Nogironlik, invalidlik

Nogironlik, invalidlik — kasallik, shikastlanish, mayib- majruhlik, baxtsiz hodisalar tufayli butunlay yoki ma’lum muddat mehnat qobiliyatini yo’qotish. Jismoniy yoki akliy nuqsonlari borligi sababli ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj shaxs nogiron hisoblanadi. O’zbekistonda Nogironlik tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan belgilanadi. Nogironlik mehnat qobiliyatini yo’qotish darajasiga qarab 3 guruhga bo’linib, vaqtincha (6-12 oy) yoki muddat siz qilib tayinlanadi. 1-guruh Nogironlikga mehnat qobiliyatini butunlay yo’qotgan vab.ning doimiy parvarishi, yordami, nazoratiga muhtoj bo’lgan shaxslar; 2-guruh Nogironlikga mehnat qobiliyatini butunlay yo’qotgan, lekin boshqalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo’lmagan, shuningdek, mehnat turidan qat’i nazar, unda uzoq muddat ishlay olmaydigan shaxslar; 3-guruh Nogironlikga mehnat qobiliyati sezilarli darajada pasaygan shaxslar kiradi. Nogironlar davlat nafaqasi bilan ta’minlanadi, zarur bo’lganda davolanadi, ularga protezlar beriladi, ishga, maxsus maktablarga joylashtirish uchun sharoit yaratiladi. Nogironlarni tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilish orqali faol hayotga, mehnatga jalb qilish dolzarb masala hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida Nogironlikning quyidagi sabablari nazarda tutiladi: umumiy kasalliklar (ish bilan bog’liq bo’lmagan) oqibatidagi Nogironlik; turmushdagi baxtsiz hodisalar natijasida shikastlanish oqibatida yuz bergan Nogironlik; ishlab chiqarishdagi jarohatlar va kasb kasalligiga duchor bo’lish natijasidagi Nogironlik; kasb kasalligiga chalinish tufayli yuz bergan Nogironlik; O’zbekistonni himoya qilish yoki boshqacha tarzda harbiy burchni bajarish paytida ro’y bergan Nogironlik; harbiy burchni bajarish bilan bog’liq bo’lmagan harbiy xizmatni o’tash davridagi Nogironlik. Bu boradagi tartib- qoidalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 24 noyabrdagi 317-son qarori bilan tasdiqlangan «tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari to’g’risida Nizom»da ko’rsatib o’tilgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1995 yil 11 noyabrda «O’zbekiston Respublikasining nogironlarni reabilitasiya qilish borasidagi chora-tadbirlari Davlat dasturi to’g’risida» qaror qabul qildi. Mazkur qarorning ijrosi nogironlarni reabilitasiya qilish markazlari sistemasi (nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb bo’yicha reabilitasiya qilish milliy markazi, tayanch-harakat sistemasi kasalliklarida nogironlar reabilitatsiya markazi va 10 ta umumiy tipdagi hududiy reabilitatsiya markazlari) tashkil etildi. Bular joylardagi TMEKlar bilan hamkorlikda nogironlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish chora- tadbirlarini amalga oshiradi. Ad.: O’zbekiston Respublikasida imtiyozli pensiya ta’minoti to’g’risida [normativ hujjatlar to’plami], T., 1994; O’zbekiston Respublikasining Davlat pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonunga sharhlar, T., 1996. Nosir Muhammadjonov, Yo’ldosh Tursunov.