Neoplatonizm

Neoplatonizm (Neo… va platonizm) — yunon falsafasidagi oqim. 3— 6-asrlarda paydo bo’lgan. Neoplatonizm namoyandalari Plotin, Porfiriy, Prokl. Neoplatonizm vakillari Platonntg moddiy dunyo g’oyalar dunyosining soyasi ekanligi to’g’risidagi fikrini yana xam diniy shaklda bayon etdilar. Neoplatonizmning asosiy mazmuni Platon triadasi — «yagona», «aql» (nus), «jon» dialektikasini ishlab chiqishdan iborat. Unga ko’ra, borliqning asosida Xudo, qandaydir bilish va tushuntirib berish mumkin bo’lmagan boshlang’ich mohiyat yotadi. Eng oliy mohiyat — Xudo emanatsiya yo’li bilan avval dunyoviy aqlni, keyin dunyoviy ruhni yaratadi, undan keyin — so’nggi bosqichda idrok qilinadigan moddiy dunyoni yaratadi. Neoplatonchilar fikricha, insonning yashashidan maqsad — ruhni tanadan, gunoxlardan xalos etib, yana Xudoga yaqinlashishdan, uning sharofatiga erishishdan iborat. Insonning gunohga botib qolganligini asoslashga urinish, inson fikrining erkinligi va mustaqilligiga ishonmaslik — Neoplatonizmda uchraydigan asosiy belgilar deb hisoblashadi. Neoplatonizm Islom falsafasiga xam muayyan ta’sir ko’rsatgan. Suxravardiy va G’azoliy qarashlarida, tasavvuf ta’limotida Neoplatonizmning ba’zi belgilarini uchratish mumkin.