Norin tumani

Norin tumani — Namangan viloyatining Janubiy-Sharqiy qismida joylashgan tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1962-1973 yillarda va 1988-89 yillarda Uchqo’rg’on tumani tarkibida bo’lgan. Norin tumani g’arbdan viloyatning Namangan va Uychi, shimoldan Uchqo’rg’on tumanlari, Janub va sharqdan Andijon viloyatining Baliqchi va Izboskan tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 207,1 km2. Aholisi 118,3 ming kishi (2003). Norin tumanida 1 shahar (Haqqulobod) va 8 qishloq fuqarolar yig’ini (marg’zor, Norinkapa, Paxtaqishloq, Toshloq, Tuda, Usmon Yusupov, Uchtepa, Xo’jaobod) bor (2003). Markazi — Haqqulobod shahri. Tabiati. Norin tumani viloyatning Sharqiy qismida, Farg’ona tizmasining etaklarida joylashgan, g’arbiy chegaralari bo’ylab Qoradaryo o’tadi. Relefi past-baland tekislikdan iborat (balandligi 600— 800 metr). Tog’ etaklari paleogen davrining gil, ohaktosh, mergel jinslaridan tarkib topgan. Norin havzasi yoppasiga konglomeratdan iborat. Qoradaryo havzasida konglomerat ustupi o’nlab metr qalinlikda qoplab yotgan lyoss katta maydonda tekislik hosil qilgan. Norinning qayir tekisligi Uchqo’rg’on qishlog’idan boshlab 2-3 kilometrga kengayadi; bu yerda qumoq hamda qumloq jinslar keng tarqalgan. Tuman hududining shimoldan Janubga tomon katta Andijon kanali kesib o’tadi (tuman hududida uzunligi 13,5 kilometr). Tumanning Janubiy-g’arbiy tomonidan Qoradaryoning eski o’zanidan o’tadigan Qolgandaryo barcha sizot suvlarni yig’ib Qoradaryoga qo’shiladi. Tuprog’i Janub qismida botqoq-torfli, shimolda b,o’z tuproq. Norin Qoradaryoga qo’shiladigan yerda o’tloqli, botqoq-o’tloqi tuproqlar uchraydi. Iqlimi quruq kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6°, iyulniki 27°. Yillik yog’in 190-215 mm. Vegetatsiya davri 233 kun. Tuman hududi haydaladigan yerlardan iborat. Yovvoyi o’simliklardan faqat daryo bo’ylarida, kanal, zovur chetlaridagina qamish, ajriq, yalpiz, qirq-bo’g’in, qo’ypechak, qizilmiya, burgan, g’umay, yantoq, sho’ra, otquloq, shuvoq, yovvoyi jiyda, momoqaymoq, sambit, yulg’un va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlar juda kam qolgan. Ilonlar, suv havzalarida ondatra, shuningdek, tulki, kuyon, kalta-kesak, yumronqoziq, baliklardan sazan, laqqa, cho’rtan va boshqalar bor. Qushlardan yovvoyi o’rdak, loyxo’rak, qaldirg’och, bulbul, chumchuq, chug’urchiq, musicha, hakka, qarg’a, so’fito’rg’ay, Sinchalak, karqunoq, qumri, laylak va boshqalar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, qirg’iz, rus, tatar, koreys va boshqalar ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 571 kishi (2003). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xo’jaliklari paxtachilik, g’allachilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik va pillachilik bilan shug’ullanadi. Tumanda 2 (O’zbek-Litva «Klayna tekstil» va «Haqqulobod pik») qo’shma korxonasi, kichik va xususiy korxonalar, «Norintola» aktsiyadorlik jamiyati va boshqalar mavjud (2003). Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 13 ming gektar, ekinzorlar 12 ming gektardan ziyod. Shu jumladan, 6,7 ming gektar yerga paxta, 4,6 ming gektar yerga bug’doy, 563 gektar yerga yem- xashak, Norin tumanidagi O’zbek—Litva «Klayna tekstil» qo’shma korxonasi tsexi. 80 gektar yerga sabzavot, 30 gektar yerga kartoshka va boshqa ekinlar ekiladi (2003). Norin tumanida 9 shirkat xo’jaligi, 2 fermer xo’jaliklar uyushmasi, 245 fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatmoqda. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 19,9 ming qoramol, 19,3 ming qo’y, 44,2 ming parranda boqiladi (2003). 2002/2003 o’quv yilida 44 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, 28,0 ming o’quvchi ta’lim oldi, 4 kasb-hunar kolleji va iqtidorli bolalar litseyida 1530 o’quvchi o’qidi. 37 kutubxona, madaniyat saroyi, 11 qishloq madaniyat uylari, muzey, «Guldasta» xalq ansambli, «xo’rozcha» xalq qo’g’irchoq teatri hamda xalq dorbozlar guruhi faoliyat ko’rsatmoqda. Norin tumanida Markaziy kasalxona va 21 ta davolash va tibbiyot muassasasida 231 vrach, 1210 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tumanda har 10 ming aholiga 19,7 ta vrach, 103,2 o’rta tibbiy xodim to’g’ri keladi (2003). 1931 yildan «Norin ovozi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 5000). Murodulla Haydarov.