Neft konlari

Neft konlari – yer po’stida ma’lum tektonik strukturada joylashgan va uni chiqarib olish iqtisodiy jihatdan foydali hisoblangan neft uyumlari. Neft konlari antiklinal burmalarda va tektonik uzilgan monostrukturali tabiiy tutqichlarda joylashgan. Neft konlarini tavsiflovchi asosiy parametrlar: kon maydonining geologik tuzilishi, lokal strukturaning asosiy strukturalarga nisbatan joylashishi, turli strukturali palanlar mavjudligi, mahsuldor gorizontlar, uyumlar turi, uglevodorodlarning fazaviy holati, zaxiralari, ularning maydon bo’ylab zichligi va boshqalar. Neft konlari bir necha strukturali qavatlarni birlashtirishi mumkin. Uyumlar turiga qarab konlar bir qatlamli yoki ko’p qatlamli bo’ladi. Konda neftning fazaviy miqdoriga qarab neft, neft-gaz, gaz-neft, gaz-kondensat-neft konlariga bo’linadi. O’zaro yaqin joylashgan bir necha yirik neft-gaz konlari havzalarni tashkil qiladi. Neft konlari tabiatda, asosan, cho’kindi jinslardan hosil bo’lganligi sababli bir yoki bir necha mahsuldor qatlamdan tuziladi. Neft konlari zaxiralari umumiy (geologik) va olinishi mumkin bo’lgan (sanoat) zaxiralariga bo’linadi. Neft va gaz uyumlari tuzilishiga ko’ra, qatlamli gumbaz uyumi (g’ovakli jinslarda), qatlamsiz gumbaz uyumi (g’ovak yoki darzli jinslarda) va stratigrafik chegaralangan guruhlarga bo’linadi. Neft konlari Yer yuzining barcha qit’alarida, kontinental shelfda uchraydi. Jumladan, Meksika qo’ltig’i neft-gazli havzasi, shimoliy dengiz, Kaspiy, kora va O’rta dengizlar va boshqa suv havzalari tubidagi jinslarda mavjud. Neft va gaz konlari proterozoy erasidan to’rtlamchi davrgacha bo’lgan qatlamlar orasida joylashgan. Xorijda 19-asrda Apsheron Ya.O., Grozniy shahri yaqinida, Krasnodar o’lkasi, Cheliken yarim oroli va boshqa joylarda topilgan. Keyinroq Turkmaniston, Qozog’iston, Ukraina, AQSh, Nigeriya, yaqin Sharq mamlakatlarida ham Neft konlari ishga tushirildi. O’zbekiston Respublikasi hududida neft va gazliligi aniqdangan 5 regionda (Buxoro—Xiva, Ustyurt, Surxondaryo, Hisor Janubi-g’arbi va Farg’ona) neft va gazni qidirish bo’yicha regional ishlar olib borilmoqda. Natijada 450 dan ortiq suyuq va gazsimon uglevodorod yig’ilmalari aniqlangan bo’lib, ular 155 konda mujassamlashgan. Hozirgacha ma’lum bo’lgan konlarda uglevodorod zaxirasi miqdori bo’yicha konlardan neft chiqarish. Birinchi o’rinda (74,3%) kichik, ikkinchi o’rinda o’rta (14,4%), uchinchi o’rinda yirik (10%) va to’rtinchi o’rinda (1,3%) unikal konlar turadi. Uglevodorod konlarining 66% Buxoro—Xiva, 17,5% Farg’ona, 7% Surxondaryo, 5,7% Hisor Janubi-g’arbi va 3,2% Ustyurt regionlarida joylashgan. Mahsuldorlikning stratigrafik diapazoni paleozoydan (Ustyurt regioni) neogen (Farg’ona regioni) yotqiziqlari oralig’ini qamrab olgan. Farg’ona regionida qidiruv ishlari jadal olib borildi. Dastlabki kon (Chimyon) 1900 yilda ochilgan. 1980-yillarning boshigacha Farg’ona regioni neft qazib olish, zaxiralarni oshirish sur’ati bo’yicha O’zbekistonda yetakchi o’rinda edi. Farg’onadagi neft konlarini o’rganish va o’zlashtirishda O’zbekistonlik olimlardan O.M. Akramxo’jayev, P. K.Azimov, O. S. Vyalov, M. S. Saydaliyeva, A. H. Hojimatov va boshqalar salmoqli hissa qo’shdilar. 1985 yildan boshlab suyuq uglevodorodlarni chiqarib olish bo’yicha Buxoro—Xiva regioni Fargona regionidan o’zib, O’zbekistonda yetakchi o’rinni egalladi. Bu regionda neft, gaz va kondensat zaxiralarini oshirishda N. X. Alimuxamedov, T. L. Bobojonov, A. V. Vahobov, A. G. Ibroximov. V. A. Kulagin va boshqa bir qancha olim va ishlab chiqarish mutaxassislarining hissasi bor. O’zbekistonda sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan 86 ta neft koni ochilgan, ulardan 36 tasi neft konlari, 24 tasi neft-gaz va gaz-neft konlari va 26 tasi neft- gazkondensat konlari toifasiga kiritilgan va hozirgi neft 63 kondan chiqarib olinmoqda. Hozirgi neft qazib olish sur’atida razvedka qilingan neft zaxirasi respublika ehtiyojini 30 yildan ortiqroq muddatga ta’minlaydi. 14 ta neft konida razvedka ishlari olib borilmoqda va ularning jami zaxirasi 185 million tonnani tashkil etadi. O’zbekiston regionlari bo’yicha neftning bashoratli resurslari notekis taqsimlanib, ularning asosiy qismi Farg’ona (74,8%) va Surxondaryo (10,5%) regionlarida mujassamlangan. Farg’ona regionida neftning bashorat qilingan resurslari, asosan, paleogen va neogen yotqiziklarida baholangan. Buxoro—Xiva regionida neftning bashorat qilingan resurslari yuqori Yuraning karbonat yotqiziqlari va quyi bo’rning terrigen yotqiziqlari bilan bog’liq. O’rtacha va nisbatan yirik neft konlarining ochilishi Surxondaryo Megasinklinalining tuz osti yotqiziqlarida kutilmoqda. Ustyurt regioni Kaspiy oldi sineklizasi bilan taqqoslanganda geologik tuzilishdagi o’xshashliklar aniklanib, bu regionda paleozoy yotqiziqlarining neftliligini baholash imkonini berdi. O’zbekistonda neft qazib olish uzok, yillik soha bo’lishiga qaramasdan sho’rolar rejimi davrida o’z ehtiyojini qoplay olmaganligi sababli har yili 6,0 million tonna neft chetdan olib kelinar edi. Mustaqillik yillarida O’zbekistonda neft qazib olish sur’ati dinamik tarzda o’sib bormoqda (1999 yilda 8,2 million tonna) va suyuq yoqilg’iga bo’lgan ehtiyoj to’la qoplanmoqda.