Nelson g’o’zasi

Nelson g’o’zasi (Gossypiutn nelsonii Frux.) — yovvoyi g’o’za turi. Birinchi marta 1974 yilda amerikalik olim P. Friksel ta’riflab bergan. Avstraliyaning shimoliy-g’arbiy qismida, tog’ massivining shimoliy tomonidagi qoyalar bag’rida tarqalgan. Nelson g’o’zasi bo’yi 2 metrgacha yetadigan, qalin tuklar bilan qoplangan tik o’suvchi buta. Barglari dumaloq tuxumsimon shaklda, uchi to’mtoq, ba’zan barg bo’laklari zo’rg’a seziladi. Barg shira bezlari yirik, qizil. Gullari o’rtacha kattalikda, barg qo’ltig’ida yoki hosil shoxlarida to’pgul ko’rinishida bo’ladi. Gulbarglari pushti, asosida aniq ko’rinadigan to’q qizil dog’lar bor. Ochilmaydigan mayda gullari ham uchraydi. Gulyonbargchalari juda mayda, qilichsimon shaklda, tukli, to’kilib ketmaydi. Ko’saklari 3-5 chanoqli, tuxumsimon, uchi tekis, sirti qora smolali juda ko’p bezchalar bilan qoplangan. Chigitlari konussimon, ustida 5 millimetrcha tuklari bor. Bu tur g’o’za tezpisharligi va hosildorligi bilan ajralib turadi. Biologik xususiyatlari yetarli o’rganilmagan.