Neft suvlari

Neft suvlari, neft konlaridagi suvlar — neftli gorizontlardagi yer osti suvlari; neft va unda erigan gaz bilan bevosita aloqada bo’ladi. Neft qatlamlarida va neft uyumlariga nisbatan joylashishiga qarab quyidagi Neft suvlari farq qilinadi: chekka (konturli) suvlar — neft uyumidan quyida joylashgan; ostki (to’shak) suvlar— qalqib turgan neft uyumining tagida joylashgan; ustki suvlar— neftli qatlamining ustida joylashgan; bog’langan suvlar — g’ovaklar yuzasini o’rab oluvchi neft qatlamida mayda kapillyar naychalarni to’ldiruvchi suv; sun’iy kiritilgan suv — neft uyumlarini chiqarib olishda bosimni zarur darajada saklab turish uchun kiritiladi. Neft suvlarining geokimyoviy tarkibi mahsuldor gorizont va uyum tarkibining litologik xususiyatlari bilan bog’liq. Neft uyumlarining chekka Neft suvlarida organik kislotalar, benzol, fenol, og’ir karbonsuvlarning kontsentrasiyasi yuqori bo’ladi. Gaz uyumlaridagi suvlarda, odatda, organik qo’shimchalar kam. Ko’pincha Neft suvlarining tarkibi katta maydonlarda deyarli o’zgarmaydi. Neft uyumlari bilan bevosita tutashgan suvlar (chekka va ostki)ning minerallashuvi (200 g/l gacha va undan ziyod), gazga to’yinganligi, metan va benzol, ammoniyning miqdori o’ziga xos xususiyatlarga ega. Gidrokarbonat-natriyli Neft suvlari esa kam (10 g/l gacha) minerallashgan. Neft suvlarini o’rganish neftni qidirish, razvedka qilish va kondan chiqarib olishda ahamiyati katta. Ko’pincha Neft suvlari shifobaxsh mineral suv sifatida yoki undan yod, brom, bor, radiy, bariy, strontsiy va boshqalar olishda foydalaniladi. Neft bilan birga chiqadigan Neft suvlari qattiq noorganik tuzlar hosil qilishi sababli neft qazib olishni murakkablashtiradi. Buning oldini olish uchun Neft suvlari tuzsizlantiriladi yoki neft suvsizlantiriladi.