Neokonfutsiychilik

Neokonfutsiychilik (Neo… va Konfutsiychilik) — Sun dinastiyasi hukmronligi davrida (10-13-asrlar) Xitoy falsafasida paydo bo’lgan oqimlardan biri. Ilk konfutsiychilikdan, asosan, uning axloqiysiyosiy g’oyasidan farqli o’laroq, Neokonfutsiychilikda ontologiya, naturfalsafa va kosmogoniya masalalari muayyan o’rin egallaydi. Neokonfutsiychilik vakillari yangi g’oya va tushunchalarni, xususan, ili (burch va qonun) sin-min (tabiat va taqdir) kabi tushunchalarni ishlab chiqdilar. 10-11-asrda yashab, ijod etgan Sun-Fu, Xu-yuan va Shi Sze Neokonfutsiychilik asoschilari hisoblanadi. Neokonfutsiychilikda 6 ta asosiy kontseptsiya — buyuk chegara, printsip (li-qonun), moddiy kuch, inson tabiati, narsalar tabiatini anglash, insonparvarlik muhim o’rin tutadi. Neokonfutsiychilik Min dinastiyasi davrida (1368-1644) yanada rivojlandi, unga oid kitoblar nashr qilindi. Neokonfutsiychilik 20-asrning 30-yillarida Chen-Chju maktabi g’oyalari Fen Yulan falsafiy karashlarining shakllanishida asosiy manba bo’ldi. Neokonfutsiychilik Yaponiya, Koreya va Vetnamda ham katta ta’sirga ega bo’lgan. Neokonfutsiychilik 1949 yilda XXR barpo etilgach, barham topdi.