Nisbiylik printsipi
Nisbiylik printsipi – har qanday inersial sanoq sistemalarida bir xil sharoitlarda barcha fizik hodisalar aynan bir xilda sodir bo’lishi haqidagi asosiy qonun. Nyutonning ikkinchi qonuni ham barcha inersial sanoq sistemalarda bir xil ko’rinishda yoziladi va bir xil mazmunga ega, degan xulosaga kelish mumkin. Bu xulosa Galiley nisbiylik printsipi deb ataladi. Kuzatishlar natijasida to’plangan ma’lumotlar, faqat mexanik hodisalar emas, balki har qanday hodisalar va ularni ifodalovchi tabiat qonunlari hamma inersial sanoq sistemalarda bir xilda sodir bo’lishini ko’rsatadi. 1887 yilda A. Maykelson yorug’likning bo’shliqsagi tezligi yorug’lik manbaining harakatidan qat’i nazar, barcha inersial sanoq sistemalarda bir xil qiymatga ega ekanligini tajribada isbotladi. Fizikaning asosiy qonunlaridan bo’lgan elektrodinamika qonunlarini ifodalovchi Maksvell tenglamalari ham barcha inersial sanoq sistemalarda bir xil ko’rinishga ega. Maksvell tenglamalari Galiley almashtirishlariga invariant emas ekan. A. Eynshteyn Galiley almashtirishlarini universal xarakterga ega emasligini, bunday hollarda fazo bilan vaqt orasida o’zaro bog’lanishlar mavjudligini e’tiborga oluvchi Lorents almashtirishlariagsh foydalanish zarur ekanligini ko’rsatdi. Yorug’lik nurining bo’shliqdagi tezligi barcha inersial sanoq sistemalarda bir xil qiymatga ega bo’lib, yorug’lik manbaining harakatiga bog’liq emasligi va Nisbiylik printsipi asosida Eynshteyn nisbiylikning maxsus nazariyasini yaratgan. Ad.: Eynshteyn A., Sbor. Nauch. trudov, t.t. 1-4, M., 1967; Bekjonov R., Eynshteyn va nisbiylik nazariyasi, T., 1978.