Olako’zan

Olako’zan (Vormela peregusna) — suvsarsimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon; urug’ning yagona turi. Gavdasining uzunligi 26-35 santimetr, dumi 11— 20 santimetr. Tanasi xipcha va uzun, oyoqlari kalta, dumi baroq. Rangi qora, sarg’ish ola, sarg’ish yoki kulrang dog’li. Janubiy-Sharqiy Yevropa va Osiyoda, asosan, dasht va cho’llarda tarqalgan. Qora dengiz yaqinidagi cho’llarda, Kavkaz, O’rta Osiyo, Qozog’iston, Oltoy va Tuvada uchraydi. 3-8 ta bola tug’adi. Ko’rsichqon, sichqon va boshqa mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Qo’riq yerlarning o’zlashtirilishi tufayli soni keskin kamayib ketgan. O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan.