Nobel mukofoti nima degani?

Har yili Nobel mukofoti topshirilar ekan, bu mukofotga sazovar bo’lgan kishilar to’g’risida ancha-muncha shov-shuvlar paydo bo’ladi. Gazeta va jurnallarda ular bilan suhbatlar bosiladi, maqolalar yozishadi. Buning sababi shundaki, ko’pchilik odamlar Nobel mukofotini dunyodagi eng oliy mukofotlardan biri deb biladi, bu mukofot, masalan, kimyo, fizika, tibbiyot yoki adabiyot singari muayyan faoliyat turlarida erishilgan ulkan yutuqlar uchun beriladi. Shuningdek jahonda tinchlikni mustahkamlash jabhasida ko’rsatilgan xizmatlar uchun beriladigan Nobel mukofoti ham mashhurdir. Qiziq jihati shundaki, bu mukofot atrof muhitni buzishga, vayron qilishga yo’naltirilgan ilm-fan sohasida ko’pgina kashfiyotlar qilgan zot tomonidan ta’sis etilgan! Alfred Nobel Stokgolmda tavallud topgan, uning hayot sanalari: 1833-1896. Nobel yaratgan va mualliflik guvohnomasi olgan ixtirolar orasida portlatishda qo’llanadigan dinamit va detonatorning yangi xillari bor. Ehtimol, Nobel vayronagarchilik keltiradigan shuncha narsalarni yaratib qo’yib, o’zidan tirik hayot, borliqqa yarashadigan biron olijanob narsani qoldirish zarurligini ham oxir-oqibatda his etgandir. U butun jahonda tinchlikka erishish g’oyasiga bor vujudi bilan berilgan inson bo’lib, o’zaro urushni bartaraf etadigan rejalar tuzar edi. Nobel ajoyib olim bo’lish bilan bir qatorda she’rlar ham yozgan. Adabiyot va ilm-fanni taraqqiyotying eng muhim omillari deb hisoblar edi. Nobel o’z vafotidan keyin 9 000 000 dollar mablag’ga ega jamg’arma qoldirdi. Jamg’arma pullari kimyo, fizika, tibbiyot, adabiyot va tinchlikni mustahkamlash sohalariga ulkan hissa qo’shgan kishilarni mukofotlash uchun sarflanadi. Bu mukofot birinchi marta 1901 yil 10 dekabrda, Nobel vafotining besh yilligida berilgan. Nobel shved millatidan bo’lganligi uchun mukofotni Shvetsiyaning Nobel jamg’armasi taqdim etadi. Quyidagi tashkilotlar mukofot sovrindorlarini aniqlaydi: fizika va kimyo sohasidagi g’oliblarni — Shvetsiya Fanlar Akademiyasi; tibbiyot sohasida — Shvetsiyadagi Karolina instituti; adabiyot sohasida — Norvegiya parlamenti tomonidan saylanadigan 5 kishidan iborat qo’mita. 1969 yilda iqtisodiyot sohasidagi erishilgan yutuqlar uchun mukofot ham ta’sis etildi.