Nazzom

Nazzom (taxallusi; asl ismi Ibrohim bin sayyor bin Xoniy) (?, Balx — taxminan 845) — Arab faylasufi. Basrada ta’lim olgan. Ko’p asarlar yozgan, lekin ular bizgacha yetib kelmagan. Uning ba’zi falsafiy fikrlari bilan Abu Mansur al-Bag’dodiy, Shahristoniy, Azaddin al-Ijiy, Nasriddin Tusiy va boshqa;arning asarlari orqali tanishish mumkin. U yunon falsafasini yaxshi bilgan. Eron va Hindiston diniy va falsafiy ta’limotlaridan xabordor bo’lgan. Nazzom Sharqning yirik mutafakkiri, Mu’taziliylar tarafdori bo’lib, o’z falsafiy maktabi — nazzomiylikni yaratgan. U erkin fikrni yoqlab chiqqan, an’anaviy Islomning ba’zi qoidalari bilan kelisha olmagan, diniy xurofotlarga, taqdir to’g’risidagi aqidaga qarshi chiqqan. Nazzom Allohni vahdati vujud ta’limoti asosida talqin qilgan. Uning fikricha, dunyodagi o’zgarishlar moddiy zarralarning cheksiz harakati natijasida sodir bo’ladi, moddiy dunyodagi jarayonlarga Xudo aralashmaydi. Nazzom barcha masalalarni aql yordamida hal qilish tarafdori bo’lgan.