Nasriddinbek, Nasriddin xon

Nasriddinbek, Nasriddin xon (1850, Qo’qon -1876 yildan so’ng, Toshkent), — Qo’qon xoni (1875 yil iyul—oktabr). Andijon hokimi (1865— 75). Xudoyorxonning katta o’g’li. «Po’latxon» qo’zg’oloni davrida Abduraxmon oftobachi boshliq bir necha amaldorlar tomonidan otasiga qarshi uyushtirilgan fitnada qatnashgan va Toshkentga qochib ketgan Xudoyorxon o’rniga xon qilib ko’tarilgan. K.P. Kaufman 1875 yil 22 sentabrda Nasriddinbekni Marg’ilonda og’ir shartlar bitilgan shartnomaga imzo chekishga majbur qiladi. Unga ko’ra, Nasriddinbek o’zini Rossiya vassali deb tan olgan. Sirdaryoning o’ng sohilidagi yerlar Namangan va Chust shaharlari bilan birga Rossiya ixtiyoriga o’tishi va 2 million rubl miqdorida kontribusiya (tovon) to’lanishi lozim bo’lgan. Mazkur bitimdan norozi bo’lgan xalq qo’zg’olon ko’targan va 9 oktabrda qo’zg’olonchilar Qo’qonni egallashgan. Nasriddinbek Xo’jand orqali Toshkentga kelgan. Nasriddinbek Andijonda muhtasham madrasa va jome masjidi qurdirgan. Ad.: Mirzaolim Mushrif, Qo’qon xonligi tarixi, T., 1995; Bobobekov H.N., Qo’qon tarixi, T., 1996.