Niderland tili

Niderland tili, golland tili — hind-Yevropa tillari oilasidagi german tillari guruhiga mansub, Niderlandiya, Belgiya, Vest-Indiyada, qisman AQShda tarqalgan. Niderlandiya Qirolligining rasmiy tili, Belgiya Qirolligining rasmiy tillaridan biri (frantsuz tili bilan birga). Niderland tilida 20 milliondan ortiq kishi so’zlashadi. Niderland tili o’rta asrlarda salik franklari qabilaviy lahjalarining Friz va sakson qabilaviy lahjalari bilan o’zaro ta’sirlashuvi jarayonida shakllangan. O’z tarixida 3 rivojlanish bosqichini o’tgan: qadimgi niderland (9-11-asrlar), o’rta niderland (12-15-asrlar) va yangi niderland (16-asrdan boshlab; bu davr hoz. niderland tiliga o’tish bosqichidir). 1650 yilda shimoliy Niderlandlar tili «golland tili» deb atalgan. 19-asrda Niderlandiya Qirolligi vujudga kelgach, «niderland tili» termini barqarorlashib qoladi. Yagona adabiy til me’yoriy asoslari, til taraqqiyoti markazining shimolga ko’chishi munosabati bilan 17-asrda vujudga keladi. Adabiy tilning og’zaki va yozma ko’rinishlarida, shuningdek, shimoliy va Janubiy variantlarida fonetik va grammatik sathlarda, leksikada muayyan hududiy farqlar mavjud. Niderland tili dialektal jihatdan shimoliy-Markaziy, shimoliy-g’arbiy, Janubiy-Markaziy, Janubiy-g’arbiy, shimoliy-Sharqiy, Janubiy-sharqiy lahja guruhlariga ega. Fonetikasi jarangsiz portlovchi undoshlarning mavjudligi, diftonglarga boyligi, urg’uning, asosan, o’zakka tushishi bilan ajralib turadi. Til xususiyatlariga va grammatik qurilishiga ko’ra, Niderland tili analitik tipdagi tillardandir. Ko’p jihatdan nemis tiliga juda yaqin, lein sifatlarning turlanmasligi, gapdagi so’z tarkibining o’ziga xosligi jihatdan farqlanadi. Niderland tili yozuvi lotin grafikasiga asoslangan. Ad.: Lingvisticheskiy entsiklopedicheskiy slovar, M., 1990.