Nineviya

Nineviya (Ninua, Ninn) — qadimgi Ossuriyadagi shahar (hozirgi Iroqdagi Mosul shahri yaqinida). Miloddan avvalgi taxminan 5-ming yillikda asos solingan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikdan mixxat hujjatlarida qayd etilgan. Savdo yo’llari kesishgan erda joylashgani uchun Old Osiyoning tarixida muhim rol o’ynagan. Miloddan avvalgi 9-asrdan ossuriy shohlari qarorgohi. Nineviyaning yuksalishi va ravnaq topishi, uni Ossuriya davlati va «jahon»ning poytaxtiga aylanishi miloddan avvalgi 8-7-asrlarga oiddir (Sinaxerib va uning vorislari davrida). Nineviyaning shimoliy qismida Sinaxeribning «Janubiy-g’arbiy saroyi» va ichki qismi devorlari harbiy, ov va maishiy sahnalarni aks ettirgan juda ko’plab bareleflar bilan bezatilgan. Ashshurbanipalning hashamatli «shimoliy saroyi» joylashgan. Ash-shurbanipal saroyida davlat arxivi va podshox. kutubxonasi bo’lgan. Kutubxonada 20 mingdan ziyod «kitob» — mixxat sopol jadvalchalar bo’lgan. Nineviyaning Janubiy qismida Ishtar ma’budasining Markaziy sajdagohi — emishmish ibodatxonasi (miloddan avvalgi 3-ming yillikdan boshlab qayd etilgan) va podshoh Asarxaddon saroyi qurilgan. Miloddan avvalgi 612 yil Nineviya Yangi Bobil podshosi Nabopalasar va Midiya podshosi — Kiaksar tomonidan yer bilan yakson qilingan. Rimliklar Nineviya o’rnida Claudia Ninus harbiy koloniyasi (manzilgohi)ni barpo etganlar. Nineviya xarobalari Kuyunjik shahar xarobasida o’tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida aniqlangan.