Ommabop musiqa
Ommabop musiqa – 1) keng ma’noda — eng mashhur musiqa asarlari; ijrochilar repertuaridan doimiy o’rin olgan turli janr va uslub namunalari (masalan, xalq qo’shiq va kuylari, mumtoz kompozitor asarlari)dan iborat; 2) tarixiy tushuncha sifatida — 20-asr madaniyatida qaror topgan musiqa turi. Yoshlar musiqasi, pop-musiqa, rok-musiqa, estrada musiqasi kabi yo’nalishlarni o’z ichiga oladi. Uning rivoj topishiga dastlab 20-asrda yuz bergan ijtimoiy (masalan, urbanizatsiya) va ma’naviy hayot (Diniy qarashlarga nisbatan dunyoviy mafkura keng yoyilishi va boshqa) o’zgarishlari zamin yaratgan. Natijada, shahar aholisida keskin ko’paygan bo’sh vaqtini to’ldirish maqsadida muntazam ravishda o’tkaziladigan ko’ngilochar tomosha va kontsertlar keng rivoj topgan. Oldin shahar bog’i va xiyobonlari, restoran (kabare, kafeshantan) va boshqa joylarda, keyinchalik maxsus qurilgan teatr va sahna (masalan, Myuzik- Xoll, diskoteka)larda faoliyat ko’rsatgan yangi badiiy jamoalar ijodida Ommabop musiqaning asosiy janr va shakllari qaror topgan. Ommabop musiqaning hozirgi dunyo madaniyatida keng yoyilishda, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari (radio, televidenie), ovoz yozish va tarqatish apparatlari (grammofon, magnitofon va b.)ning kashf etilishi katta ta’sir o’tkazgan. Ommabop musiqa tinglovchidan musiqa uquvi, keng badiiy tajriba, ba’zida idrok etishda alohida ahamiyatni ham talab etmaydigan namunalardan iborat bo’lib, ular shakllarning oddiyligi, musika tilining baynalmilal (universal) ohanglarga yaqinligi, kuproq raqsbop usullarga moyilligi bilan ajralib turadi. Olimjon Vekov.