Norqo’ziyev Saidmaqmud

Norqo’ziyev Saidmaqmud (1883 -Qo’qon — 1967.27.12) — naqqosh, bo’yama naqsh ustasi; Farg’ona naqqoshlik maktabini yaratgan. Hunarni otasi usta Norqo’zi Nurmatovdan o’rgangan. Otasi va usta naqqosh Muhammad Soli rahbarligida ishlagan, turar joy, masjidlarni bezashda qatnashgan. 1903 yildan mustaqil usta. Qo’qon, Andijon (Mamajon mingboshining uyi), Marg’ilon, O’sh, Jalolobod (Barot hoji uyi, Matqosim masjidi) va boshqa joylarda shuhrat qozongan; klub, choyxona, madaniyat saroylarini bezagan. Toshkentdagi Navoiy teatri binosining Farg’ona zalini bezagan ustalarga rahbarlik qilgan, teatr sahna pardasi uchun naqshlarning chizmasini yaratgan. Me’moriy yodgorliklarni ta’mirlashda faollik ko’rsatgan, jumladan, Quqondagi Xudoyorxon o’rdasini ta’mirlashda qatnashgan (40-50-yillar). Norqo’ziyev yaratgan naqshlarida ranglar uyg’unligiga erishgan: naqsh zaminida zangori, bargi karam (yashil), qizil ranglar, naqshlarda hamma ranglardan foydalangan, tilla hal ishlatgan. Norqo’ziyev yaratgan naqsh mujassamotlari respublika va xalqaro ko’rgazmalarda namoyish etilgan. Norqo’ziyev ko’plab shogirdlar tayyorlagan. Shulardan o’g’li Said-Ahmad Mahmudov O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi.