Narx, baho

Narx, baho — tovar qiymatining puldagi shakli; bozor iqtisodiyotida amal qiluvchi iqtisodiy dastak. Iqtisodiy tafakkur tarixidagi ayrim qarashlarda Narxni qiymatning mehnat nazariyasiga asoslanib talqin qilishgan, unga qiymatning puldagi ifodasi deb qaralgan. 21-asr boshlaridagi nazariyalar Narxni pulning miqdoriy nazariyasi asosida izoxlab, Narxga xarajatlar, tovarning nafliligi va raqobat ta’sir etishini e’tirof etadi. Narxni qiymat belgilaydi, ammo u aniq bir qiymatdan yuqori yoki past bo’lishi mumkin, bu esa bozordagi muayyan tovarga bo’lgan talab va taklift bog’liq. Narx faqat qiymatni emas, balki talab va taklif, shuningdek, tovarning ijtimoiy foydaliligi, sifati va boshqa tovarlar o’rnini bosa olishi, muomaladagi pulning xarid qobiliyatiga ham bog’liq. Binobarin, Narx qiymatdan miqdoran farqlanadi. Mahsulot tannarxi har qanday Narxning asosi bo’lib, mahsulotning hayotiy tsikli davomida uning Narxidagi o’zgarishlarga katta ta’sir ko’rsatadi. Narx miqdori xarajatlarga va tovar sifatiga to’g’ri mutanosiblikda, rakrbatning shiddatiga esa teskari mutanosiblikda turadi. Bozor iqtisodiyotida Narx bir nechta vazifalarni bajaradi: 1) hisob-kitob va o’lchov vazifasi —Narx vositasida qilingan xarajatlar, olingan natijaning puldagi miqdori aniqlanadi. Xarajatlar ishlatilgan resurslar miqdorini uning Narxiga ko’paytirish orkali hisoblanadi; 2) rag’batlantirish vazifasi — Narxning o’zgarishi ishlab chiqarish hajmini o’zgartiradi. Talab Narxga nisbatan teskari mutanosiblikka ega. Narx pasaysa talab rag’batlantiriladi, aksincha, Narx oshsa (boshqa shart-sharoit o’zgarmagan taqdirda) taklif rag’bat oladi. Narxdagi o’zgarish ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarga ishtiyoq bag’ishlaydi; 3) raqobat vositasi vazifasi — Narx raqibni bozordan siqib chiqarish va bozorda o’z mavqeini mustahkamlash uchun ishlatiladi. Raqobatchilar Narxni o’zgartirib turish, uni sharoitga qarab turlicha belgilash orqali o’zaro bellashadilar. Narx raqobatlashuvning iqtisodiy vositasi hisoblanadi; 4) iqtisodiyotni tartiblash vazifasi — Narx bozor mexanizmidagi asosiy iqtisodiy dastak yoki vosita. Narx o’zgarishiga qarab nimani va qancha ishlab chiqarish kerakligi aniqlanadi. Muayyan tovarlar Narxining oshishi ularni ko’plab ishlab chiqarish kerakligini bildiradi, Aksincha, Narxning pasayishi tovar ishlab chiqarishni kamayishi yoki umuman to’xtatilishi lozimligini anglatadi. Narxga qarab bozori kasod tovarlardan voz kechilib, bozori chaqqon tovarlarni ishlab chiqarishga o’tiladi. Bu esa resurslarning bir sohadan ikkinchisiga oqib o’tishiga, eski soha qisqarib, yangi sohaning tez rivojlanishiga olib keladi. Narx resurslarni qayta taqsimlash orqali iqtisodiyotni tartiblaydi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tovarlar va xizmatlar oldi-sotdisida qullanilishi Narx tizimini yaratadi. Milliy iqtisodiyot holatini hisoblashda joriy va qiyosiy Narxlar qo’llaniladi. Joriy Narxlar amaldagi Narxlar bo’lib, ular yordamida yil davomidagi ishlab chiqarish natijalari hisoblanadi. Qiyosiy Narxlarda ma’lum yil asos qilib olinib, ishlab chiqarishning natijalari shu Narxda hisoblanadi va boshqa yillar bilan taqqoslanadi. Joriy Narxlar inflyatsiya tufayli o’zgarishi va Real iqtisodiy natijani ko’rsatmasligi sababli yalpi milliy mahsulot, milliy daromad, Real ish haqi va shu kabi ko’rsatkichlar dinamikasi qiyosiy Narxlarda hisoblanadi. Narx qaysi bozorda amal qilishi, kimga mo’ljallanganligi va qaysi maqsadni ko’zlashiga qarab bir necha turlarga bo’linadi. Erkin bozor Narxi (muvozanatli Narx) — erkin bozorda sotuvchilar va xaridorlar ko’pchilik bo’lganidan ulardan hech biri o’zi xohlagan narxni o’rnatolmaydi. Bu yerda talab-taklif nisbatiga qarab erkin savdolashuv Narxi, ya’ni muvozanatli Narx yuzaga keladi; monopol Narx — monopol bozorda sotuvchi yoki xaridor ozchilik yoxud tanho bo’lganida ular xohlagan Narx o’rnatiladi. Bu bozorga zo’rlab kiritiladigan Narx bo’lib, odatdagi Narxlardan yuqori bo’lad va monopol foyda olishga xizmat qiladi; ulgurji Narx — tovar ishlab chiqaruvchilar savdo firmalariga tovarlarni bir yo’la ko’tarasiga sotishida qo’llanadi. Tovar birjalari va savdo uylarida xam ulgurji Narxlar qo’llanadi; shartnoma Narxlari — sotuvchi va xaridorlarning roziligi bilan belgilanadigan va o’zaro tuziladigan shartnomada ko’rsatiladigan Narx. Bunday Narx, odatda, shartnoma muddati amal qiladigan davrda o’zgarmaydi. Ko’proq milliy va xalqaro bozorlarda qo’llanadi. Chakana Narx — tovarlar bevosita iste’molchilarga yakkalab sotilgan chog’da qo’llanadi va miqdori ulgurji Narxdan yuqori bo’ladi; Preyskurant Narx — xaridor uchun bildirgich yoki ma’lumotnoma Narx bo’lib xizmat qiladi va haqiqiy Narx preyskurantlar (ko’rsatkichlar)da e’lon qilingan Narx atrofida bo’lishini anglatadi; Dotatsiyalangan Narx — davlat byudjeti hisobidan maxsus arzonlashtirilgan, bozor Narxidan pastroq qilib belgilangan Narx, Narxdagi farq byudjet beradigan dotatsiya bilan qoplanadi. Bu Narxni o’tish davrida turgan mamlakatlarda davlat aholini ijtimoiy himoyalash uchun qo’llaydi; demping Narx — bozorda o’z mavqeini mustahamlash va raqiblarni siqib chiqarishda qo’llanadigan maxsus pasaytirilgan Narx, xalqaro bozorlarda ko’proq qo’llanadi. Bozor ko’lamiga ko’ra, Narxlar xududiy (mintaqaviy), milliy va xalqaro bozor Narxlariga bo’linadi. Hududiy Narx — faqat ma’lum hududiy bozorga xos bo’lib, u shu hudud doirasidagi omillar ta’sirida hosil bo’ladi. Milliy bozor Narxi — bir mamlakat doirasida amal qiluvchi va ularning xususiyatini aks ettiruvchi Narxlardir. Xalqaro Narx — muayyan tovarga ketgan baynalminal xarajatlarni, tovarning nafliligi jihatidan jahon standarti talabiga mos kelish darajasini va xalqaro bozordagi talab va taklif nisbatini hisobga oladi. Narxlar farqining miqdoriy ifodasi Narx diapazoni deyiladi. Narx diapazoni Narxlar oralig’ining puldagi ifodasidir. Narx diapazoni quyi, o’rta va yuqori Narxlarni o’z ichiga oladi. Bu diapazon qanchalik katta bo’lsa, tovar muomalasi shunchalik tez yuz beradi, talab bilan Narx o’zaro bog’lanadi. Iqtisodiyot bir-biriga bog’liq va yagona bo’lganidan turli tovarlar va xizmatlar Narxlari bir-birini yuzaga chiqaradi, to’ldiradi va o’zaro ta’sir ko’rsatadi. Ularning har biri o’zi bilan bog’liq keyingi mahsulot xarajatlarini shakllantiradi. Ko’pgina sohalarda ishlatiladigan eng muhim iqtisodiy resurlar (metall, neft, ko’mir, gaz, yog’och, bug’doy, paxta kabi tovarlar) Narxining o’zgarishi bozordagi jami Narxlar nisbatiga ta’sir ko’rsatadi. Ahmadjon O’lmasov.