Nizomulmulk

Nizomulmulk (1017, Tue – 1092, Nahovand) — Saljuqiylar davlati arbobi Abu Ali al-Hasan ibn Ali ibn Ishoq at-Tusiyning unvoni, «nizo-mulmulk», ya’ni mulkning nizomi, tartibi nomi bilan shuhrat qozongan. Nishopur va Marvda o’qib, voyaga yetgach, Balxga borib, Ali ibn Shodon xizmatiga kiradi. Keyinchalik u Dovud ibn Mikoilga Dabir bo’ladi.Saljuqiylar shohi Alp Arslon saroyida vazirlik mansabigacha ko’tariladi. 1072 yil Alp Arslon o’ldirilgach, uning o’g’li, 17 yoshlik Malikshoh (1072-92 yillar) saroyida Nizomulmulk vazirlik qilib, qariyb davlatning hamma ishlarini o’zi olib borgan. Malikshoh uni o’z homiysi — Otabek deb atagan. Nizomulmulk mamlakatda yirik mulkdorlar va qabila boshliqlarining ayirmachilik (separatistax) harakatlariga qarshi kurashib, davlatni boshqarish ishlarini markazlashtirish siyosatini o’tkazgan. 1067 yil Bag’dodda «Nizomiyya» aqoid va huquq madrasasini qurdiradi. 1091 yil «Siyosatnoma» («siyar ul-muluk») asarini yozadi. Unda davlat boshqaruviga aloqador qariyb hamma qoida va qonunlar, usul va vositalar, qozi va qozixona ishlari, qo’shin va sarbozlar, xizmatchi va shaxsiy sarbozlar masalalari, saroydagi soqchilaru posbonlar vazifalari, ularning maoshlari, pochta va ayg’oqchilik (razvedka) ishlari, ularning moddiy jihatlari, hatto shohning oilaviy ishlari, soliq va hiroj, zakot va vaqf masalalari ham o’rin olgan. Asarning asosiy g’oyasi shundan iboratki, vazir Nizomulmulk shoh va hokimlarni adlu insofga, sulh va muruvvatga, davlatni oqilona boshqarib, qat’iy qoida va tartib o’rnatishga, amaldorlarni vijdonli, pok, halol va iymonli bo’lishga, mamlakat obodonligi, uning ahli farovonligi, tinchlik va totuvligini ta’minlash uchun harakat qilishga da’vat qiladi. Nizomulmulk Bag’dod safari yo’lida yollangan qotil tig’idan halok bo’ladi. Ad.: Nizomulmulk, Siyosatnoma yoki Siyar ul-muluk, T., 1997.