Olabug’a baliqlar
Olabug’a baliqlar (Perciformes), okunsimonlar — suyakli baliqlar turkumi. Uzunligi 1 santimetrdan 5 metrgacha, vazni grammning bir necha ulushidan 900 kilogrammgacha. Ko’pchiligining suzgich pufagi bor. Suzgichlari tikanli, orqa suzgichi 2, qorin suzgichlari 6 yoki kamroq nurli. Tangachalari ktenoidli, ba’zan tsikloidli, ular modifikatsiyasidan iborat yoki bo’lmaydi. 149 oila, 1200 urug’ va 6500 ga yaqin turi bor. Barcha dengiz, okean va chuchuk suvlarda tarqalgan. Olabug’a baliqlar baliqlarning eng yirik turkumi, barcha ma’lum turlarning 40%ini uz ichiga oladi. Barcha dengizlarning sohil bo’yi suvlarida stavridalar, dengiz itchalari, ho’kizchalar, serransimonlar, gubanlar; ochiq dengizlarda tuneslar, yelkanlilar, korifenlar va boshqalar keng tarqalgan. Yevrosiyo va shimoliy Amerika suvlarida olabug’alar, Afrika va Janubiy Amerikada tsixlidalar, shimoliy Amerikada tsentdarxidlar, Janubiy Osiyo va Afrikada labirintlilar ko’p uchraydi. O’zbekistonda Olabug’a baliqlarning 4 oilasi (buka baliqlar, aterinlar, olabug’alar, toshbuqalar), 9 urug’i va 13 turi tarqalgan. Oddiy olabug’a va oq ela Amu va Sirdaryoning quyi oqimlarida, Orol dengizida yashaydi. Ko’pchilik Olabug’a baliqlar Orol dengizi bilan bog’liq bo’lgan. Bir qancha Olabug’a baliqlar sanoat miqyosida ovlanadi, sun’iy suv havzalarida ko’paytiriladi.