Oligofreniya

Oligofreniya (oligo… va phren — aql), aqliy norasolik — tug’ma yoki 3 yoshgacha bo’lgan davrda orttirilgan ruhiy rivojlanmay qolish bilan kechadigan kasalliklar guruhi. Bu nom nemis psixiatri E.Krepilin tomonidan berilgan. Oligofreniya ayollarga nisbatan erkaklar orasida ko’proq uchraydi. Oligofreniyaning yengil — debillik, o’rtacha — imbesillik va og’ir idiotlik (idiotizm) turi farq qilinadi. Oligofreniyaning sabablari xilma-xil. Bularga genetik-irsiy omillar, xromosomalarning buzilishi, ota-ona kasalliklari, ayniqsa, onaning homiladorlik vaqtidagi kasalliklari va zaharlanishlari, bolaning tug’ilish davridagi shikastlanishlari hamda bola tug’ilgandan keyin 3 yil ichida o’tkazgan og’ir kasalliklari (meningit, entsefalit va hokazolar), miyaning shikastlanishlari va boshqalar kiradi. Oligofreniyaning asosiy belgisi ruhiy faoliyatning hamma tomonlama yetishmasligi, shaxsning bilim va ko’nikmalarining yetuk emasligi, tafakkuri, fikrlash krbiliyatining chegaralanganligi yoki umuman yo’qligi kiradi. Shaxe rivojlana va kamol topa borgani sari uning fikrlashi abstraktlasha boshlaydi, ya’ni aniq narsalar va belgilarga qarab tafakkuri boyiydi. Masalan, dastlab bir sonni boshqasiga qo’shish kerak bo’lsa, bunda bolalar konkret predmetlarni ko’zda tutadilar. Keyinroq predmetlashgan sonlar o’rniga faqat quruq sonlarning o’zi qolaverishi mumkin bo’lib qoladi, ya’ni o’sha konkret narsalar, buyumlar (predmetlar) mavhumlashadi. Mana shu jarayonga ular tushunib yetmaydilar. Karra jadvalni yodlab olib aytib berish — konkret hodisadir, konkret xotira faoliyatidir. Biroq bu jadval ichida ayirish, qo’shish, bo’lish kabi amallarni bajarishda mavhumlashgan fikrlar zarur bo’ladiki, buni bajarishda akli zaif bolalar juda qiynaladilar yoki butunlay bajara olmaydilar. Fikrlarni abstraktsiya qilish qobiliyatining yo’qligini, so’zlarning ma’nosiga tushunib yetmaslik holatlarini ham ko’rish mumkin. Oligofreniyada so’z boyligi, so’zlash qobiliyati, hissiyotlar, harakatlar ham sayoz bo’ladi. Ko’pincha bunday bemorlarda turli xil tug’ma nuqsonlar (anomaliyalar) kuzatiladi. Bularga muskullarning zaifligi (parez), bosh miya chanog’ining katta yoki kichikligi hamda qiyshiq bo’lishi, ko’z, quloq, burun, og’iz bo’shlig’i, qo’l-oyoq panjalari kamchiliklari yoki nuqsonlari va boshqalar kiradi. Kattaroq yoshga etgan aqliy noraso bemorlarda daydilik, ovqatlanish va jinsiy hislarning oshishiga taalluqli xatti-harakatlar, itoat etmaslik, qaysarlik yoki tajovujkorlik belgilari kuzatiladi.