Norkalar

Norkalar — suvsarsimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchilar. Tanasi xipcha, cho’ziq, oyoqlari kalta, barmoqlarida suzgich pardalari bor. Yungi qalin, yaltiroq, kulrang tusli. 2 turi bor. Yevropa norkasi Yevropa va Janubiy-g’arbiy Sibirda yashaydi. Uzunligi 45 santimetrgacha, dumi 20 santimetrgacha. Noyob, yo’qolib borayotgan tur. Kuril orolida iqlimlashtirilgan. Amerika norkasi Shimoliy Amerikada tarqalgan; uzunligi 54 santimetrgacha. Ko’pchilik mamlakatlarda, jumladan, O’zbekistonda iqlimlashtirilgan; Yevropa norkasini asta-sekin siqib chiqarmoqda. Amerika norkasi o’rmonlar yaqinidagi muzlamaydigan daryolar, ko’llar va botqoqliklar yaqinida uyada yashaydi. Poligam. Bo’g’ozlik davri 36— 80 kun, 1-9 ta, ba’zan 16 tagacha bola tug’adi. Laktasiyasi 2-2,5 oy. Mayda sut emizuvchilar va baliqlar bilan oziqlanadi. Norkalar mo’ynasi uchun ovlanadi. Amerika norkasi mo’ynachilik fermalarida boqiladi. Selektsiya orqali Amerika norkasining har xil rangli mo’yna beradigan zotlari chiqarilgan.