Nozigardon
Nozigardon (forscha — bo’yin bezagi) — zargarlik buyumi; ayollarning bo’yinga taqadigan taqinchog’i. Nozigardon Markaziy turunj, uning 2 yonidan 2 ta dan 4 ta murabba shaklli, 1 tadan uchburchak shaklli yaproqchalarning o’zaro 5-6 qatorli zanjirlar bilan bir maromda ma’lum oraliqda birikishidan hosil bo’ladi; yaproqchalarning yon tomonlariga baliq va boshqa shaklli shokilalar osiladi. Turunj va yaproqchalar bir tomonlama sirkori usulida ishlanib, o’simliksimon naqshlar bilan bezatiladi, ba’zan ko’zlar qadaladi. Markaziy turunjga bir-biriga qarab turgan qanotlarini yozayotgan ikki qush shakli o’rnatiladi. Samarqandlik ustalar yasagan Nozigardon yengil ko’rinishga ega; turunj va yaproqchalar panjarali (to’rsimon) usulda yasalib, zig’iraklar, ba’zan Feruza ko’zlar bilan ziynatlangan.