Nassau, Nasso
Nassau, Nasso — Bagama orollari poytaxti, Nyu-Providens orolining shimoliy sohilida. Iqlimi tropik iqlim; yanvarning o’rtacha temperaturasi 21°, iyulniki 28°. Yiliga o’rtacha 1150 mm yog’in yog’adi. Aholisi 172 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Atlantika okeani sohilidagi port; chetga dengiz buluti, sizal, tsitrus mevalar chiqariladi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Xalqaro miqyosdagi moliyaviy markaz (250 dan ortiq bank muassasalari bor). Iqlim kurorti. Turizm rivojlangan. Aholining katta qismi sayyoxlarga xizmat ko’rsatish bilan band. Oziq-ovqat, neftni qayta ishlash sanoati korxonalari, kema verfi mavjud. Shaharga 1656 yilda asos solingan va Charlztaun deb atalgan. 1694 yilda ispanlar tomonidan vayron qilingan. 1696 yilda qayta qurilib, Nassau deb nomlangan. Nassau — mamlakatning madaniy markazi. Kutubxona, muzey, kollejlar bor. Me’moriy yodgorliklardan Montegyu va Finkasl fortlari, sobor saqlangan.