Norbo’tabiy

Norbo’tabiy, Norbo’taxon (taxminan 1749-1798) — Qo’qon xoni (taxminan 1763— 1798). Abdulkarimbiyning nabirasi, Abduraqmonxonning o’g’li. 14 yoshidan taxtga chiqqan. Namangan beklarining separatizmini bostirgan. Qo’zg’oon ko’targan Xo’jand begini yengib, shaharni o’ziga bo’ysundirgan. Ammo Uratepa nomigagina Buxoroga tobe bo’lib qolgan. Norbo’tabiy hukmronligining so’nggi yillarida akasi Hojibek O’ratepa va Qurama hokimlari yordamida isyon ko’tarmoqchi bo’lgan. U To’raqo’rg’on va Andijonni maskan tutgan. Norbo’tabiy Andijonga qo’shin tortib, akasi bilan sulh tuzgan. Norbo’tabiy vafot etgan yil (1798) Erdonaxon maqbarasi yaqinidagi madrasa qurilishi nihoyasiga etgan. Norbo’tabiy davrida Farg’ona vodiysini birlashtirish jarayoni tugagan, iqtisodiyot tiklangan, mo’l-ko’lchilik, arzonchilik bo’lgan. Bu esa Farg’onaga chekka tuman va viloyatlardan ko’plab aholini ko’chib kelishiga zamin yaratgan. Qo’qon vodiyning madaniy-iqtisodiy markaziga aylangan.