Nayman, naymanlar

Nayman, naymanlar — o’zbek, qoraqalpoq, qozoq, qirg’iz, no’g’oy va Oltoy xalqlari tarkibiga kirgan qabila uyushmasi. Rus etnografi A.D.Grebenkinning 19-asr 70-yillarida bergan ma’lumotiga ko’ra, o’zbek Nayman Zarafshon vodiysi (63 ta qishlog’ida), Farg’ona vodiysi, Xorazm vohasi, Qoraqalpog’iston, Qashqadaryo va Surxondaryoning Termiz tumanida qo’ng’irotlar bilan birga yashab kelishgan. Keyinchalik dastlab Afg’onistonning Balx viloyatiga, so’ngra Zarafshon vodiysiga ko’chib ketishgan. O’zbek Naymanlari 19-asr oxirida 3 ta yirik uruqqa bo’lingan: Qo’shtamg’ali, sadirbegi, uvaxtamg’ali. Bulardan tashqari, Naymanda bir qancha urug’ bo’limlari ham mavjud bo’lgan: agran, Ayronchi, Badir, biya, Bog’anali, boltali, bukalay, Burunsov, Jagalboyli, jostovon, jilonli (ilonli), jumaloq bosh, olti ota, olti o’g’il, oq tunli, segiz uruv (sakkiz urug’), sarinayman, turtul (to’rt o’g’il), to’rttamg’ali, Urguch, ukrash, changali, cho’michli, g’ozoyoqli, qoragadoy, qorasirak, Qarg’ali, qiltamg’ali, kultamg’ali va boshqalar. Narpay tumanidagi Nayman: Po’latchi, ulus, zarman, kichkildik, osnayman. Achchili Nayman, kattaki, Nayman, to’rg’oq Nayman, Uyshun naymanlarga qam bo’lingan. O’zbek Nayman avlodlarini boshqa qavmlar tarkibidan ham uchratish mumkin. Masalan, o’zbek-saroylarining eng yirik to’rt urug’idan biri Naymansaroy deb nomlangan. Shuningdek, qipchoqsaroyda chorkusa Nayman, Qo’shtamg’ali saroy va Qo’ng’irot saroyda ham Nayman tarmog’i bor. Hattoki o’zbek kenagaslari va juzlari tarkibida ham Nayman shoxobchasi uchraydi. Bu holat o’zbek qavmlarining etnogenezi mushtarakligidan, o’zaro etnogenetik va etnomadaniy aloqalardan dalolat beradi. Nayman Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Boshqirdiston, Tatariston va Mo’g’uliston hududlarida ham yashaganlar. Naymanlarning kelib chiqishi munozarali. Bir guruh olimlar (I.N.Berezin, V.V.Bartold, B.Ya.Vladimirsov va boshqalar) Naymanning etnogenezini mo’g’ullar bilan bog’laydilar. Ular «Nayman» so’zining etimologiyasini (mo’g’ulcha «sakkiz», «sakkiz qabila») o’z fikrlariga dalil qilib ko’rsatadilar. Ikkinchi bir guruh esa (N. A. Aristov, X.Xovorst, S.A. Amanjolov va boshqalar) esa Naymanni turk deb hisoblaydilar. Qadimgi Sharq qo’lyozmalarida hamda urxun yozuvlarida «sakkiz o’g’uz» qabilasi Ittifoqi tilga olinadi. Ular yashagan yerlarni 10-asr o’rtalarida kidanlar ishg’ol etganlar. Sakkiz o’g’uzlar kidanlar tomonidan tobe etiladi, kidanlar ularni Nayman deb atay boshlaganlar. Demak, Nayman aslida turkiy xalqlardan bo’lganlar. Nayman 8-asr o’rtalarida Baykal ko’lining Janubda yashaganlar. 9-asr o’rtalarida ular urxun daryosining yuqori qismidan to tarim va qora Irtishgacha bo’lgan erlarni egallaydilar. Keyinchalik Nayman egallab turgan erlarning chegarasi Xonboy va Oltoy tog’larigacha etgan. Ular sharqsa, kerayitlar, shim.da qirg’izlar, g’arbda qang’lilar, Janubda esa uyg’urlar bilan chegaradosh bo’lganlar. 12-asrning o’rtalarida Nayman kuchayib, Markaziy Osiyoda o’z hukmronliklarini o’rnatdilar. Nayman davlati 13-asr boshigacha, ya’ni mo’g’ullar istilosiga qadar mavjud bo’lgan. Naymanlarning oxirgi xoni — Tayanxonning poytaxti Jarshiznaur degan (Qoraqurumga yaqin) joyda joylashgan. 1204 yilda Naymanning katta bir qismi mo’g’ullarga tobe bo’ladi. Mo’g’ullarga itoat etmagan Nayman esa Balxash ko’lining g’arbidagi cho’llarda, Janubda Olako’l bo’ylarigacha bo’lgan erlarda, Sirdaryo bo’ylarida, Ulug’tog’ hamda ishim daryosi bo’ylarida yashaganlar. Sirdaryo bo’ylaridagi Naymanning katta qismi keyinchalik Xorazmga va Movarounnahrga ko’chib kelib o’rnashganlar. Ular asta-sekin o’troqlashib, yerlik xalqlarga aralashib ketganlar. Qozog’iston cho’llarida ko’chib yurgan Naymanning bir qismi Shayboniyxoniing Movarounnahrga qilgan yurishlarida faol qatnashgan. 15-asrning oxiri — 16-asrning boshlarida ular hozirgi O’zbekiston hududlariga ko’chib o’rnashgan. Naymanning Dashti Qipchoqda qolgan qismi esa qozoq, qoraqalpoq va no’g’oylar tarkibiga kirgan. N.ning deyarli ko’pchiligi 13-asr boshlarigacha xristian dinida bo’lgan. Ularning bir qismi esa qora kidanlar ta’sirida budda dinini ham qabul qilganlar. Ammo Nayman e’tiqodida ibtidoiy dinlarning, xususan shamanizm qoldiqlari kuchli bo’lgan. 13— 14-asrlar davomida Naymanlar islom dinini qabul qilganlar. O’zbek Naymanning ko’pchilik qismi Zarafshon vodiysida (Pastdarg’om va Narpay tumanlarida) o’troq holda yashab, ko’pincha dehqonchilik bilan mashg’ul edi. Ular tomli (paxsa, cho’pkori) uylarda yashaganlar. O’troq Naymanning boylari chorvachilik bilan ham shug’ullanganlar. Jom cho’li, O’rtacho’l, Zirabuloq tog’ida yashovchi Naymanning asosiy mashg’uloti chorvachilik hisoblangan. Bular ko’pincha Qorako’l qo’ylari, tog’va tog’bag’irlarida yashaganlari esa jaydari qo’ylar, qoramol, tuya va ot saklaganlar. Chorvador Nayman o’tovlarda yashaganlar. 19-asrning oxiri — 20-asrning boshlarida o’zbek Nayman ham boshqa qabilalar kabi o’troq o’zbeklar tarkibiga singib, mazkur xalqning shakllanishida faol qatnashganlar. Ad.:Rashidaddin., Sbornik letopisey, t. 1., VIP. 1., M. -L., 1962; Norboev N., O’zbek elining qabila va urug’lari haqida, T., 1997. Ochil Bo’riyev.