Navoiy teatri

Navoiy teatri, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri — opera va balet san’ati sohasidagi O’zbekistonning asosiy teatri. Uning tashkil topishi Muhiddin Qoriyoqubovning O’zbek davlat kontsert-etnografik ansambli bilan bog’liq. Mazkur ansambl 1929 yil Qoriyoqubov va Tamaraxonim sa’y-harakati bilan O’zbek davlat musiqali teatriga aylantirilgan. «Halima», «Farhod va Shirin» spektakllari xalq cholg’ulari jo’rligida ijro etilgan. 30-yillarda «Ichkarida», «Layli va Majnun», «po’rtana» spektakllarida xalq cholg’u asboblariga simfonik orkestr sozlari qo’shilib, o’zbek operasining yaratilishiga zamin tayyorlangan. Qozog’istonlik kompozitor E. Brusilovskiyning «Ertarg’in» (1937) va Ozarbayjon kompozitori M. Magomayevning «Nargiz» (1938) operalarining sahnalashtirilishi ham truppani opera san’atini o’zlashtirishida muhim rol o’ynadi. 1939 yil 11 iyunda birinchi o’zbek operasi «Bo’ron» (S. Vasilenko va M. Ashrafiy musiqasi, K. Yashin librettosi) namoyish qilindi. 1939 yil 20 iyunda teatr O’zbek davlat opera va balet teatriga aylantirildi. Teatr jamoasi «bo’ron»da erishgan yutug’ini R. Glier va T. Sodiqovning «Layli va Majnun» operasi bilan mustahkamladi. 1941 yil Farg’ona kanali quruvchilariga bag’ishlangan «ulug’kanal» (S. Vasilenko va M. Ashrafiy ) operasi (1940) sahnalashtirildi. «Ulug’bek» (A. Kozlovskiy), «Mahmud Torobiy» (O. Chishko) operalari urush yillari yaratildi. Opera bilan bir qatorda o’zbek baleti ham yetilib bordi. 1933 yilda «paxta» (N. Roslaves) baleti sahnalashtirildi, biroq muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dastlabki muvaffaqiyat F. Talning «Shoxida» (1939) baletidan boshlandi. Uni A. Tomskiy, M. Turg’unboeva va usta olim Komilovlar sahnalashtirdilar. Keyinchalik «Gulandom» (E. Brusilovskiy), «Oq bilak» (S. Vasilenko) baletlari qo’yildi. Jahon mumtoz repertuaridan «Karmen» (J. Bize), «qarg’a motkasi» (P. Chaykovskiy) kabi operalar bilan birga «Boqchasaroy favvorasi» (B. Asafev), «Koppeliya» (L. Delib) baletlari sahnalashtirildi. Teatr jamoasi 1947 yil yangi binoga ko’chib o’tdi va 1948 yil Toshkent rus opera teatri bilan birlashib, Alisher Navoiy nomini oldi. R. Glier va T. Sodiqovning «Gulsara», T. Jalilov va B. Brovsinning «Tohir va Zuhra» operalari, M. Levievning «Suxayl va mehri», G. Mushelning «raqqosa» baletlari yangi bino sahnasida namoyish etildi. Ilk bor o’zbek tilida P. Chaykovskiyning «Yevgeniy Onegin» operasi, L. Minkusning «Don Kixot», R. Glierning «Qizil gul» baletlari 40-yillarning oxirida sahna yuzini ko’rdi. 50-60-yillar teatr faoliyatida keskin burilish yasaldi, teatr yangi opera xonandalari va balet artistlari bilan to’ldirildi. Unga 1959 yilda «Akademik», 1966 yilda «katta teatr» unvonlari berildi. 1950-60 va keyingi yillarda sahnalashtirilgan asarlarning aksariyati tomoshabinlarga estetik zavq bag’ishlay oladigan milliy uslub va ifodaviy vositalar, ohang va shakllar bilan boyitildi, xalq musiqasi intonatsiyalaridan ijodiy foydalanildi. «Dilorom», «shoir qalbi» (M. Ashrafiy), «Zaynab va omon» (T. Sodiqov, B. Zeydman, Yu. Rajabiy, D. Zokirov), «Maysaraning ishi» (S. Yudakov), «Hamza» (S. Boboev), «So’g’d elining koploni» (ikr. Akbarov), «Petr I» (P. Petrov), «Olovli farishta» (S. Prokofev), «Porgi va Bess» (J. Gershvin) kabi operalar, «Orzu» (Ikr. Akbarov), «Oltin kalitcha» (B. Zeydman), «Sevgi tumori» (M. Ash- Rafiy), «qirq qiz» (A. Feygin), «Spartak» (A. Xachaturyan), «Karmen syuita» (J. Bize — R. Shchedrin), «ikki dil dostoni» (O. Melikov), «Maskarad» (V. Laputin), «Yetti go’zal» (Q. Korayev) singari baletlar, shuningdek, mumtoz kompozitorlardan L. Delib, M. Musorgskiy,A. Borodin, N. Rimskiy Korsakov, P. Chaykovskiy, J. Verdi, A. Asan, Sh. Guno,B. Mosart, J. Puchchini va boshqalarning asarlari bilan teatr mavqei ko’tarildi. Ijrochilik san’ati ham shu yillar yuksaldi, orkestr mahorati, xor, kordebalet madaniyati o’sdi, opera rejissyorlari, baletmeyster, xormeyster va dirijyorlar san’atida katta yutuqlarga erishildi. Teatr jamoasi Rossiya, Hindiston, Germaniya, Singapur, Malayziya, Yaponiya, Tailand kabi o’nlab mamlakatlarda bir necha bor gastrolda bo’lgan. O’z navbatida Navoiy teatri sahnasida Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarining yetakchi yakkaxon xonanda, balet ustalari va dirijyorlar o’z san’atlarini namoyish qildi. Mustaqillik yillarida teatr rivojini yuksak darajaga ko’tarish, milliy opera va balet spektakllari yaratishga jiddiy e’tibor berildi. 1991-2003 yillar mobaynida «Malikai ayyor» (S.Jalil), «Umar Xayyom», «Axmad al- Farg’oniy» (M. Bafoev), «taxtga yo’l» (N. Zokirov), «Amir Temur» (G. Gendel), «Buyuk Temur» (A. Ikromov) operalari, «Shoirona miniatyuralar» (u. Musaev), «Nasriddinning qilmishlari» (S. Yudakov), «ming bir kecha» (F. Amirov) kabi baletlar sahnalashtirildi. Teatr repertuaridan o’nlab mumtoz opera va balet asarlari ham o’rin oldi. Teatrda turli yillarda M. Ashrafiy, B. Inoyatov, F. Shamsiddinov, N. Goldman, X. Shamsiddinov, G’. To’laganov, A. Abduqayumov, D. Abdurahmonova singari dirijyorlar, Z. Qobulov, M. Tojizoda, M. Muhamedov, E. . Yungvald— Xilkevich, A. Mirolimboyeva, F. Safarov kabi rejissyorlar, Tamaraxonim, M. Turg’unboeva, V. Gubskaya, G. Izmaylova, E. Baranovskiy, P. Yorkin, M. Makaryans, I.Yusupov va boshqa baletmeysterlar, M. Musaev, R. Brim, M. Gvozdikov va boshqa rassomlar, M. Qoriyoqubov, H.Nosirova, B. Mirzaev, K. Zokirov, G’. Abdurahmonov, A. Azimov, N. Ahmedova, S. Krbulova, S. Yarashev, V. Grinchenko, R. Laut, S. Benyaminov, M. Dovidov, J. Nizomxo’jaev, E. Yo’ldoshev, I. Jalilov, B. Qorieva, Z. Davletmurodova, V. Vasilev, I. Kistanov kabi san’atkorlar ijod qilishgan. K. Muhiddinov, M. Razzokova, R. Latipov, G. Hamroyeva, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar O. Aleksandrova, G. Azizova, D. Yoqubova, V. Gellertov, A. Shalberkin, N. Shilova, T. Muhamedova, N. Hasanova va boshqalar teatrning hozirgi kundagi yetakchi opera va balet ijrochilaridir. Teatrning bosh dirijyori — F. Yoqubjonov, bosh balet- meysteri — I. Yusupov, bosh xormeysteri — S. Shodmonov, bosh rassom — Z. Botirov, badiiy rahbar — A. Ergashev. Hozirgi repertuarida 50 ga yaqin spektakl mavjud. Teatr binosi 1947 yilda kurib bitkazilgan (me’mor A. Shchusev loyihasi asosida). Bino bezagida T. Arslonqulov, A. Boltaev, Q. Jalilov, S. Norqo’ziev, Usta Shirin Murodov, Jalil va bolta Jo’raevlar (Davlat mukofoti, 1948) va boshqalar qatnashgan. Bino tarzi va interyerini bezashda milliy me’morlik an’analaridan foydalanilgan. Devorlarida Ch. Ahmarov (Davlat — mukofoti, 1948) ning A. Navoiy asarlariga ishlagan miniatyuralari aks etgan. Bino tarzlari peshayvon shaklida ravoqlar (3 old, 2 yon tomonlaridagi ravoqlar 9 ta) qatoridan iborat. Foye, tomosha zali, sahna va boshqalar 3 qavatga joylashgan. Bezaklarida Buxoro me’morlik maktabining ganchkori bezaklari; toshkentlik ustalarning namoyon va ravoqlari, guldasta bezaklari; Xivalik ustalarning ganchkori, marmar, naqsh, yog’och o’ymakorligidagi o’ziga xos uslublari; samarqandlik ustalarning bo’rtma, muqarnasli jozibador lavhalari, farg’onalik ustalarning o’simliksimon bezaklari; termizlik ustalarning unu- tilib ketgan mayda davra va jingalak tasvirli o’ymasi yangidan jonlantirilgan. Binoning pastki zalidagi devoriy rasmlarda musiqa, raqs she’riyat va rassomlikni ifodalovchi majoziy obrazlar (go’zal ayollar) tasvirlangan. O’. Tansiqboev, M. Arinin, K. Cheprakov va boshqalar bino foyelarida qo’shimcha devoriy rasmlar ishlaganlar. Tomosha zali 760 o’rinli. Mamajon Rahmonov, Irina Koptelova