Oltoy, Oltoy Respublikasi

Oltoy, Oltoy Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Respublika. Maydoni 92,6 ming km2. Aholisi 202,9 ming kishi (2002). Poytaxti — Gorno-Altaysk shahri. Ma’muriy jihatdan 9 tuman (rayon), 1 shahar, 2 shaharchaga bo’linadi. Respublika boshlig’i lavozimi ta’sis etilgan. Parlamenti Davlat Majlisi — El qurultoyi deb ataladi. Hukumatga Respublika boshlig’i raislik qiladi. Tabiati. Oltoy Respublikasi Oltoyning baland tog’li Janubiy qismini egallaydi. Respublikada Oltoyning eng baland nuqtasi — Beluxa tog’i (4506 metr) joylashgan. Tog’ tizmalari (Katun, kuray, Shimol va Janubiy Chuya) oralig’ida chuqur vodiylar yoki keng soylik («dasht»)lar bor. Iklimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -12° dan -32° gacha, iyulniki 9-18°. Yillik yog’in 100 mm dan 1000 mm gacha. Daryolari: biya va Katun. Ularning gidroenergiya zahirasi katta. Biya daryosida yog’och oqiziladi. Yirik ko’li — Teles (Oltinko’l). Tuprog’i qora va tog’-podzol tuproq. Hududining 25% o’rmon. O’rmondan yuqorida subalp va Alp o’tloqlari bor. Yirik soyliklarda tog’dasht yoki chala cho’l o’simliklari o’sadi. Tog’ echkisi, qoplon, ayiq, bo’ri, Los, Xoldor bug’u, kulrang sug’ur, uzun dumli yumronqoziq, tiyin, sobol; qushlardan turna, karqur, pishchuxa, qur, chil, oq va tundra kakligi yashaydi. Teles ko’li atrofida Oltoy va Katun qo’riqxonalari tashkil etilgan. Chemal tog’-iqlimiy kurorti mashhur. Teles ko’lida turizm rivojlangan. Aholisi oltoylar (31%), ruslar (60,4%), qozoklar (5,6%), ukrainlar va boshqalar. Shahar aholisi 27%. Tarixi. Oltoy hududida qadimdan odam yashagan. Quyi va yuqori paleolit davrlariga oid manzilgohlar (Ulalinka, U-Kan) topilgan. Bu yerlardan hunnlar, turk qabilalari, uyg’urlar, Enasoy qirg’izlari, qoraxitoylar, mo’g’ullar o’tgan. 13-asr boshlarida Oltoy hududi Mo’g’ullar davlatiga tobe bo’lgan. 1756 yilda oltoylar Rossiya fuqaroligiga olingan. Aholi chorvachilik, ovchilik bilan shug’ullangan. 1918 yil yanvar— martda sho’rolar hokimiyati o’rnatildi. O’sha yil iyunida oq gvardiyachilar qo’liga o’tdi. 1920 yil aprelda sho’rolar hokimiyati qayta tiklandi. 1922 yil 1 iyunda RSFSR tarkibida Oyrot muxtor viloyati tashkil etildi. 1948 yil 7 yanvarda u tog’li Oltoy Muxtor viloyatiga aylantirildi, uning markazi — Oyrot-tura shahri esa, Gorno-Altaysk deb ataldi. 1991 yilda respublika maqomini oldi va 1992 yil maydan Oltoy Respublikasi deb atala boshladi. Xo’jaligi. Sanoatining muhim tarmoqlari: oziq-ovqat, yengil sanoat, o’rmon va yog’ochsozlik, konchilik, qurilish materiallari sanoati va boshqalar. Gorno-Altaysk shahrida go’sht, yog’-pishloq, sut, tikuvchilik, poyabzal korxonalaridan tashqari tajriba yog’ochsozlik kombinati, samovar, temir-beton buyumlari, avtomobil ta’mirlash zavodlari bor. Maysk va talon shaxdrchalaridagi ruda konlarida oltin kazib olinadi. Chemal GES qurilgan. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — chorvachilik. Qo’y, echki, qoramol, Oltoy otlari va tog’li dasht joylarda qo’tos, shoxidan dori-darmon olinadigan bug’ular (Maral va Xoldor bug’ular), Chuya vodiysida tuyalar boqiladi. Asalarichilik rivojlangan. Tiyin, oq sichqon, tulki, kolonok, sobol, norka kabi mo’ynabop jonivorlar ovlanadi. Tog’ oralig’i va daryo vodiylarida dehqonchilik qilinadi: suli, arpa, makkajo’xori, kungaboqar, o’tlar ekiladi. Bog’dorchilik birmuncha rivojlangan. Biysk shahri (Oltoy o’lkasi)dan mongoliya chegarasigacha boradigan transport magistrali — Chuya trakti (621 kilometr) Oltoy hududidan o’tadi. Madaniyati. 1992/93 o’quv yili respublikada 199 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, ularda 37 ming bola o’qidi; 5 o’rta maxsus o’quv yurtida 3,9 ming o’quvchi, pedagogika institutida 3,1 ming talaba ta’lim oldi. 6 ilmiy tadqiqot instituti (jumladan, tarix, Oltoy tili va adabiyoti ilmiy tadqiqot institutlari), 147 jamoat kutubxonasi, 253 klub muassasasi, 253 kino qurilma, milliy drama teatri, filarmoniya, o’lkashunoslik muzeyi bor. Oltoy tilida «Altaydin cholmoni» («Oltoy yulduzi», 1922 yildan) va rus tilida «Zvezda Altaya» gazetalari chiqadi. Oltoy radiosi Oltoy va rus tillarida eshittirish beradi. Adabiyoti. Oltoy qabilalarining Xitoy va Jung’ar bosqinchilariga qarshi kurashi, baxt-saodat haqidagi orzu-umidlarini ifodalovchi qahramonlik eposlari, qo’shiq, ertak, afsonalar, maqol, topishmoqlar to’qilgan. 19-20-asrlarda M. Yutkanakov, Sh. Shunekov, N. Ulagashev kabi baxshilar, M.V. Chevalkov kabi ma’rifatchilar mashhur bo’lgan. 20-asrning 20-yillarida yozuvchi M. V. Mundus-Edokov («Qayliq», «moziyda va hozirda» pyesalari), shoir P. A. Chagat-Stroev («Dono Bahodir» va «qoraqo’ro’m» dostonlari) va boshqa barakali ijod qildilar. 30-40-yillarda P. V. Kuchiyak xalq hayotini tasvirladi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Oltoy hududida miloddan avvalgi 2-ming yillikka oid ko’hna shahar xarobalari, istehkomlarning qoldiklari saklanib qolgan. Qoyalarda hayvon, qushlarning tasvirlari, ov manzaralarini uchratish mumkin. Qadimgi ko’chmanchilarning miloddan avvalgi 5— 3-asrlarga mansub ko’plab amaliy san’at namunalari topilgan. Qadimgi namat, guldor gilam to’qish, kashtachilik an’analari hamon davom etib keladi.