Oliy va o’rta maxsus maktab muammolari instituti

Oliy va o’rta maxsus maktab muammolari instituti -O’zbekiston Respublikasida oliy va o’rta maxsus ta’limni takomillashtirish va rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qiluvchi ilmiy-metodik markaz. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 1995 yil Toshkent shahrida tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi qaramog’ida. Institut o’z faoliyatini Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarligida fan va texnologiyalar markazi, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi, ta’lim muassasalariga ega bo’lgan boshqa tarmoq vazirlik va idoralari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy muassasa va ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy hamkorlikda amalga oshiradi. Institutda 3 ilmiy-metodik boshqarma (oliy ta’lim normativlari va standartlari; ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar; malaka oshirish, pedagogika va axborot texnologiyalari), 11 bo’lim (kasbiy ilmiy-metodik ta’minoti; magistraturaning ilmiy-metodik ta’minoti; ta’lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash; iqtisodiyot ta’limi; ma’naviyat va ma’rifat; iste’dodli yoshlar bilan ishlashning ilmiy-metodik ta’minoti; o’quv adabiyotlari yaratishning ilmiy-metodik ta’minoti; qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilmiy-metodik ta’minoti; pedagogik texnologiyalar va ta’lim sifati; ta’limda yangi axborot texnologiyalarining ilmiy-metodik ta’minoti; kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish monitoringi), 1 sektor (jahon ta’lim tizimlarining qiyosiy tahlili) bor. Institut jahon tajribalarini inobatga olgan holda, oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimini takomillashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, Respublika ijtimoiy-iqtisodiy sohasidagi o’zgarishlarga, bozor iktisodiyoti ehtiyojlari talablariga to’liq javob bera oladigan, ko’p bosqichli ta’lim muassasalarining zamonaviy modellarini yaratish, mutaxassislarga ta’lim va tarbiya berishning zamonaviy metodlarini, yangi informatsion va pedagogik texnologiyalarni o’quv jarayoniga tatbiq etish, talaba yoshlar dunyoqarashini shakllantirish, O’zbekiston Respublikasi mustaqilligini mustahkamlash g’oyasiga sodiq bo’lgan vatanparvarlarni tarbiyalash, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida talaba yoshlar bilim darajalarini aniqlashning test nazorati va baholashning reyting usulini izchil ravishda o’quv jarayoniga tatbiq etish ishlarini amalga oshirish, kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, fan va texnika yo’nalishining zamonaviy holatini aks ettiruvchi original darsliklar, o’quv qo’llanmalari, monografiya va ma’ruza matnlarini tanlov asosida nashr etishni tashkil qilish va boshqa yo’nalishlar bo’yicha faoliyat yuritadi. Institutda 1996 yildan har chorakda «ta’lim muammolari» ilmiy-metodik jurnal chop etiladi.