Olmos

Olmos — tug’ma elementlar guruhiga mansub mineral, sof uglerodning kristall holidagi turi. Olmos tabiatda ma’lum barcha materiallardan qattiqligi bilan ajralib turadi va shuning uchun sanoatning ko’p muhim tarmoqlarida qo’llanadi. Olmos insoniyatga miloddan avvalgidan ma’lum bo’lib, dastlab Hindistonda (miloddan avvalgi 8-7-asrlar) topilgan. Ko’p asrlar mobaynida Olmos faqat Osiyo regionidan chiqarilgan. Keyinchalik Braziliyada (18-asr), Rossiyada (1829 yil), Janubiy Afrikada (19-asrning 60-yillari) qazib olina boshlagan va 1866 yil Olmos sanoatining boshlanishi deb hisoblanadi. Shu vaqtdan Afrika mamlakatlari Olmos qazib olinadigan asosiy mintaqa bo’lib kelmoqda. Bundan tashqari, Olmos konlari Janubiy Amerika, Osiyo (Hindiston, Indoneziya)da ham bor va sanoat miqyosida Olmos olinmoqda. 1955 yildan Rossiya (Yakutiya)da ham ko’p Olmos qazib chiqarilmoqda. O’zbekistonda Olmos sochmalarini topish bo’yicha izlanishlar olib borilmoqsa. Tabiiy Olmos turli shakllarda uchraydi. Uning mikroskopik donachalaridan tortib 100 va 1000 karatli (1 karat = 0,2 gramm) o’ta yirik kristallari ham mavjud. Ko’pincha 0,1—1,0 karatli Olmos uchraydi. 100 karatdan ortiq yirik kristallari kam. Janubiy Afrikada dunyodagi eng yirik Olmos -3106 karatli «Kullinan» topilgan (1905) va undan 105 ta brilliant yasalgan. Olmos o’zining kattaligi, shakli, rangi, qo’llanishiga ko’ra, 7 kategoriya va 23 guruhga bo’linadi. Olmos sanoatida 2 xil — zargarlik va texnik Olmos farq qilinadi. Mukammal shaklli, o’ta shaffof, sof, darzsiz va boshqa nuqsonsiz Olmos zargarlik hamda bezak ishlarida qo’llanadi. Sifat va kattaligidan qat’i nazar, qolgan barcha Olmoslar texnik Olmos hisoblanadi. Texnik Olmos kukun, shuningdek, kristall holida bo’lishi mumkin. Ularni qirralab, zarur shaklga (keskich, filer va boshqalar) keltiriladi. Jahonda barcha qazib olinadigan Olmoslarning 25% gachasi zargarlik Olmos hisoblanadi. Fizik xossalari. Tabiiy Olmos kristall panjarasining tuzilishi kub shaklida. Uglerodning har bir atomi tetraedr uchlari bo’ylab simmetrik joylashgan. Kristallik strukturasining o’ziga xosligiga ko’ra, Olmosning ideal (nuqsonsiz) kristali shaffof bo’lishi kerak. Tabiatda uchraydigan kristallarda, juda oz miqdorda bo’lsa ham, boshqa aralashmalar borligi tufayli kristall panjarada nuqson bo’ladi. Eng toza zargarlik Olmosning 1 sm3 hajmidagi aralashmalar miqdori 1018 atomni tashkil etadi. Olmosda kremniy, alyuminiy, kaltsiy va magniy birikmalari ko’p uchraydi. Olmos Moos shkalasi bo’yicha qattiqlik etaloni xisoblanadi (Olmosning qattiqligi 10, korundniki 9, kvarsniki 7, kaltsitniki 3 va hokazolar). Turli kristallografik tomonlari bo’yicha Olmosning qattiqligi turlicha (masalan, oktaedr tomoni eng qattig’i hisoblanadi). Olmosning normal elastiklik moduli 1000 Gn/m2 (10″din/ sm2), hajmiy siqilish moduli 600 Gn/ m2 (6×1012 din/ sm2). Issiqlik o’tkazish koeffisienti (temperatura 100 K dan 400 K gacha ortishi bilan) 6 dan 0,8 kj/m K gacha pasayadi. Olmosning uy temperaturasida issiqlik o’tkazuvchanligi kumushnikidan yuqori. Diamagnit xossaga ega. Olmosning rangi va shaffofligi har xil. Rangsiz, oq, qavo rang, yashil, sarg’ish, jigarrang, qizg’ish, to’q kulrang xillari uchraydi. Kristallning rangi ko’pincha bir tekis tusda bo’lmaydi. Olmosning zichligi 3,515 g/sm3, nur sindirish ko’rsatkichi 2,417, dispersiyasi 0,063. Nurning to’liq qaytish burchagi 24°24′, ayrim namunalari optik anizotropiya xossasiga ega. Ultrabinafsha va rengten nurlari, elektron, a. zarracha va neytronlar ta’sirida Olmosda lyuminessentsiya hodisasi kuzatiladi. Olmosni neytronlar bilan nurlantirish natijasida unda barqaror radioaktivlik xossasi paydo bo’lmaydi. Bunda Olmosning zichligi kamayadi, kristall panjarasi «bo’shashadi» va abrazivlik sifati yomonlashadi. Olmos kislota va hatto qaynoq ishqor eritmalari ta’siriga chidamli, selitra va soda (t=500°) eritmalarida eriydi. Olmos havoda 850-1000° da, kislorodda 720-800° da yonadi. Vakuum yoki inert gazda 1400° da o.ning ustki qismida sezilarli grafitlanish boshlanadi. Temperatura ko’tarilishi bilan bu jarayon tezlashadi va 2000° atrofida (15-30 minut ichida) Olmos grafitga to’la aylanadi. Impulsli qizdirishda (3400° da ham) Olmos kristallari saqlanadi, lekin 3600° va undan yuqorida grafitga aylanadi. Shu tufayli Olmos normal bosim va 1000° gacha temperaturada cheksiz vaqt saqlanadi. Olmos tub va sochma konlardan qazib olinadi. Olmos olinadigan, sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan yagona tub jins — qadimgi Shchit va platformalarda uchraydigan Kimberlitdir. Olmos kimberlitlarda notekis taqsimlangan. Yakka kristallar, ba’zan u kristallarning o’simtalari holida uchraydigan Olmosning kimberlitlarda paydo bo’lishi haqida yagona fikr yo’q. U hech yerda yirik uyumlar hosil qilmaydi. Olmos, asosan (80-85% qismi), sochma konlardan (delyuvial, allyuvial, dengiz bo’yi sochmalaridan) qazib olinadi. Butun dunyoda qazib chiqarilayotgan Olmosning 80% i sanoatda ishlatiladi. 20-asrning 30-yillarigacha JAR dunyoda Olmos qazib chiqarishda 1-o’rinni egallab kelgan. Keyinchalik Olmosning yirik zaxiralari Kongo Demokratik Respublikasida topiddi. Olmos tog’jinsi bilan olingach, ruda boyitishning barcha fizik va kimyoviy usullari yordamida ajratiladi. Sintetik Olmos, asosan, grafit va uglerodli moddalardan sun’iy yo’l bilan Maxsus qurilmalarda 1200-1600° da va 4,5—8 gPa bosim ostida Fe, Co, Gr, Mn yoki ularning qotishmalari ishtirokida olinadi. Rangi oqdan qoragacha; shaffofligi olinish texnologiyasiga bog’liq, ko’pincha yarim shaffof yoki xira (tiniqmas). Kristallarining o’lchamlari 1-2 millimetrgacha yetishi mumkin; ko’pincha 0,1 — 1 millimetr bo’ladi. Olmosning kimyoviy tarkibi 18-asr oxirida aniqlanib, bu hol turli mamlakatlarda sun’iy (sintetik) usul bilan Olmos olish uchun ko’pgina urinishlar boshlanishiga sabab bo’ldi. 20-asrning 50-yillari o’rtasida bir necha mamlakatlarda deyarli bir vaqtda Olmosni sintez qilishga muvaffaq bo’lindi. Olmosni sintez qilish usullari rivojlanishi bilan maxsus fizik xossalarga ega bo’lgan (masalan, yarimo’tkazgich) sintetik Olmos olish va undan asbobsozlikda keng foydalanish yo’lga qo’yildi. Zikir Isaboyev.