogika institutida tayyorlanadi. Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining Naxichevan ilmiy markazi, Ozarbayjon fan-texnika axboroti institutining bo’limi, Shaxbuz tumanida shemaxa astrofizika rasadxonasining astronomiya ekspeditsiyasi ilmiy ishlar olib boradi. Naxichevanda 239 ommaviy kutubxona, 236 klub muassasasi, 187 kinoteatr, musiqali drama teatri, 4 davlat muzeyi bor. Mahalliy radio Ozarbayjon, rus va boshqa tillarda eshittirish olib boradi. Naxichevan shahrida telemarkaz bor. Naxichevan adabiyoti Ozarbayjon adabiyoti bilan birga rivojlanib kelmoqda. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida J. Mamadqulizoda, Husayn Jovid, Mamed Tagi Sidgi, E. Sultonov, Ali quli Gamkusar kabi yozuvchilar yashab ijod qildilar. 20-30-yillarda E. Abasov, M. Nosirli, M. Jafarov, M. Akper, A. Codik, kabi yozuvchilar respublika hayotini tasvirlovchi asarlar, 2-jahon urushi yillarida M. Tarverdiev, N. Nagiev, A. Matodun, I. Safarli Vatanparvarlikka da’vat etuvchi asarlar yozishdi. Zamonaviy shoirlardan G. Azim, A. Mahmud, K. Ogaeva, V. Kasumova, prozachilardan G. Rozi, G. Ibrohimov, dramaturglardan A. Yusifli, A. Abbosquliev va boshqalar mashhur. Naxichevan hududida miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri — 1-ming yillikka oid mahobatli inshootlar, hayvonlarning jez, sopol va tosh haykallari, o’rta asr Naxichevan me’morlik maktabiga xos minoralar, Naxichevan, Juga, qorabog’lardagi maqbaralar, Ordubaddagi turar joylar (16-19-asrlar) saqlanib qolgan. Keyingi yillarda Naxichevanda ko’rkam uy-joy binolari, jamoat va sanoat inshootlari qurildi, me’moriy yodgorliklar ta’mirlandi. Ozarbayjon realistik rassomchiligining asoschilaridan biri B.Sh.Kengarli (19-asr oxiri — 20-asr boshi) Naxichevanda yashab, ijod qildi. Eng ko’p tarqalgan tasviriy-amaliy san’at turlari: to’quvchilik, gilamchilik, marjon va munchoqli kashtachilik, qo’lda gul solib to’qish, misgarlik, yog’och o’ymakorligi va boshqalar. Musiqada xalq qo’shiq va raqslari (mehnat, turmush, marosim, qahramonlik, tarixiy va boshqalar) qadimgi an’analarga ega. Davra bo’lib ijro etiladigan qo’shiq- raqs (masalan, qadimgi Yalla)lar jo’shqinligi va turli-tumanligi bilan ajralib turadi. Musiqa asboblari: surnay, balaman, nog’ora, tulum va boshqalar. 19-asr oxirida naxichevanda havaskorlik truppasi tashkil etildi. Naxichevanda professional teatrni barpo etishda yozuvchi J. Mamadqulizoda, rejissyor G. Arablinskiy (Xalafov) katta xizmat qildi. 1923 yil davlat drama teatri tashkil etildi (1962 yildan J. Mamadqulizoda nomidagi musiqali drama teatri). Uning repertuaridan M.F.Oxundov, S Vurg’un, Sh. Qurbonov, M. Nosirli va jahon mumtoz dramaturgiya asarlari o’rin olgan. Artistlardan E. Axverdiev, I. Hamzaev, M. Quliev, I. Musaev mashhur.