Neologizmlar

Neologizmlar (Yunoncha neos — yangi, logos — so’z) — jamiyat taraqqiyoti, hayotning talab-ehtiyoji bilan paydo bo’lgan yangi narsa va tushunchalarni ifodalovchi so’zlar. Neologizmlarning yangiligi dastlab paydo bo’lgan vaqtlardagina sezilib turadi: vaqt o’tgach, ular «yangilik» xususiyatini yo’qotib, odatda, faol so’zlar qatoriga o’tadi. Masalan, o’zbek tili uchun bir qancha yil davomida yangi hisoblangan marketing, qayta qurish, reyting, tender so’zlari hozirgi kunda umumiste’moldagi so’zlarga aylanmoqda. Tildagi umumiy Neologizmlar bilan bir qatorda individual-uslubiy yoki okkazional Neologizmlar ham mavjud. Bunday Neologizmlar mualliflar tomonidan ma’lum bir kontekstda uslubiy talab asosida yaratiladi. Neologizmlar ilmiy asarlarda shu uslubga xos termin sifatida atash (nominativ) vazifasini bajaradi. Badiiy asarlarda, odatda, uslubiy vazifani bajaradi. Neologizmlarning paydo bo’lish yo’llari xilma-xil bo’lib, ular tilning mavjud lug’aviy tarkibi va grammatik qonun-qoidalari asosida yangi so’z yasash yo’li, shuningdek, mavjud so’zning lug’aviy ma’nolaridan birini yangi ma’noda qo’llash yo’li bilan va boshqa tildan so’z qabul qilish orqali hosil qilinadi.