Neft

Neft (turkcha neft, fors, neft), qoramoy — suyuq yonuvchi qazilma boylik, organik birikmalarning, asosan, uglevodorodlarning murakkab aralashmasidan iborat modda. Yer yuzasidan, asosan, 1,2—2,0 kilometr chuqurlikdagi yer osti gumbazlarining g’ovak yoki seryoriq tog’ jinslari (qum, qumtosh, ohaktoshlar)da joylashgan. Chiqarilayotgan Neft, asosan, burg’ilangan quduklardan olinadi. Neft o’ta muhim yonilg’i-energiya manbai bo’lib, benzin, kerosin yonilg’isi, mazut, moylash materiallari va bitumlar olishda asosiy xom ashyo sifatida ishlatiladi. Neft qora yoki qo’ng’ir, ba’zan och malla rangli bo’lib, o’ziga xos hidi bor. Zichligi 750-970 kg/m3. Zichligi 20° da 850 kg/ m3 dan past bo’lgan Neftlar yengil, 851 -885 kg/m3 — o’rtacha og’irlikdagi va 885 kg/m3 dan yuqorilari og’ir Neft hisoblanadi. Qaynash temperaturasi 28° dan yuqori. Qotish temperaturasi -60°dan -26° gacha, 50° dagi qovushoqligi 1,2—55 mm2/s, solishtirma issiqlik sig’imi 1,7—2,1 kj/ (kg.K), yonish issikligi 43,7—46,2 MJ/ kg ga teng. Chaqnash harorati 35— 120°. Organik erituvchilarda eriydi, suvda erimaydi, lekin suv bilan turg’un emulsiya hosil qiladi. Neft tarkibida parafin, naften va aromatik uglevodorodlar bo’ladi, uglerod 82-87%, vodorod —11,5—14,5%, oltingugurt 0,1—5,5%ni tashkil etadi. Bundan tashqari, vanadiy, nikel, kaltsiy, magniy, temir, alyuminiy, kremniy, natriy kabi 20 dan ortiq elementlar, 5% gacha har xil aralashmalar —naften kislotalar, asfalt-smola moddalar, merkaptanlar, vodorod sulfid, tiofen va tiofanlar, disulfidlar, piridin, piperidin va boshqalar mavjud. Neft tarkibidagi oltingugurt miqdoriga qarab kam oltingugurtli (0,6% gacha), oltingugurt- li (0,6—1,8%) va ko’p oltingugurtli (1,8%dan ortiq) sinflarga bo’linadi. Ba’zi olimlar Neftni tabiatdagi kimyoviy o’zgarishlar natijasida hosil bo’lgan deb hisoblaganlar. Bu haqda 2 qarama-qarshi fikr — anorganik va organik gipotezalar mavjud. Anorganik gipoteza asoschisi frantsuz kimyogari M. Bertlo (1866) Neft yer qa’rida karbonat kislotaning ishkrriy metallarga ta’siri natijasida, shunga o’xshash, D. I. Mendeleyev (1877) yer qa’riga sinish zonalari orqali tushgan suvning uglerodli metal (karbid) larga ta’siri natijasida hosil bo’lgan, degan fikrni bildirganlar. 20-asr boshlarida esa Neft hosil bo’lishining organik gipotezasi rivojlantirildi va cho’kindi jinslardagi sapropel (organik balchiq) bilan Neft uzviy aloqada deb topildi. Bu gipotezaga ko’ra, Neft ko’l va dengiz ostida cho’kindi jinslar bilan birga cho’kadigan har xil yirik hayvonlar (qadimgi ixtiozavrlar, kitlar va kashalotlar)dan tortib planktonlargacha bo’lgan jonivorlar va o’simlik qoldiqlaridan hosil bo’lgan. Dengiz va ko’l tubida yig’ilgan organic moddaning bir qismi dengiz jonivorlariga oziq bo’lsa, bir qismi suvda erigan kislorod bilan oksidlanib yo’qolgan va organik moddaning juda oz (2-3% gacha) miqdori dengiz tubida loyqaga aralashib, unga qoramtir tus bergan. Loyka ichida organik modda kislorodsiz muhitda anaerob bakteriyalar ta’sirida o’zgargan. Cho’kindi jinslar tarkibidagi sapropelning bir necha million yillar davomida o’zgarib Neft hosil bo’lishi laboratoriya sinovlarida amaliy jihatdan o’rganilgan. Bunda yer po’stining 1200-1500 metr chuqurligidagi organik moddalarning murakkab molekulalari parchalanib, gazsimon, suyuq va qattiq uglevodorodlar ajralib chiqishi mumkin. Undan ham chuqurroq (3000-4000 metr)da jarayon yanada tezlashib, Neft hosil bo’lishining bosh fazasini vujudga keltirgan va uglevodorodlar maksimal miqdorda ajralib chiqqan. Neftli qatlamlar yer po’sti tarixining hamma davrlariga mansub qavatlarida uchraydi, ammo eng ko’p zaxirasi devon, yura, bur va to’rtlamchi davr yotqiziqlarida joylashgan. Neftli qatlamlar maydoni 1000 km2, qalinligi 100 metrgacha yetib, bir konda bir necha Neftli katlam mavjud bo’lishi mumkin. Neft juda qadimdan ishlatib kelingan. Yaqin Sharqda joylashgan qadimgi davlatlarda aholi Neft va bitumdan foydalanganligi haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Jumladan, tarixiy manbalarda Suriya va Iroqdan oqib o’tadigan Furot daryosining sohillarida miloddan 4-6 ming yil avval, ikki daryo oralig’iga joylashgan Shumer davlati (hozirgi Iroq)da, Bobilda, qadimgi Misrda yunon va rimliklar idishlar yasashda, haykallarni bezashda, saroy va yo’l qurilishlarida, jasadlarni balzamlash va mumiyolashda Neft ishlatganliklari qayd etilgan. Neft kuygan joyni, shish, revmatizm va teri kasalliklarini davolashda ishlatilgan. Yunon tabibi Gippokrat Neft bilan tayyorlangan dorilar tarkibini, italiyalik mash-hur sayyox. Marko Polo (1254-1324) Kavkazda «yer moyi» borligini, undan yonilg’i sifatida foydalanish va tuyalarni davolashda ishlatish mumkinligini yozib qoldirganlar. Qadimgi Sharqda Neftdan harbiy maqsadlarda ham foydalanganlar. Shuningdek, miloddan avvalgi 331 yil Neftdan Genuya (Italiya) ko’chalarini yoritishda foydalanganliklari ma’lum. Neft chiqarish qadim zamonlardan ma’lum. Miloddan avvalgi Kissiyada Neft quduqlardan chiqarilgan. Midiya, Bobil va Suriyada Neft ochiq suv havzalari yuzidan yig’ib olingan. O’sha davrda yerni burg’ilamasdan yer yoki suv yuzasidagi, qudukdardagi tayyor Neftni yig’ib olganlar. 15-asrda Italiyada Neftli qumtosh va ohaktoshlarni qizdirib va siqib Neft olingan. 1868 yilda Qo’qon xonligida ko’ldan ariqlarda oqib chiqadigan suv yuzasidan Neft yig’ib olingan; buning uchun ariqlarga ostidan suv o’tadigan, yuzida esa Neft yig’iladigan to’siq qilingan. 17-asrda Bokuda quduqlardan Neft chiqarilgan. Bunday quduqlarning chuqurligi 27 metrgacha bo’lib, devorlari toshlar yoki yog’ochlar bilan mustahkamlangan. O’zbekistonda Neft chiqarish 1876 yildan boshlangan. Farg’onaning Qamishboshi qishlog’ida tadbirkor D. P. Petrov tomonidan 19-asrning 80-yillari boshida 25 metrgacha burg’ilangan 2 ta quduqning har biridan kuniga 10 pud (160 kilogramm) gacha Neft chiqarilgan. 19-asrning 60-yillaridan Neft burg’i quduqlari orqali chiqarila boshladi. 1865 yilda AQShda birinchi marta Neft mexanik usulda (nasos yordamida) chiqarilgan. Bu usul 1874-95 yillarda Gruziya, Boku va Grozniydagi konlarda ham joriy etilgan. Neftni burg’i kuduklari orqali chiqarish usuli, asosan, 20-asrning 30-yillariga kelib ancha takomillashdi. Neft chiqarish uchun Neft atrofida joylashgan suv yoki gaz bosimini oshirish usuli bilan qatlam g’ovaklaridagi Neft quduq zaboyiga yig’iladi. Suv bosimi, odatda, boshlang’ich Neft zaxirasining 50-80% ini, gaz esa atigi 20— 50%ini siqib chiqaradi. Odatda, tashqaridan berilayotgan suv qazib chiqarilayotgan Neftning o’rnini to’la egallay olmaganligidan bosim kamayib ketadi. Natijada Neftning favvora bo’lib tabiiy otilishi tugaydi. Shundan keyin Neft kompressor yordamida chiqariladi. Neftni kompressor bilan chiqarishda quduqqa Neft gazi yoki havo haydaladi; ular Neftga aralashib, zichligini kamaytiradi, natijada Neft va gaz aralashmasining sathi quduq yuzasigacha ko’tarilib, Neftning favvora bo’lib otilishi davom etadi. Neft quduqlardan Neft nasosi yordamida ham chiqariladi. Qatlam bosimining pasaya borishi natijasida quduq debitining tushishi Neft chiqarishning iqtisodiy ko’rsatkichlarini yomonlashtiradi. Neft konlarini ishga tushirish nazariyasi, ayniqsa, yer osti gidrogazodinamikasining rivojlanishi natijasida Neft chiqarishning yangi usullari ishlab chiqildi. Bularda Neft qatlamlariga suv yoki gaz haydash yo’li bilan qatlam bosimini butun ekspluatatsiya mobaynida deyarli birday ushlab turish mumkin. Ad.: Akramxodjaev A. M., Genezis nefti i gaza, M., 1967; Geologiya i metodi izucheniya neftegazononosti drevnix delt: M., 1986. Ehson Umarov.