Navkat-Quraysh

Navkat-Quraysh — o’rta asrlardagi Kesh viloyatiga qarashli shahar. Keshdan Nasafga boradigan yo’lda, hozirgi Qamashi tumanidagi Qavchin qishlog’i o’rnida joylashgan. Xoja Ahror mulklariga oid vaqf hujjatlarida (15— 16-asrlar) qayd etib o’tilgan. Navkat-Quraysh Oltintepa shahar xarobasi o’rnida bo’lgan deb hisoblanadi. V. V. Bartoldning fikricha, Navkat-Qurayshdagi «Quraysh» so’zi Islomning dastlabki davrlarida bu yerda arablarning Quraysh qabilasi yashaganligiga ishora. Qurayshlar Qutayba ibn Muslim qo’shinining ko’pchilik qismini tashkil etgan. Qashqadaryoda hozirgi yashaydigan arablar shularning avlodlari bo’lishi ehtimoldan xoli emas. So’g’diycha Navkat — «Yangi qal’a» yoki «yangi qishloq» demakdir.