Nasr ibn Sayyor Allaysiy ibn Lays ibn Rofe’ibn Robi’a ibn juray ibn auf ibn Amir

Nasr ibn Sayyor Allaysiy ibn Lays ibn Rofe’ibn Robi’a ibn juray ibn auf ibn Amir (taxminan 666-748) — mashhur arab sarkardasi, Xuroson voliysi (738-748). Arablarning mudariy qabilasidan. 728-29 yillarda Samarqand noibi, so’ngra Balx va butun Xuroson noibi. Kutayba ibn Muslimning Movarounnahrga qilgan yurishlarida ishtirok etgan. Tabarishshng yozishicha, Xuroson Nasr ibn Sayyor davrida nihoyatda ravnaq topgan. Nasr ibn Sayyor Movarounnahrni uzil-kesil arablar qo’l ostiga o’tishiga katta hissa qo’shgan. O’rta Osiyoda Horis ibn Surayj harakatini bostirish uchun 738-739 yillarda Samarqand, Choch, Forob va Farg’onaga bir necha bor yurish qilgan. Nasr ibn Sayyor Movarounnaxrda o’z mavqeini mustahkamlash uchun moliya islohotini o’tkazadi, shuningdek, Islomni yangi qabul qilgan kishilar jizya solig’idan ozod qilinadilar, barcha musulmonlar huquq jihatdan tenglashtirilganlar. Yer egasi, e’tiqodidan qat’i nazar, xiroj to’lashi shart qilib qo’yilgan. Nasr ibn Sayyor mahalliy zodagonlar (dehqonlar) yordamida mamlakatni itoatda tutib turishga intilgan. Shu maqsadda u xalifalik tomoniga o’tgan yirik dehqonlarning avvalgi imtiyozlarini tiklaydi, Buxorhudodning qiziga uylanadi. Ammo shunga qaramay mamlakatdagi xalq ozodlik harakatlariga barham bera olmaydi. Abu Muslim bilan bo’lgan bir necha jangda mag’lubiyatga uchragach, , Iroqqa yo’l olgan. Isfahon rustoqlaridan biri Sava (savat, Savax) da vafot etgan. Manbalar: Istoriya attabari, T., 1987; Abu sa’ID Gardizi, Zayn al-axbar, T., 1991.