Neokeynschilik

Neokeynschilik – iqtisodiyotni tartibga solish bo’yicha nazariya, keynschiliknnng 2-jahon urushidan so’ng yuzaga kelgan, tarixiy sharoitga moslashgan shakli. Neokeynschilikning tanikli vakillari — R. Xarrod, N. Kaldor, J. Robinson, E. Domar, A. Xansen. Neokeynschilik 20-asrning 50- yillari boshida jahondagi iqtisodiy inqiroz, ilmiy-texnika inqilobi, mustamlakachilikning yemirilishi ta’sirida shakllandi. Yangi tarixiy sharoitda iqtisodiy o’sish sur’atlari ancha pasaydi, inqirozlar davri tez-tez takrorlanadigan bo’lib qoldi. Bu sharoitlarda nazariya va iqtisodiy siyosat J. M. Keyns g’oyalari bilan chegaralanishi mumkin emas edi. Neokeynschilik asosiy e’tiborni kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning miqdoriy bog’lanishlariga qaratdi. Iqtisodiy o’sish muammolariga davlatning eng muhim iqtisodiy siyosati sifatida qaraladigan bo’ldi. Neokeynschilikga ko’ra, kapitalistik (bozor) iqtisodiyot yangi sharoitda iqtisodiy muvozanatni stixiyali tartibga solish mexanizmini yo’qotadi va uni davlat tomonidan doimiy va bevosita tartibga solish zarurati yuzaga keladi. Shu sababli iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy muammolari ham o’zgarib, inqirozga qarshi tartibga solishning bandlik nazariyasidan iqtisodiy usish nazariyasiga katta e’tibor berildi. Neokeynschilik metodologiyasida takror ishlab chiqarish muammolariga makroiqtisodiy, xalq xo’jaligi nuqtai nazaridan yondoshuv mavjud. Unda milliy daromad, umumiy ijtimoiy mahsulot, umumiy talab va taklif, umumiy investitsiya va boshqalar. Kategoriyalardan foydalaniladi, ular takror ishlab chiqarish jarayonining ba’zi bir eng umumiy miqdoriy bog’lanishlarini tahlil qilishga imkon beradi. J. M. Keynsning takror ishlab chiqarish, shuningdek, multiplikator nazariyasi to’ldiriladi. Neokeynschilik akselerator nazariyasini ilgari surdi. Ikkala nazariyani birlashtirish natijasida takror ishlab chiqarishning kengayishini ijtimoiy-iqtisodiy jarayon sifatida emas, balki texnika-iqtisodiy jarayon deb tushuntiriladi. Neokeynschilik tarafdorlari kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning o’ziga xos formulalarini yaratdilar va uni iqtisodiy o’sish modellari, deb atadilar. E. Domar va R. Xarrod tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy o’sish modelida (Xarrod— Domar modeli) iqtisodiyotni mo’tadil sur’atlarda o’sishi dinamik barqarorlikning asosiy sharti sifatida qaraladi. Dinamik barqarorlik va doimiy o’sishga erishish avtomatik ravishda bo’lmasligi, balki davlatning iqtisodiyotda faol ishtiroki tufayli ro’y berishi mumkinligi ta’kidlanadi. Daromad o’sishini ta’minlashda investisiyalarning roli, ishlab chiqarish quvvatlarining oshirilishi muhim, ya’ni iqtisodiy o’sish bandlikka yordam beradi. Neokeynschilik ta’limoti chuqur inqirozlar, urush va urushdan keyingi davrlar uchun samarali bo’ldi. 20-asrning 70-yillaridan boshlab Neokeynschilik ta’limotiga nisbatan davlatning iqtisodiyotga aralashuvi bo’yicha neoliberalizm g’oyalari oldingi o’ringa chiqdi. Abduxalil Razzoqov.