Niger

Niger (Niger), Niger Respublikasi (Republique du Niger) —G’arbiy Afrikadagi davlat. Maydoni 1267 ming km2. Aholisi 10,63 million kishi (2002). Poytaxti — Niamey shahri. Ma’muriy jihatdan 7 departamentga, ular okruglarga, okruglar kommunalarga bo’linadi. Davlat tuzumi. Niger — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1999 yil 18 iyuldagi referendumda ma’qullangan. Konstitutsiyaga binoan, davlat boshlig’i — prezident. Qonun chiqaruvchi qokimiyatni Milliy Majlis (bir palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Niger hududining ko’p qismi Sahroi Kabirda, balandligi 200-500 metrgacha bo’lgan plato. Eng baland joyi 2022 metr (Air platosida, Idukaln-Tages tog’i), Janubi-g’arbi Niger daryosining o’rta oqimidagi vodiy. Nigerda oltin, uran, qalay rudalari, volfram, niobiy, temir, ko’mir, fosforit, platina konlari bor. Chad ko’li soyligida osh tuzi qatlamlari topilgan. Nigerning shimol va shimoli-sharqida iklim cho’l tropik, Janubi va Janubi-g’arbida subekvatorialdir. Eng salqin oylari — dekabr, yanvarda o’rtacha temperatura 20-24°, eng issiq oyi — mayda 32— 34°. O’rtacha yog’in shimol va shimoli-sharqda 100 mm dan kam, Janub va Janubi-g’arbda 600-800 mm. Janubi-g’arbida mamlakatdagi yirikdaryo— Niger oqib o’tadi. Janub va Janubi-g’arbida akasiya, baobab, dum-palma, qovun daraxti va boshqalar o’sadi. Shimoliy savanna va cho’l o’simliklaridan iborat. Yovvoyi hayvonlardan sher, fil, buyvol, jirafa, kiyik, chiyabo’ri, sirtlonlar bor. «Dubl-Be» («W») milliy bog’i tashkil etilgan. Aholisi. Nigerda aholining 50% ga yaqinini xausa elati tashkil etadi. Songay va jerma, kanuru va Tubu, Tuareg, fulba va boshqalar ham yashaydi. Aholining taxminan 90% i Islom diniga, bir qismi xristian diniga, qolganlari esa mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Rasmiy til — frantsuz tili. Asosiy shaharlari: Niamey, Agades, Zinder, Maradi, Taxva. Tarixi. Niger hududida qadimdan aholi yashab kelgan. Air tog’ligi, Tener cho’li, Agades sh.dagi arxeologik qazishmalarda neolit davriga mansub ashyolar topilgan. Qadimgi odamlar yovvoyi mevalarni terib kun kechirganlar, ovchilik va chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Milodiy 1-asrda Saxroi Kabirning Janubga rimliklar kirib kelgan. Arab va barbar savdogarlari kelishi bilan Islom dini tarqalgan. 7-19-asrlarda Nigerning ayrim qismlari o’rta asr G’arbiy Sudan davlatlari — Songay va Kanem tarkibida bo’lgan. 18-asr o’rtalarida niger daryosining sohillari tuareglar qul ostiga o’tgan. 19-asrda Niger hududida yevropaliklarning bir necha ekspeditsiyasi bo’lgan. 1898 yildan frantsuzlar Nigerni mustamlaka qilishga kirishdilar. 1901 yil Niger Frantsiya G’arbiy Afrikasi (FG’A) ga kiruvchi yuqori Senegal tarkibiga qo’shib olindi. 1922 yildan Niger FG’Aning alohida ma’muriy birligi qilib ajratildi. Mustamlakachilar majburiy mehnattartibotini joriy qildilar. Niger xalqi mustamlakachilarga qarshi qo’zg’olonlar ko’tardi (1905,1906—14, 1914— 17). Mustamlakachilarga qarshi kurash 1-va 2-jahon urushlari o’rtasidagi davrda ham davom etdi. 2-jahon urushidan keyin milliy ozodlik harakati boshlandi. 1946 yil Niger taraqqiyparvar partiyasi (NTP) tuzildi. 1947 yil Frantsiyaning «dengiz orti hududi» maqomini oldi. 1951 yil NTPning so’l qanoti Jibo Bakari rahbarligida partiyadan ajralib chiqib, Niger demokratik ittifoqini tuzdi. Uning nomi 1958 yil Savaba (Ozodlik) deb o’zgartirildi. 1957 yil J. Bakari Niger hukumat kengashining bosh vaziri etib saylandi. 1958 yil 28 sentabrda Frantsiyaning yangi Konstitutsiyasi loyihasi haqidagi referendumda Savaba Nigerga mustaqillik berilishini talab qildi. 1958 yil 18 dekabrda Niger Frantsiya hamjamiyati tarkibida o’zini o’zi boshqaruvchi respublika deb e’lon qilindi. 1959 yilda Niger Respublikasining birinchi Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1960 yil 3 avgustda Niger mustaqil respublika deb e’lon qilindi va u hamjamiyatdan chiqdi. 1960 yil noyabrda Milliy Majlis yangi Konstitutsiyani qabul qildi va NTP rahbari A. Diorini respublikaning birinchi prezidenti etib sayladi. Nigerda bir partiyali tizim qaror topdi. Barcha jamoat tashkilotlari NTP nazorati ostiga o’tdi. 1961 yilda Frantsiya bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlik haqida bitim imzolandi. Frantsiya Nigerning tashqi savdosi, moliyasi, mudofaasi, maorif tizimi ustidan nazoratni saqlab qoldi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xalqning ahvoli yaxshilanmadi, ommaning noroziligi kuchaydi. 1974 yil 15 aprelda, 1996 yil 27 yanvarda sodir bo’lgan harbiy to’ntarishlar ham aholining ahvolini yaxshilashga olib kelmadi. Nihoyat, 1999 yil 9 apreldagi harbiy to’ntarish natijasida mamlakat prezidenti Ibrohim Barre Maynassar o’ldirildi, Milliy Majlis va hukumat tarqatib yuborildi, 1966 yil Konstitutsiyaning amal qilishi to’xtatib qo’yildi. 1999 yil 11 aprelda tasdiqlangan Milliy yarash kengashi mayor Dovud malam Vankeni davlat va hukumat boshlig’i etib tayinladi. 1999 yil 18 iyuldagi referendumda yangi Konstitutsiya ma’qullandi. 1999 yil 24 noyabrdagi saylovda Mamadu Tanja prezident etib saylandi. Niger — 1960 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 18 dekabr — Respublika e’lon qilingan kun (1958). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Taraqqiyot jamiyati milliy harakati — Nassara, 1988 yil 2 avgustda tashkil etilgan; demokratik va sotsial Konvent, 1991 yilda tuzilgan; demokratik tiklanish uchun mustaqil milliy ittifoq, 1996 yilda tashkil etilgan; milliy ittifoq va taraqqiyot partiyasi — Salama; demokratik va taraqqiyparvar vatanparvarlar ittifoqi partiyasi. Niger mehnatkashlari kasaba uyushmalari birlashmasi, 1960 yilda asos solingan. Xo’jaligi. Niger — agrar mamlakat. Mustamlakachilik hukmronligi davrida iqtisodiyot, asosan, yer yong’oq yetishtirishga ixtisoslashgan edi. 1960-yillardan xo’jalikni davlat tomonidan tartibga solish kuchaydi, davlat va aralash korxonalar mavqei mustahkamlandi. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 12%, qishloq xo’jalik ulushi 37,5% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligi eng qoloq tarmoq hisoblanadi. Aholining 80% dan ko’prog’i shu sohada band. Tovar mahsulotining asosiy qismini mayda an’anaviy yarim natural dehqon xo’jaliklari beradi. Niamey va uning atrofida yirik mexanizatsiyalashgan xo’jaliklar tashkil topa boshladi. Dehqonlarning o’zaro yordam uyushmalari tashkil etildi. Yer yong’oq, paxta, sholi etishtiruvchi kooperativlar paydo bo’ldi. Qishloq xo’jaligi uchun yaroqli 15 million gektar yerdan (mamlakat hududining 12% ga yaqini) 42% haydaladigan va bo’z yerlar, 53% yaylov, 4% o’rmon. Dehqonchilik mamlakat Janub va Janubi-g’arbida rivojlangan. Atigi 12 ming gektar maydon sug’oriladi, bu joylarda irrigasiya inshootlari barpo etilgan. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: tariq, Nebe, maniok, shuningdek, bug’doy, makkajo’xori, shakarqamish, batat va boshqalar. Nigerda ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvachilik ustun. Qoramol, qo’y, echki, tuya, ot va eshak boqiladi. Savannalar qovjirashining oldini olish va yaylovlarni saqlab qolish uchun yangi o’rmonlar barpo etilgan. Niger va Komadugu-Yobe daryolarida, Chad ko’lida baliq ovlanadi. Sanoati. Nigerda uran, qalay, gips, osh tuzi, soda qazib olinadi. Ishlab chiqarish sanoati mahsulotining 3/4 qismini oziq-ovqat korxonalari beradi. Maradi, Magaria va Matameydagi yog’ zavodlari 130 ming tonna yer yong’oqni qayta ishlaydi. Zinderda yer yong’oq tozalaydigan 3 ta zavod, un-yorma korxonasi, Niameyda sut zavodi va sovitkichli kushxona, Tillaberi va Niameyda sholi oqlash fabrikalari, Niamey va Maradida pivo zavodlari bor. To’qimachilik fabrikasi, 5 ta paxta tozalash korxonasi, ko’nchilik zavodi mavjud. Binokorlik materiallari (tsement, sopol taxtachalar), kimyo mahsulotlari (sovun, upa-elik va dori-darmon) ishlab chiqariladi. Avtomashina kuzovi va tirkamalari yig’iladi, mebel va mayda qishloq xo’jalik anjomlari va boshqalar ishlab chiqariladi. Kashtachilik, ko’nchilik, kulolchilik ichki bozorda muhim o’rin oladi. Yiliga o’rtacha 168 million kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Mamlakat ehtiyoji uchun zarur elektr energiyaning 50% Nigeriyadan olinadi. Nigerda temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llari uzunligi 19 ming kilometr, shundan 3 ming kilometr asfaltlangan. Niger daryosida kemalar qatnaydi. Niamey va Agadesda xalqaro aeroport bor. Chetga uran ekstraktlari, tirik mol va chorvachilik mahsulotlari, araxis yog’i, paxta, sabzavot chiqaradi, chetdan neft mahsulotlari, don, transport vositalari va asbob-uskunalar keltiradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Frantsiya, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Nigeriya, Jazoir. Pul birligi — Afrika franki. Tibbiy xizmati. Nigerda 3500 ga yaqin o’rinli 300 dan ortiq davolash muassasasi, 140 vrach xizmat ko’rsatadi. Sog’liqni saqlash va ijtimoiy ishlar vazirligi sog’liqni saqlashning markaziy organi hisoblanadi. Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Mamlakat aholisining 90% savodsiz. Maktab yoshidagi bolalarning 21% o’qishga jalb etilgan. Niger maorif tizimi frantsuz tizimi ta’sirida tashkil topdi. 6-7 yoshdan boshlab bolalar boshlang’ich maktabda 6 yil o’qiydi. O’rta maktab — 7 yillik. Davlatga qarashli boshlang’ich maktablardan tashqari xususiy maktablar ham bor. O’qituvchilar normal (pedagogika) bilim yurtlarida 4 yil mobaynida tayyorlanadi, 4 yillik va 1 yillik pedagogika kurslari ham bor. Maradidagi texnika litseyi, Agadesdagi konchilik bilim yurti hunar-texnika ta’limi beradi. Zinderda feldsher va sanitarlar tayyorlovchi milliy maktab, Niameyda sog’liqni saqlash maktabi, fuqaro aviatsiyasi va meteorologiya maktabi bor. Oliy o’quv yurtlari: Niamey universiteti, milliy ma’muriy kollej. Universitet huzurida matematika tadqiqot instituti, ijtimoiy fanlar tadqiqot markazi, geologiya tadqiqotlari byurosi ishlaydi. Bundan tashqari, Afrika birligi tashkilotining tilshunoslik, tarix va og’zaki an’analar tadqiqot markazi, Agronomiya tadqiqotlari milliy instituti, veterinariya laboratoriya va boshqalar mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Nigerda nashr etiladigan gazeta va jurnallar: «Saxel» (frantsuz tilida chiqadigan kundalik hukumat gazeta, 1960 yildan), «Saxel Ebdo» (frantsuz tilida chiqadigan hukumat haftanomasi, 1961 yildan), «jurnal ofisel de la Repyublik dyu Nijer» («Niger Respublikasining rasmiy gazetasi», frantsuz tilida 2 haftada bir marta chiqadigan hukumat xabarnomasi, 1933 yildan), «Nijerama» (har chorakda chiqadigan jurnal). Niger matbuot agentligi milliy axborot agentligi bo’lib, 1987 yilda tashkil etilgan. «Saxel ovozi» radio stansiyasi hamda Niger radioeshittirish va teleko’rsatuv hukumat xizmati mavjud. Me’morligi va badiiy hunarmandchiligi. Niger daryosi yuqori oqimida yashovchi o’troq xalqlarning yashash joyi guvaladan to’rtburchak qilib qurilgan yassi tomli uylardan iborat. Mamlakat Janub-g’arbida poxol kulbalar, sharqida esa guvala va toshdan kurilib tomi xashak bilan yopilgan uylar ko’p. Don omborlari doyra shaklida guvaladan 3 metrgacha balandlikda qurilib, tepasidan tuynuk qoldiriladi. Ko’chmanchi aholi (tuareglar, fulbelar) teri bilan yopilgan chodirlarda yashaydi. Shahar me’morligi — sudancha uslubning bir turi. Turar joy va masjidlar somonloy (Banko)dan kuriladi. Zinder, Taxua va boshqa joylardagi turar joylar to’g’ri burchakli rejada, palma ustunlardan gumbazli qilib yoki ikki nishabli qamish tomli kilib tiklanadi. Peshtoqiga o’ziga xos qabariq naqshlar solinadi. Niamey va boshqa shaharlarda yevropacha zamonaviy uy-joy va ma’muriy binolar qurilgan. Mamlakat poytaxti va uning atrofida, xausa elati istiqomat qiladigan viloyatlarda bosma rangdor naqsh solingan charm buyumlar — xaltalar, egar-jabduqlar, shippaklar, idishlar, hatto marjonlar yasaladi. Hamma joyda temirchilik, zargarlik, to’quvchilik tarqalgan. Bronza va kumushdan qadama naqsh solingan pichoqlar, kumush bilaguzuklar va shokilalar, ot yuganlari tayyorlanadi. Kulolchilik buyumlari orasida botiq naqshli idishlar ajralib turadi. Rangdor (qizil, oq, zangori) gazlamalar, qovoq po’stidan yasalgan idishlar ishlab chiqariladi. Teatri. Musulmon bayramlari kunlarida sayoq qiziqchilar qishloklarda yog’och qo’g’irchoqlarni o’ynatib, masxarabozlik qilishlari qadimdan davom etib keladi. 20-asrning 50-yillarida tashkil etilgan madaniyat markazlarida kichik teatr truppalari ishlay boshladi. Niameydagi madaniyat markazining direktori Dandobi Maxaman Nigerning dastlabki dramaturglaridandir. Uning «echkining sarguzashtlari» va «Kabrin Kabra afsonasi» kabi pyesalarini mamlakatning juda ko’p havaskorlik jamoalari sahnalashtirgan. 1964 yildan buen har yili o’tkaziladigan yoshlar haftasida mamlakatning barcha viloyatlaridan kelgan drama va folklore truppalari musobaqalashishadi. Kinosi. Niger mustaqillikka erishganidan keyin kino ishlab chiqarish rivojlana boshladi. 1962 yilda «to’y» deb atalgan birinchi film dunyoga keldi (rejissyor M. Alassan). Ushbu rejissyorning «Ganjaning o’limi» degan multfilmi 1966 yil Dakarda o’tkazilgan Jahon afrikalik negrlar san’at va madaniyat festivalida sovrin oldi. Shundan keyin «tovlamachining qaytishi», «men — nefman», «Kabaskabo», «uchrashuv», «qora bulutlar», «Ziyoratchi», «sexrgar», «xotin, Villa, mashina, pul» kabi filmlar yaratildi.