Oksford universiteti

Oksford universiteti – Buyuk Britaniyaning yirik va qadimgi universitetlaridan biri. 12-asrning 2-yarmida Oksford shahrida tashkil etilgan. Universitetda turli davrlarda R.Bekon, Ioan Dune Skot, J. Uiklif, T. Mor, J.Lokk, A.Smit, R.Boyl dare bergan, E.Galley 1703 yildan universitet professor bo’lgan. Ilohiyot, huquq, tibbiyot, klassik adabiyot, yangi va eng yangi tarix, ingliz tili va adabiyoti, o’rta asr va hozirgi zamon Yevropa tillari va adabiyoti, sharqshunoslik, fizika, matematika, biologiya, qishloq xo’jalik fanlari, psixologiya, antropologiya, geografiya, san’atshunoslik, musiqa bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Bir qancha ixtisoslashtirilgan ilmiy tadqiqot institut va laboratoriyalari, muzeylari bor. Asosiy kutubxonasi (1602 yil tashkil etilgan)da 3 millionga yaqin asar saqlanadi. Universitetda 14 mingga yaqin talaba ta’lim oladi, mingdan ortiq o’qituvchi ishlaydi. O’qituvchilar orasida London Qirollik jamiyati a’zolari, Nobel mukofoti laureatlari bor.