Nurash po’sti

Nurash po’sti — tog’ jinslarining nurashi natijasida yer yuzasida hosil bo’ladigan kontinental geologik formasiya. O’zgargan nuragan jinslar o’z joyida qolsa, qoldiq Nurash po’sti, tub jins bilan aloqasi uzilmay qandaydir masofaga siljisa ko’chirilgan Nurash po’sti deb ataladi. Ba’zi bir geologlar akkumulyativ Nurash po’sti (yuvilib keltirilgan gil-tuproq va qoldiq Nurash po’sti o’zgargan nuragan jinslari) ni alohida ajratadilar. Yotish shakliga ko’ra, Nurash po’sti maydonli (katta hududlarda hosil bo’ladi, qalinligi 10 metrgacha va undan ortiq) va chiziqli bo’ladi (bir yo’nalishda cho’zilib, tog’jinslari yoriqlari bo’ylab 100-150 metr ichkariga kirib boradi). «Nurash po’sti» terminini fanga shveytsariyalik geolog A. Geym kiritgan (1879). Nurash po’stining hosil bo’lishi joyning iqlimi, tog’ jinslarining tarkibi, gidrogeologik sharoiti, relefi, tektonik tuzilishi, hosil bo’lish vaqti va boshqa omillar bilan bog’liq. Bunda asosiy omil iklim hisoblanadi. Yerning geologik tarixida bir necha marta (tokembriy, yuqori Paleozoy, triasyura, bo’r-paleogen, Paleogen-to’rtlamchi davr) katta qalinlikda Nurash po’stining shakllanish davri bo’lgan. Nurash po’stining hosil bo’lishida dastlab ishuriy, keyin nordon muhit yuzaga keladi. Har muhitda o’ziga xos minerallar hosil bo’ladi. Natijada Nurash po’stida pastdan yuqoriga qarab ayrim zonalar (dezintefasiya, dresva, gidroslyudamontmorillonit va kaolinit minerallari zonasi) paydo bo’ladi. Nurash po’sti zonalarining hosil bo’lishida jinslarning tarkibi katta rol o’ynaydi. Masalan, yog’in-sochin ko’p sharoitda nordon jinslar nurash natijasida kaolinit, gidroslyuda, dezintegrasiya zonalari, asosli va o’ta asosli jinslardan esa temir, marganes, ba’zan alyuminiyning suvli, yarim oksidli zonasi hosil bo’ladi. Nurash po’sti bilan alyuminiy, temir, titan, marganes, strontsiy, nikel, galluazit, olovga chidamli gil, sochma olmos, oltin, platina, qimmatbaho toshlarning konlari bog’liq. O’zbekistonda Ohangaron vodiysi, Zirabuloq-Ziyovuddin tog’lari yon bag’irlari va Markaziy Qizilqumda 2 metrdan 150 metrgacha kaolin qatlamlari hosil bo’lgan.