Nefelinli sienit

Nefelinli sienit – magmatik ishqorli to’liq kristalli tog’ jinsi; ishqorli dala shpati (65-70%), nefelin (taxminan 20%), biotit va ishqorli amfibollar va piroksenlar, shuningdek, rangli metallar va kamyob-yer elementlaridan iborat. Nefelinli sienitning bir nechta xili mavjud: xibinit — pegmatoid strukturali yashilroq-kulrang yirik donador; miyaskit — slanessimon biotitli; mariupolit — albitga boy; luyavrit — yashilroq-qora, traxitoidli teksturasi aniq ifodalangan; saybarit — melanokratli va boshqalar. Konlari O’rta Osiyo, Rossiya Federatsiyasi (Kola yarim oroli, Sibir), Ukraina (Mariupol), Norvegiya (Oslo), Janubiy Grenlandiya, Kanada, Janubiy Afrika, Madagaskar oroli va boshqa joylarda bor. Nefelinli sienit alyuminiy olish uchun ruda, oynasozlik xom ashyosi. Nefelinli sienit bilan apatit, grafit, kriolit konlari, kamyob-yer elementlari va boshqalar bog’liq.