Nigeriya

Nigeriya (Nigeria), Nigeriya Federativ Respublikasi (Federal Republic of Nigeria) — G’arbiy Afrikada Gvineya qo’ltig’i sohilida joylashgan davlat. Maydoni 923,8 ming km2. Aholisi 129,93 million kishi (2002). Poytaxti — Abuja shahri. Ma’muriy jihatdan 36 shtat (state) va poytaxt okrugiga bo’linadi. Davlat tuzumi. Nigeriya — Federativ respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1999 yil 29 mayda qabul qilingan. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlikka. a’zo. Davlat boshlig’i prezident (1999 yildan Olusegun Obasanjo). U umumiy to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi va yana bir marta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy Assambleya (ikki palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Sohili kam parchalangan kambar pasttekislikdan iborat. Yer yuzasi shimolga tomon balandlashib boradi. Yoruba, udi, Jos platolari (eng baland joyi 1735 metr) bor. Platolardan Janubda Niger va Benue Daryo vodiylari joylashgan. Sharqiy qismining relefi tog’lik, ayrim cho’qqilarining balandligi 2000 metrdan ortiq. Nigeriya hududi tektonik jihatdan Afrika platformasi tarkibiga kiradi. Zaminining metamorfik jinslari mamlakat maydonining 50% ni tashkil etgan. Ular tarkibida tokembriy gneyslari, magmatit, amfibolit, kvarsit va slaneslar uchraydi. Sohil yaqinidagi botiqlar dengiz va kontinent cho’kindilari bilan to’lgan. Nigeriyaning Atlantika okeani sohilida neft va gaz konlari bor. Toshko’mir, lignit va qo’ng’ir kumir, niobiy (kolumbit), kalay, volfram, molibden, temir, boksit, marganes, asbest, qo’rg’oshin, rux va uran rudasi konlari topilgan. Mamlakatning shimoli-g’arbida oltin konlari ham bor. Iqlimi ekvatorial mussonli iqlim. Shimolda dekabrdan martgacha quruq shamollar esib turadi. Bahorda deyarli hamma joyda yomg’ir yog’adi. Yillik yog’in 500— 4000 mm. Ichki mintaqalarda eng issiq oy (aprel yoki may)ning o’rtacha temperaturasi 25— 33°, eng salqin oy (dekabr yoki yanvar) niki 20-27°. Yirik daryolari: Niger va uning irmoklari hamda Komadugu-yo- be. Nigerda kema qatnaydi. Chad ko’liga quyiladigan daryolari qurg’oqchil mavsumda juda sayozlanib qoladi. Tuproqlari qizil-sariq, laterit, qizil laterit, qizil-qo’ng’ir, qora tusli va allyuvial tuproqlar. O’simliklarining aksari tropik o’rmon va savannalardan iborat. Sohili kambar mangra o’rmonlari bilan qoplangan. Daraxtlarni ko’plab qirqish natijasida tabiiy o’rmonlar, asosan, qo’riqxonalarda saqlanib qolgan. Hayvonot dunyosi boy: fil, karkidon, qoplon, chiyabo’ri, yovvoyi mushuk, kiyik, jirafa va boshqalar yashaydi. Aholisi. Nigeriyada turli tillarda so’zlashuvchi 200 ga yaqin xalq bor. Gvineya tillarida so’zlashuvchi xalqlar — yoruba, igbo, ijo va nupelar ko’pchilikni tashkil etadi. Nigeriyada xausa tilida so’zlashuvchi xalqdar anchagina. Kanuri, fulbe xalqlari qam yashaydi. Sharqiy bantoid tillarida so’zlashuvchi xalqlardan ibibio va tivlar bor. Shahar aholisi — 35,2%. Aholisining yarmiga yaqini Islom diniga, qolgan qismi xristian va mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Rasmiy tillari — ingliz va frantsuz tili. Yirik shaharlari: Lagos, Ibadan, Ogbomosho, Kano, Ivo, Kaduna, Port-Xarkort, Ilorin, Zariya, Onicha va boshqalar. Tarixi. Hozirgi Nigeriya hududida dastlabki aholi manzilgohlari paleolit davrida vujudga kelgan. Miloddan avvalgi 4-3-ming yillikdayoq bu joylarda silliqlangan va sayqallangan tosh boltalar va sopol idishlar yasalgani ma’lum. 1-mingyillikda moddiy madaniyat nisbatan yuqori darajada bo’lgan. Milodiy 8-10-asrlarda Nigeriya hududida xausa xalqining shahar-davlatlari (Kano, kasina, Zariya va boshqalar) vujudga kelgan. Benin qirolligi o’sha davrdagi eng yirik davlatlardan biri bo’lgan. 13-asrda hozirgi Nigeriya hududiga fulbe qabilalari kelib, ular tezda xausalar bilan aralashib ketgan. Nigeriya hududiga yevropaliklardan dastlab portugallar kelgan (1472). 1553 yilda Nigeriya sohillariga dengiz tarafdan inglizlar kirib bordi. Yevropalik mustamlakachilar «qora tanlilarni ov qilib», Nigeriya xalqlarining tabiiy taraqqiyot jarayonini susaytirdi. 1849 yil Beninda ingliz konsulligi paydo bo’ldi. 1861 yilda inglizlar Lagosni egalladilar. 1870-yillar oxirida mustamlakachilar Niger daryosi havzasida katta hududga urnashib oldilar. 1885 yilda «Oyl-Rivers protektorati» (1893 yildan Niger sohili Protektorata*) tuzildi. 1906 yilda uning tarkibiga Lagos ham qushib olindi, shundan so’ng «Janubiy Nigeriya mustamlakasi va protektorati» deb atala boshladi. 1914 yil 1 yanvardan hozirgi Nigeriya hududi «Nigeriya mustamlakasi va protektorati» nomini oldi. 20-asr boshidan inglizlar Nigeriyadan arzon mineral va qishloq xo’jaligi xom ashyolari manbai sifatida foydalana boshladilar. Mustamlakachi ma’murlarning jabr-zulmi va bedodligiga qarshi tez-tez g’alayonlar bo’lib turdi. 1-jahon urushi (1914-18) dan so’ng Nigeriyada dastlabki ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar paydo bo’la boshladi. 1920 yilda G’arbiy Afrika Milliy kongressining Nigeriya bo’limi tashkil etildi. 1922 yilda Nigeriyada birinchi siyosiy partiya — Milliy demokratik partiya tuzildi. 20-yillar oxiri — 30-yillar boshida yangi ommaviy tashkilotlar vujudga keldi. 2-jahon urushi davri (1939-45) da chetdan tovar keltirish keskin kamaydi, natijada mahalliy sanoatning o’sishiga sharoit tug’ildi. Teri oshlash, ip gazlama to’qish, meva va sabzavotni qayta ishlash korxonalari vujudga keldi. Mahalliy tadbirkorlar Nigeriyaga o’z ichki ishlarini o’zi boshqarish huquqi va siyosiy mustaqillik berilishini talab qila boshladi. 1944 yil avgustda dastlabki Umumnigeriya siyosiy partiyasi — Nigeriya va Kamerun Milliy kengashi (1962 yildan Nigeriya fuqarolari Milliy kengashi) tuzildi. 1940-yillar boshida Nigeriyada kasaba uyushmalari vujudga kela boshladi. 1945 yilda hali yaxshi uyushmagan ishchilarning birinchi ish tashlashi bo’lib o’tdi. 1950-51 yillarda yana yangi partiyalar tuzildi. 1958 yil oktabrda Londonda bo’lgan konstitutsion konferentsiyada Nigeriyaning barcha joylaridan kelgan vakillar Nigeriyaga mustaqillik berishni Buyuk Britaniyadan talab qildilar. 1960 yil Nigeriyaga Britaniya Hamdo’stligi tarkibida mustaqillik berildi. Shu yili Nigeriya BMTga qabul qilindi. 1963 yil 1 oktabrdan Nigeriya Federativ respublika deb e’lon qilindi. 1964 yil 30 dekabrda federal parlamentga saylov o’tkazilib, yangi hukumat tuzildi. Ammo hukumat aholining turmush darajasini oshirish haqidagi va’dalarini bajarmay, milliy manfaatlarga zid siyosat yuritganligi ilg’or kuchlarning norozilik kayfiyatini qo’zg’atdi. 1966 yil 15 yanvarda harbiy to’ntarish bo’lib, Federal harbiy hukumat tuzildi. 1966 yil 29 iyulda yana harbiy to’ntarish bo’ldi. Yangi hukumat Federativ idora usulini darhol tikladi. Ammo, shundan keyin ham ketma-ket harbiy to’ntarishlar sodir bo’lib, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir qildi. Nihoyat, 1999 yil 20 Fevral kuni parlament saylovi va o’sha yil 27 Fevralda prezident saylovi bo’ldi. Harbiylar hokimiyatni yangi saylangan prezident Olusegun Obasanjoga topshirdilar. Milliy bayrami — 1 oktabr — Mustaqillik kuni (1960). Nigeriya O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 11 martda tan oldi va o’sha yil 28 avgustda diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Demokratiya uchun ittifoq partiyasi, 1998 yilda tashkil etilgan; umumxalq partiyasi, 1998 yilda tuzilgan; Xalq demokratik partiyasi, 1998 yilda asos solingan. Nigeriya mehnat Kongressi, mamlakatning yagona Markaziy kasaba uyushma tashkil oti, 42 tarmoq kasaba uyushmasini birlashtirgan, 1978 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Nigeriya — yirik sanoat salohiyatiga ega bo’lgan afar mamlakat. Yalpi ichki mahsulot va tashki savdo hajmi jihatidan Afrikada 2-o’rinda (jardan keyin) turadi. Yalpi ichki mahsulotning yarmi sanoatda, taxminan 30% qishloq xo’jaligi va xizmat ko’rsatish sohasida ishlab chiqariladi. Nigeriya dunyoda neft eksport qiluvchi 10 ta yirik mamlakat jumlasiga kiradi, neft qazib olish sohasida Afrikada birinchi o’rinni egallaydi. Qishloq xo’jaligi —mamlakat iqtisodiyotining asosi, iqtisodiy faol aholi yarmidan ko’prog’ining tirikchilik manbai. Eng ommaviy dehqonchilik shakli jamoa dehqonchiligidir. Mamlakatdagi 8 millionga yaqin fermer xo’jaligi qishloq xo’jaligi mahsulotining 90% ni beradi. Haydaladigan yerlarning anchagina qismida oziq-ovqat ekinlari, asosan, ildizmevali va donli ekinlar yetishtiriladi. Dehqonchilikda dukkakli ekinlar, shakarqamish, sabzavot va ho’l mevalar muhim o’rin oladi. Eksport uchun moyli palma, kakao, yer yong’oq, kauchukli o’simlik, paxta yetishtiriladi. Chorvachilik, asosan, shimolda va quruq savannalar mintaqasida rivojlangan. Qoramol, qo’y va echki boqiladi. Shimolda yilqichilik, Janubda cho’chqachilik va hamma mintaqalarda parrandachilik bilan shug’ullaniladi. Daryolarda, Chad ko’li va Gvineya qo’ltig’i suvlarida qimmatbaho baliq turlari ko’p bo’lsada, baliq ovlash unchalik rivojlanmagan. Baliqchilik mahsulotlari mamlakat aholisi ehtiyojlarini qondira olmaydi. O’rmon xo’jaligidagi asosiy yog’och zaxiralari Niger daryosi etaklarida va Janubiy-Sharqiy dengiz sohilida joylashgan. Daraxtzorlar 23 ming km2 ni tashkil etadi. O’rmonlar tartibsiz kesilishi natijasida qimmatbaho yog’och olinadigan daraxtlar kamayib ketdi. Mamlakatda o’rmon xo’jaligini tiklash tadbirlari ishlab chiqildi, yog’och eksport qilish taqiqlandi. Sanoatida konchilikasosiy o’rinni egallaydi. Neft va tabiiy gaz, shuningdek, qalay va niobiy rudalari, toshkumir, temir rudasi va boshqa ba’zi turdagi foydali qazilmalar — Nigeriya konchilik sanoatining asosiy xom ashyo negizi. Ozroq miqdorda volfram, tantal, toriy, tsirkon, uran, oltin, polimetall rudalar va boshqalarlar ham qazib olinadi. Xilma-xil nometall qazilmalar orasida ohaktosh, kaolin, qurilishbop qum, shag’al bor. Mahalliy temir ruda, toshko’mir, ohaktosh va utga chidamli gilmoya negizida metallurgiyani rivojlantirishga kirishildi. Jumladan, 2000 yil oxirida Ajaokutda tropik Afrikadagi eng yirik metallurgiya kombinatining birinchi navbati qurib bitikazildi. Neftni qayta ishlash zavodlari, «Pejo», «Folksvagen», «Fiat» va boshqa avtomobil zavodlarining yig’uv liniyalari bor. Yiliga 9-10 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Niger daryosi buyidagi Kainji va Jebba GESlari, mamlakat Janubdagi yirik shaharlarda joylashgan issiqlik elektr markazlari elektr energetikaning asosini tashkil qiladi. Ishlab chiqarish sanoati tuzilmasida oziq-ovqat va yengil sanoat tarmoqlari yetakchi rol o’ynaydi. Nigeriyada 95 ta to’qimachilik fabrikasi, oziq-ovqat korxonalari bor. Ob-juvoz zavodlarida palma, yer yong’oq va chigit yog’i ishlab chiqariladi. Tamaki, meva-konserva, go’sht-sut, qand-shakar ishlab chiqarish korxonalari, tegirmonlar mavjud. Yog’ochsozlik sanoati Sapeldagi yirik yog’och tilish-faner ishlab chiqarish kombinatidan, Epadagi kombinat va boshqalar. 400 mayda yog’och tilish korxonalaridan iborat. Nigeriyaning yirik shaharlarida mebel fabrikalari, gugurt va tsellyuloza-qog’oz korxonalari barpo etildi. Mamlakat Janubdagi Nkala-gu, Port-Xarkort, Abeokut, Kalabar, Emen shaharlarida tsement, asbest-tsement taxtalar va quvurlar ishlab chiqarish zavodlari joylashgan. Lagos mashinasozlik va metall ishlash tarmoklarining yirik markazidir. Xalq hunarmandchiligi rivojlangan. Transporti. Avtomobil va temir yo’l transporti yetakchi o’rinda. Tashiladigan yuklarning 80% dan ko’prog’i ularning hissasiga to’g’ri keladi. Temir yo’llar uzunligi — 3,5 ming kilometr, avtomobil yo’llari — 124 ming kilometr. G’arbiy (Lagos—Kano) va Sharqiy (Port-Xarkort—Kaduna) temir yo’l magistrallari dengiz sohilini mamlakatning ichkari tumanlari bilan tutashtiradi. Neft quvurlari uzunligi — 3000 kilometr. Asosiy suv yo’li — Niger daryosi va uning irmoqlari bo’lib, ularda deyarli yil bo’yi kemalar qatnaydi. Ichki suv yo’llarining uzunligi — 7,4 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: Lagos (Apapa va Tinkan-Aylende), Port-Xarkort, Bonni, Forkados, Burutu, Varri. Havo transporti 2-jahon urushidan keyin rivojlana boshladi. Lagos, Kano va Ilorinda xalqaro aeroportlar bor. Tashqi savdosi. Chetga, asosan, neft, kakao, kauchuk, palma yong’og’i mag’zi, xom teri chiqariladi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, iste’mol mollari, oziq- ovqat va boshqalar keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Buyuk-Britaniya, AQSh, Frantsiya, Germaniya, Yaponiya, Braziliya. Pul birligi — nayra. Tibbiy xizmati. Davlatga qarashli tibbiy muassasalar bilan birga aralash va xususiy shifoxonalar ham bor. Federal sog’liqni saqlash vazirligi mamlakat miqyosida ommaviy profilaktika tadbirlarini o’tkazish, mutaxassislar tayyorlash, tibbiyotdagi huquqiy qonun-qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul. Davolash va kasalliklarning oldini olish muassasalariga Shtatlarning sog’liqni saklash vazirliklari bevosita raxbarlik qiladi. Vrachlar Ibadan, Lagos, Ife, Enugu, Beninsiti, Zariyadagi tibbiyot maktablarida tayyorlanadi. Tibbiy hamshiralar, doyalar, tish vrachlari va texniklari tayyorlanadigan o’nlab maktablar bor. Lagos, Kadun, Ibadan, Uzuakoli shlarida tibbiyot ilmiy tadqiqot markazlari mavjud. Lagosda Jahon sog’liqni saklash tashkilotining bezgakka qarshi kurash xalqaro markazi ishlaydi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Nigeriya mustaqillikka erishganidan keyin maorifni rivojlantirishga e’tibor berila boshladi. Katta yoshdagi aholi savodsizligini tugatish maqsadida qisqa muddatli kurslar ochildi. 1976 yilda 6 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy 6 yillik boshlang’ich ta’lim joriy etildi. O’qish mahalliy va ingliz tillarida olib boriladi. O’rta ma’lumot 5 yillik. Xususiy o’rta maktablar ham bor. 2-5 yillik hunar-texnika maktablarida malakali ishchilar, 4 yillik politexnikum va texnologiya kollejlarida esa o’rta texnik xodimlar tayyorlanadi. 29 universitet bor. Zariya, Lagos, Ibadan, Ife, Nsukka universitetlari eng yirik oliy o’quv yurtlari hisoblanadi. O’kish — bepul. Ko’pgina universitetlarning sirtqi bo’limlari bor. Nigeriya pedagogika tadqiqotlari kengashi, universitetlarning pedagogika fakultetlari, institutlari va tadqiqot markazlari, oshirilgan darajadagi ba’zi pedagogika kollejlari maorif va pedagogika fanlari sohasida ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug’ullanadi. Ilmiy muassasalari: Lagosdagi Nigeriya fanlar akademiyasi (1977 yilda tashkil etilgan), tibbiyot ilmiy tadqiqot kengashi (1974), Milliy okeanografiya va dengiz tadqiqotlari instituti (1975), Ibadandagi Nigeriya ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar instituti (1950), Federal o’rmonchilik markazi (1954), tropik o’simliklar baynalmilal instituti (1975), Oshodidagi Federal sanoat tadqiqotlari instituti (1955), Beninsitidagi palma yog’i instituti (1939), Moordagi Federal qishloq xo’jalik tadqiqotlari markazi (1910), Vomdagi Federal veterinariya markazi (1924), Samarudagi qishloq xo’jalik tadqiqotlari instituti (1924) va boshqalar. Yirik kutubxonalari: Ibadan, Lagos universitetlarining kutubxonalari, Ife, Lagos, Beninsiti, Jos, Ilorin va boshqa shaharlardagi kutubxonalar, Nigeriya Milliy kutubxonasi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Nigeriya matbuoti — tropik Afrikadagi dastlabki va eng rivojlangan matbuot. Ingliz va mahalliy tillarda 20 dan ko’proq gazeta va 10 haftanoma nashr etiladi. Ko’p nusxada chiqadigan eng nufuzli gazetalar: «Gardian» («posbon», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1982 yildan), «Deyli Sketch» («kundalik bayon» ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1964 yildan), «Deyli tayme» («kunduzgi vaqt», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1925 yildan), «Iroxin Yoruba («Yoruba xalqi yangiliklari», yoruba tilida chiqadigan gazeta, 1945 yildan), «Nayjirian Observer» («Nigeriya kuzatuvchisi», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1968 yildan), «Nayjirian tribyun» («Nigeriya minbari», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1949 yildan), «Neshnl Konkord» («Milliy totuvlik», Kundalik gazeta, 1980 yildan), «Nyu nayjirian» («Yangi nigeriyalik», ingliz tilida chiqadigan kundalik hukumat gazeta, 1965 yildan). Nigeriya axborot agentligi (Nan), hukumat axborot agentligi, 1978 yilda tashkil etilgan. Hukumatga qarashli Nigeriya Federal radiokorporatsiyasi 1978 yilda tuzilgan. Nigeriya teleko’rsatuv xizmatiga 1976 yilda hukumat tomonidan asos solingan. 8 shtatda shtat hukumatlari qaramog’idagi radio va telemarkazlar bor. Adabiyoti xalq og’zaki ijodiyoti bilan uzviy bog’langan. Yoruba, ibo, xausa tillarida adabiy an’analar vujudga kelgan. Zamonaviy Nigeriya adiblarining ko’pchiligi ingliz tilida yozadi. 19-asr oxiri va 20- asr boshlarida publisistika shakllandi. 20-asr 20-40-yillarida vatanparvarlik she’riyati (N. Azikiyove, D. Osadebey) yuzaga keldi. 30-yillarga kelib, dramaturgiya paydo bo’ldi va xristian cherkovlari faoliyati bilan bog’langan Bibliya mavzuida pesalar yaratildi. 30-40-yillarda N.ning ba’zi shaharlari (Onicha)da kitob bozorlari paydo bo’ldi. S. Ekvenzining ijtimoiy muammolarga bag’ishlangan «Shahar odamlari» (1954) romani va A. Tutuolaning yoruba folklori motivlari asosidagi «mayxo’r» (1952), «ruhlar o’rmonidagi hayotim» kabi asarlari Nigeriya prozasida yangi bosqich bo’ldi. T. Alukoning «qarindoshlar» (1968) romanida insonparvarlik g’oyalari o’z aksini topdi. O. Egbunaning «uylanish masalasi» romanida zamonaviy axloqning an’anaviy urf-odatlar b-n to’qnashuvi muammosi ko’tarilgan. Yosh adiblardan Ch. Achebening «Yemirish vaqti keldi», «Notinch hayot», «Xudoning o’qyoyi» asarlari Nigeriya prozasining rivojlanish yo’lini ko’p jihatdan belgilab berdi. 70-80-yillardagi dramaturgiya va she’riyat ijtimoiy mazmun bilan boyidi, ularda yangi zamon nishonalari o’z aksini topa boshladi (V. Shoyinkaning «Idanre» poemasi, «O’rmon raqsi», «yo’l» pesalari, K. Okigboning «osmon darvozasi», «labirintlar» she’riy kitoblari va boshqalar). 90-yillarda yangi iste’dodli qalam sohiblari adabiyotga kirib keldi. «Blek Orfyu» va «Okike» kabi adabiy jurnallar nashr qilinadi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Xalq me’morligi tabiiy iqlim sharoitiga moslashgan. Janub, Janubi-Sharq, Janubi-G’arbdagi tropik o’rmonlarda uylar to’g’ri to’rtburchakli shaklda yog’och, loy, to’qima novdadan quriladi, tomi ikki nishabli qilib, poxol va palma barglari bilan yopiladi. Markaziy Nigeriyada binolar aylana shaklida devori loydan, tomi poxol, shox-shabbadan konus shaklida ishlanadi. Savanna va chala cho’llarda uylar loydan to’g’ri burchakli qilib, tomi yassi qilib quriladi. 13— 15-asrlarda shaharlar reja asosida qurildi. 14-asrda shimolda Islom dini tarqalgach, masjidlar barpo qilindi. 2-jahon urushidan keyin Yevropa me’morligining ta’siri kuchaydi. Binolar haykal, naqshlar bilan ko’proq bezatildi. Nigeriya mustaqillikka erishgach, beton va metalldan qurilgan imoratlar quyosh to’sqichli, peshayvonli va Panjarali qilib milliy uslubda qurila boshladi (Ibadan universiteti binolari, kadunadagi Oliy sud binosi va boshqalar). Muhandis va me’morlar Yevropada, shuningdek, Lagosdagi texnologiya kollejining, Nsukka va Zariya universitetlarining me’morlik fakultetlarida tayyorlanadi. Nigeriya shimolda topilgan nok madaniyati mahsuli bo’lgan go’zal haykaltaroshlik va o’ymakorlik asarlari miloddan avvalgi 1-ming yillikka mansub deb hisoblanadi. Milodiy boshlarida Ife va Benin san’atining ilk namunalari — sopol va bronza haykallar ishlangani ma’lum. Nigeriya xalqlari yog’ochdan sanamlar, ajdodlar, chavandozlar, bolali ayollar haykalchalarini qadimdan yasab kelganlar. Nigeriyada yangi tasviriy san’atni rivojlantirishda A. Onabolu, O. Idax, F. Idexen, F. Idubor, B. Envonvu kabi haykaltarosh va rassomlar salmoqli xizmat qildi, ularning asarlarida mahalliy an’analar davom ettirilgani va zamonaviy Yevropa san’ati yutuqlari ijodiy o’zlashtirilgani ko’zga tashlanadi. Rassomlar orasida D. Nvoko, Yu. Grillo, J. Akolo, A. Ekong, A. Lasekan va boshqalar shuhrat qozongan. Badiiy hunarmandchilik rivojlangan. Yaxlit yog’ochdan odam va hayvon qiyofasi tasvirlangan, go’zal naqsh solinib, manzaralar o’yib ishlangan ro’zg’or anjomlari, g’aroyib shakldagi sopol, shisha va charm idishlar, zargarlik buyumlari tayyorlanadi. Bida oynasozlari naqshli idishlar, Kano zargarlari oltin va kumush bezaklar, naqshli bilaguzuklar yasaydilar. Benin-Sitida bronza quymalar va fil suyagi o’ymakorligi an’analari saqlanib qolgan. Niqob (marosimlarda, karnavallarda taqiladi), o’yma naqshli kursilar tayyorlash, matolar to’qish, kashtachilik, naqqoshlik san’ati rivoj topgan. Novda, poxol va qamishdan savat hamda bordon to’qish, yog’ochdan yelpig’ich, qovoq po’stlog’idan turli guldor idish va qoshiqlar yasash keng tarqalgan. Musiqasi. Nigeriya musiqiy madaniyatining xilma-xilligi bu yerdagi xalq an’analarining xususiyatlari bilan bog’liq. Professonal musiqa san’ati o’rta asrlarda tarkib topgan. Qabila keksalari rahbarligida yoshlar marosim raqslari va qo’shiqlarini, sozandalik sirlarini o’rganar edi. Arab sayyohlarining guvohlik berishicha, o’rta asr hukmdorlari saroylarida sozanda, xonanda va raqqosalarni saqlaganlar. 19-asrda mustamlakachilik siyosati va xristian da’vatkorlarining faoliyati oqibatida bir qancha mahalliy dinlar bilan birga diniy musiqa ham yo’q bo’lib ketdi. Yevropa musiqasining ta’siri kuchaydi. Nigeriya cholg’u asboblari orasida baraban eng ko’p tarqalganidir. Yelkaga osiladigan naqsh va haykalchalar bilan bezatilgan bir membranali, qo’ltiq ostiga osiladigan ikki membranali barabanlar, ngedegvu deb ataladigan chang mavjud. Arablar orqali nay, qo’shnay, doyra, ud, tsitra, algant kabi cholg’u asboblari kirib kelgan. Mustaqillikka erishilganidan so’ng professional musiqa madaniyati rivojlandi. Nigeriyada o’ziga xos kompozitorlar maktabi vujudga keldi. A. Yuba, F. Sovande, S. Akpabot, A. Bankole, A. Fiberezima va boshqa kompozitorlar mashhur. Folklor an’analaridagi spektakllarda xalq qo’shiklari va musiqasi yangraydi. Yubaning «o’rmon parilari», «Abiku» va «Alatangana» raqs dramalari bunga misol bo’la oladi. T. Oyelana «Adufe», «Qondagi sexr» spektakllariga musiqa yozdi. Nigeriyaning dastlabki operasi — «orukoro» Fiberezima qalamiga mansub. Teatri. Nigeriyada yashovchi xalqlar an’anaviy teatr tomoshalarining asosini maishiy va marosim raqslari tashkil etadi. Qishloqlardagi bayram va tantanali ayyomlarda milliy libos va niqob kiyib yurishgan, afsonaviy mazmundagi o’yinlar o’tkazib kelingan. Ularda tabiat kuchlarini ifodalovchi ilohlar, ajdodlarning arvohlari, afsona qahramonlari ishtirok etgan. 19-asr o’rtalarida shu asosda zamonaviy teatr shakllana boshladi. Yoruba teatrining asoschilaridan biri, shoir va qo’shiqchi Xubert Ogunde 1944-45 yillarda sayyor teatr jamosini tashkil etib, uning uchun nasihat va targ’ibot ruhidagi pyesalarini yozdi. Mustaqillik yillarida bu truppa professional sayyor jamoaga aylandi. Dramaturg va rejissyor Duro Ladipning 60-yillarda tuzgan teatr truppasi keyinchalik «Milliy teatr» nomini oldi. Havaskorlik drama teatrlarida esa Yevropa dramaturgiyasi va sahna texnikasidan foydalanila boshladi. Bir qancha Shtatlarda yangi jamoalar tuzilgan. Kinosi. 1945-47 yillarda bir necha hujjatli lentalar suratga olindi. 1960- yillar boshida rejissyor Sh. Olushola televideniye uchun bir qancha adabiy asarlarni va teatr spektakllarini ekranlashtirdi. Shundan keyin yaratilgan hujjatli filmlarning ayrimlari Toshkentdagi xalqaro festivallarda namoyish etildi. Birinchi to’la metrajli filmi «ikki kishi va echki» (1966) dir. «Shaxu Garbay» (1971), «ikki taqdir» (1972), «Loray bobo» (1973), «ovu-Arusun» (1974), «Qora ma’buda» (1977), «aye» (1979), «Pul hukmronligi» (1981), «Ozodlik uchun» (1981) va boshqa badiiy filmlar yaratildi. Mamlakatda 200 ga yaqin kinoteatr bor. Yiliga 6-8 badiiy film ishlab chiqariladi.