Navoiy tumani

Navoiy tumani – Navoiy viloyatidagi tuman (1926-58 yillarda Karmana, 1962 yildan hozirgi nomda. 1980 yilda Navoiy tumanidan Navbahor tumani ajralib chiqqan. 1988 yilda qayta qo’shilgan, 1992 yilda yana ajralgan). 1999 yilda Karmana shahri Navoiy shahri tarkibiga qo’shilganligi munosabati bilan, tuman markazi Malikrabot shaharchasiga ko’chirildi. Navoiy tumani Zarafshon daryosining chap sohilida joylashgan. Shimoldan Navbahor tumani, g’arbdan Qiziltepa tumani, sharqdan Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, Janubdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,95 ming km2. Aholisi 69,5 ming kishi (2003). Tumanda 6 qishloq fuqarolar yig’ini (Do’rmon, Jaloyir, Narpay, uyrat, Yangiariq, Hazora), 1 shaharcha (Malikrabot) bor. Tabiati. Tuman hududi Zarafshon vohasida joylashgan. Janubiy hududlari adirlarga tutashib ketadi. Iklimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0,4°, iyul oyining o’rtacha temperaturasi 28,9°. Tuman hududidan Zarafshon daryosi oqib o’tadi (65 kilometr masofada). Tuproqlari, asosan, madaniylashgan o’tloqi, oddiy bo’z tuproqlar. Tabiiy o’simliklardan jiyda, shuvoq, oq va qora saksovul, juzg’un, cherkez, quyonsuyak, segin, Iloq, yantoq, sarsazan, etmak, jingil, tol, qamish, yulg’un, yovvoyi jiyda va boshqalar bor. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, turli xil kaltakesaklar, o’rgimchaklar, qo’shoyoq, tipratikan, ilonlar, qushlardan loyxo’rak, o’rdak, xo’jasavdogar, chumchuq, mayna, qarg’a kabilar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar (99,7%); shuningdek, tojik, rus, tatar, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 73 kishi. Xo’jaligi. Tuman asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Xalq xo’jaligida band bo’lgan 25,1 ming aholining asosiy qismi qishloq xo’jaligida ishlaydi. Malikrabot shaharchasida meva-sabzavot konservalash tsexi (quvvati 3 million tonna shartli banka) mavjud. Navoiy tumanida 740 ga yaqin kichik, 55 qo’shma, 10 shirkat korxonalari, parrandachilik fabrikasi faoliyat ko’rsatmoqda. Tuman yer fondi 94,9 ming gektar, shundan 22,5 ming gektar yer sug’oriladi, 16,7 ming gektar ekinzor, 27,7 ming gektar qishloq xo’jaligida foydalanmaydigan yerlar, 469 gektar bog’, 390 gektar tokzor, 264 gektar tutzorlar, 735 gektar bo’z yerlar, 45 ming gektar yaylov, 2 ming gektar tomorqa yerlari, 762 gektar bog’ va sabzavotchilik uyushmalari yerlari, 720 gektar meliorativ yerlar mavjud. Navoiy tumanida 8 shirkat xo’jaligi, 2 agrofirma, 2 ta fermer uyushmasi bor. 8,9 ming gektar yerga paxta, 6,6 ming gektar yerga boshoqli don, 195 gektar yerga sabzavot va poliz ekinlari ekiladi. Ekinzorlarini sug’orish uchun suv, asosan, Zarafshon daryosidan magistral kanallar va nasos kurilmalari yordamida olinadi. Tuman jamoa va xususiy xo’jaliklarida 23,7 ming qoramol, 46,1 ming qo’y va echki boqiladi. Tumanda o’rmon xo’jaligi bor. Qorako’lchilik, ipakchilik bilan ham shug’ullaniladi. Asosiy transport vositasi — avtomobil transporti. Avtomobil yo’llarining uzunligi 600 kilometrdan ziyod (shundan 98 kilometr respublika ahamiyatiga molik). Jami avtomobil yo’llarining 215 kilometr asfalt bilan qoplangan. Navoiy — Uchquduq temir yo’l tuman hududini 11 kilometr masofada kesib o’tadi. Navoiy tumanida Navoiy shahar aeroporti joylashgan. Tumandagi 24 umumiy ta’lim maktabida 17169 o’quvchi ta’lim oladi, 6 qishloq madaniyat uyi, 1 Markaziy, 24 tarmoq, 1 bolalar kutubxonasi (kitob fondi 242139 nusxa) faoliyat ko’rsatmoqda. Markaziy kasalxona (295 o’rin), 13 ambulatoriya-poliklinika, 8 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 125 vrach, 517 o’rta tibbiy xodim ishlaydi (har 10 ming aholiga 16,1 vrach, 69,9 tibbiy xamshira, 9,3 davolanish joyi to’g’ri keladi). 1931 yildan «Navoiy ovozi» gazetasi chop etiladi (adadi 710 nusxa).