Noyib, Noib

Noyib, Noib (arabcha-o’rinbosar, yordamchi)-o’rta asrlarda musulmon davlatlarida tobe o’lka yoki viloyat hokimi. Noyiblar, odatda, oliy hukmdorning o’rinbosari hisoblangan. 1) Oltin O’rdada Noyib xonning yirik viloyatlaridagi yordamchisi (masalan, Xorazmda); 2) Muhammad Xorazmshoh to’ng’ich farzandi Jaloliddin Manguberdiga G’azna, Bomiyon, G’ur, Bust, Takinobod, Zamin Davor hamda qo’shni Hind yerlarini boshqarishga bergan. Biroq Jaloliddin Urganchdan uzoqlashtirmaslik maqsadida Kuzbar Maliki nomi zikr etilgan mamlakatlarga shahzodaning Noyibi etib jo’natgan; 3) Amir Temur saltanatida sohibqironning farzandlari, nevaralari, yaqin safdoshlari turli o’lka va viloyatlarga Noyib etib tayinlangan. Noyib unga ishonib topshirilgan hududning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy holati uchun mas’ul hisoblangan; 4) Ozarbayjonda Oktabr to’ntarishidan (1917) oldingi mahallalar (magallar) boshlig’i; 5) Turkiya sultonligida qozi va mulla o’rinbosari; 6) XX asrda Noyib atamasi Eron va Afg’onistonda turli harbiy unvonlarni anglatgan (masalan, “noyebe avval”-katta leytenant, “noyebe sarhang”-podpolkovnik); 7) birovning nomidan haj qiluvchi.