Neoklassisizm

Neoklassisizm – 19-asr 2-yarmi -20-asrlar san’atida antik san’at, Uyg’onish davri san’ati va klassitsizmning mumtoz an’analariga tayangan ijtimoiy yo’nalish va g’oyaviy mazmun jihatidan turlicha bo’lgan oqimlarni ifodalovchi atama. Neoklassisizm (o’tmish san’atga murojaat etish dasturi sifatida) jonli borliqqa qandaydir «abadiy» estetik qadriyatlarni qarama-qarshi qo’yishga intilish zaminida paydo bo’lgan (rassom X. Mare, A. Feyerbax, haykaltarosh A. Xildebrand va boshqalar). «Neoklassisizm» atamasi 17-asr — 18-asr 1-yarmidagi klassitsizmdan farqlash maqsadida 18-asr 2-yarmi —19-asr 1-choragidagi klassisizmga nisbatan ham qo’llanadi. Neoklassisizm, ayniqsa, me’morlik va tasviriy san’atda keng tarqaldi, shuningdek, adabiyot va musiqa taraqqiyotiga ham ta’sir ko’rsatgan. Me’morlikda 20-asr boshlarida modernning o’ta hashamdor va noaniq qurilmalariga aks ta’sir sifatida yorqin namoyon bo’ldi (O. Perre — Frantsiya; P. Berens — Germaniya; O. Vagner — Avstriya va boshqalar). 30-yillarda Italiya va Germaniya me’morligida dabdabali inshootlar qurilishida keng qo’llandi. 50-yillardan, asosan, AQSh rasmiy inshootlarida rivojlandi (E. Stoun, G. Groppius, F. Jonson va boshqalar), Rossiya (I. Joltovskiy, I. Fomin va boshqalar) me’morlari ijodida namoyon bo’ldi. Tasviriy san’atda «Neoklassisizm» atamasi keng qamrovli bo’lib, turli badiiy oqimlarga nisbatan qo’llanadi, klassik obrazning ichki uyg’unligini zamonaviy hayotdagi nomutanosiblikka qarama-qarshi qo’yish xohishi kuchli ifodalanadi. Neoklassisizmning hayratga soluvchi ayrim nuqtalari prerafaelitlar (19-asr o’rtalari) ijodida seziladi. Yaxlit hodisa sifatida nemis neoidealizmi (1870-yil oxiri)ning nazariy qarashlari va amaliyotida namoyon bo’ldi; imperessionizmdan ta’sirlanish ko’rinishlaridan biri sifatida keng tarqaldi. 19-asr oxiri —20-asr boshlarida so’nggi akademik an’analar bilan antik san’at dasturlarini uyg’unlashtirgan Neoklassisizm modern uslubi bilan yaqinlashgan. Haykaltaroshlar A. Mayol, E. A. Burdel (Frantsiya), G. Vigelann (Norvegiya), K. Milles (Shvesiya), S. T. Konenkov, A. T. Matveev, S.D. Merkurov (Rossiya) va boshqalar, rassomlar F. Xodler (Shveytsariya), P. Tovi de Shavann, M. Deni (Frantsiya), V. A. Serov, A. E. Yakovlev (Rossiya) va boshqalar ijodida insonparvarlik asoslari saqlandi. 20-30-yillar tasviriy san’atida ba’zi oqimlar (futurizm, kubizm va boshqalar)ga javob tarzida paydo bo’lgan oqim va yo’nalishlarning ham Neoklassisizmga aloqadorligi kuzatiladi. O’z navbatida Neoklassisizm ham Germaniya, AQSh va boshqa mamlakatlar san’ati oqimlariga ta’sir ko’rsatgan. Musiqada 20-asrda musiqiy romantizm va, ayniqsa, ekspressionizm uslublariga aks ta’sir sifatida rivoj topgan. Ilk klassik hamda undan oldin bo’lgan ba’zi uslublar (masalan, barokko) ning musiqiy xususiyatlarini tiklashga asoslangan. Neoklassisizm asarlari polifonik vositalarning rivojlanganligi, musiqa shakli mantiqiy qoidalariga asoslanganligi, badiiy obrazlar ob’yektiv ruxda yaratilganligi bilan ajralib turadi. Yirik vakillari: I. Stravinskiy, P. Xindemit, B.Bartok, A. Kazella, O. Respigi, A. Lyutoslavskiy va boshqalar. O’zbekistonda Neoklassisizmga F. YanovYanovskiy, T. Qurbonov va boshqalar murojaat qilgan.