Normurod Narzullayev (1934-2006)

Normurod Narzullayev (taxallusi Narziy) (1934.7.7, Kasbi tumani — 2006) — O‘zbekiston xalq shoiri (2000). O‘zbekistonda xizmat kursatgan madaniyat xodimi (1984).

Oxunboboyev nomidagi Qarshi pedagogika bilim yurti (1948), Samarqand pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tugatgan (1956). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari (1974), shu uyushmada kotib (1976—81), «Yosh gvardiya» nashriyotida bosh muharrir (1981), «Kamalak» nashriyot-matbaa birlashmasining bosh muharriri (1991—96), shu nashriyot direktori (1996—97), O‘zbekiston Respublikasi yoshlari «Kamolot» jamg‘armasining «Yangi asr avlodi» nashriyot-matbaa markazida bosh muharrir (1997 yildan) bo‘lib ishlagan.

Ijodiy faoliyati 1954 yildan boshlangan. Ilk she’riy to‘plami — «Suyunchi» (1965). Normurod Narzullayev «Zarafshon zarlari» (1970), «Ufqlarda ko‘zlarim» (1973), «Lahza va larza» (1973), «Yog‘du» (1974), «Nigohlar» (1976), «Sevgi sehri» (1981), «Yaxshilik deb yashayman» (1987), «Anik vaqt» (1989), «Qalbim qatralari» (1994), «Oq farishtam, oppoq farishtam» (1995) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi. «Amir Temur haqida qo‘shiq» asari tarixiy mavzuga bag‘ishlangan.

Normurod Narzullayevning bolalarga atab yozgan «Vatan seni erkalab» (1966), «Shamol ushlagan bola» (1985), «Bosh maydon» (1990) asarlari bolalar dunyosi, ularning beg‘ubor olami haqida. Normurod Narzullayev asarlarida zamon va makon birligi, dunyo va davr tushunchasi ulug‘lanadi, yuksak fuqarolik, samimiyat, burchga sadoqat, vatanga muhabbat, jonajon o‘lka tabiatiga maftunkorlik tuyg‘ulari yetakchi o‘rinni egallaydi. Normurod Narzullayevning ko‘p she’rlari qo‘shiqqa aylangan. Dunyo adabiyotining G.Geyne, Ye.Evtushenko, Q.Quliyev, I.Yusupov singari taniqli namoyandalari asarlaridan qilgan tarjimalar qilgan.

«Shuhrat» medali bilan mukofotlangan (1998).